Yangiliklar
Xalqaro ekspertlar va soha vakillari yoqilg‘i-energetika majmuasini raqamlashtirish sohasidagi ilg‘or jahon tajribalarini muhokama qildilar
  • 16.06.2021
  • 404

  Joriy yilning 15-iyun kuni Toshkent shahrida Rossiyaning “IKS Xolding” ko‘p tarmoqli AT-guruhi tomonidan va O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi ko‘magida tashkil etilgan “Yoqilg‘i-energetika majmuasini raqamlashtirish sohasidagi ilg‘or jahon tajribalari” mavzusidagi ikki kunlik strategik sessiyada 300 dan ortiq energetika vakillari va mutaxassislar yig‘ildilar. Ekspertlar qatoriga yetakchi xalqaro kompaniyalar vakillari, jumladan “Accenture”, “Rosseti”, “Gazprom Neft” kompaniyalari, shuningdek, O‘zbekiston yoqilg‘i-energetika majmuasining yirik korxonalari: “O‘zbekneftgaz” AJ, “O‘ztransgaz” AJ, “Hududgazta'minot” AJ, “O‘zbekgidroenergo” AJ, “IES” AJ, “O‘zbekiston MET” AJ va “HET” AJ rahbariyati hamda O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri o‘rinbosarlari Behzot Narmatov va Sherzod Xodjaevlar ishtirok etdilar. 

 

  Zamonaviy O‘zbekistonni rivojlantirishning muhim shartlaridan biri bu mamlakat iqtisodiy barqarorligi bo‘lib, bu ko‘p jihatdan energetika sohasining rivojlanishiga bog‘liq. Rossiyaning “IKS Xolding” kompaniyasi ko‘magi bilan energetika sanoatini raqamlashtirish konsepsiyasi ishlab chiqilmoqda. Mazkur chora-tadbirlar sanoatni raqamli o‘zgartirish jarayonining boshlanishi hisoblanadi. Bu iqtisodiyot va aholini energiya resurslari bilan barqaror ta'minlash bo‘yicha belgilangan vazifalarni jadallashtiradi”, – dedi O‘zbekiston Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xodjaev.

 

 

 

  “Biz O‘zbekiston neft-gaz va energetika sohasidagi kompaniyalarning biznes jarayonlarini avtomatlashtirish darajasini chuqur tahlil qilish asosida shakllangan korxonalarni raqamlashtirish bo‘yicha tashabbuslarning dastlabki reestrini taqdim etdik”, – dedi “IKS Xolding” vitse-prezidenti Stanislav Kiselev. – Xususan, muhokama jarayonida u yoki bu yechim qaysi aniq korxonalarda qo‘llanilishini aniqlashni rejalashtirmoqdamiz. Shuni alohida ta'kidlashni istardimki, bir qator loyihalarni amalga oshirish uchun ayrim qonun hujjatlarini tuzatish kerak bo‘ladi va biz bu masalani ham ko‘taramiz. Bundan tashqari, taklif qilingan tashabbuslarni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun kadrlar islohoti va yoshlar bilan faol ishlash zarurdir”.

 

 

 

 Tadbir dasturi ikki – nazariy va amaliy qismni o‘z ichiga oladi. Nazariy qism davomida “Raqamlashtirishning amaliy tajribasi” seminari o‘tkaziladi. Unda eng samarali jahon amaliyotini tahlil qilish amalga oshiriladi. Keyin yig‘ilish ishtirokchilari jamoalarda ishlashni boshlaydilar va funksional yo‘nalishlar nuqtai nazaridan ilg‘or texnologiyalarni muhokama qiladilar. Shuningdek, har bir funksional sohaga tegishli tashabbuslarni ishlab chiqadilar.

Strategik sessiya “IKS Xolding” tomonidan tashkillashtirilgan va O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi faol ishtiroki bilan O‘zbekiston Respublikasining yoqilg‘i-energetika kompleksini raqamlashtirish bo‘yicha 2021 – 2025-yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasi va yo‘l xaritasini ishlab chiqish loyihasi doirasida bo‘lib o‘tmoqda. Loyiha 2021-yil 11-fevralda boshlangan. Shu vaqtga qadar “IKS Xolding” mutaxassislari respublikaning neft-gaz va elektr energetika sohalaridagi kompaniyalarning joriy biznes jarayonlarini tahlil qildilar, 300 dan ortiq ishchi uchrashuvlar va markaziy idoralar va korxonalarga tashrif buyurdilar.

 

 

 

  Ikki kunlik seminarda dunyoning eng yaxshi amaliyotlari reestri ishlab chiqilgandan so‘ng yakuniy hujjatlar shakllantiriladi. Ular O‘zbekiston Energetika vaziri Alisher Sultanov, shuningdek, energetika kompaniyalari rahbarlaridan iborat boshqaruv kengashiga taqdim etiladi. Bundan tashqari, tasdiqlangan tashabbuslar ro‘yxatiga ko‘ra, “IKS Xolding” mutaxassislari yo‘l xaritasini tuzishga kirishadilar. Loyiha 2021-yil oktyabr oyida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.


O‘zbekiston Respublikasi

Energetika vazirligi Matbuot xizmati

✍️ «O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>