Yangiliklar
Tatariston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari ASKUE tizimini joriy etish bo‘yicha olib borilgan ishlar bilan yaqindan tanishdi
  • 18.06.2021
  • 369

  Bugun, 17-iyun kuni Tatariston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari–savdo va ishlab chiqarish vaziri Albert Karimov boshchiligidagi delegatsiya a'zolari “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning “Elektr energiyasini hisobga olishni avtomatlashtirish Markazi”da bo‘lib, bu yerda tashkil etilgan zamonaviy ish jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar.

 


  Ma'lumki, kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Tatariston Respublikasi Prezidenti Rustam Minnixanov o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda mamlakatimiz hududlarining Tatariston bilan o‘zaro manfaatli hamkorligini yanada kengaytirishning amaliy jihatlariga alohida e'tibor qaratildi. Ustuvor yo‘nalishlarda kooperatsiya bo‘yicha qo‘shma loyiha va dasturlarni samarali ilgari surish, xususan qo‘shma industrial park tashkil etish, kimyoviy, metall, elektrotexnika mahsulotlari va turli uskunalar, qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha yuqori texnologik korxonalar barpo etish, qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish,  raqamlashtirish va innovatsion yechimlarni joriy qilish loyihalari shular jumlasidandir.

  Bundan tashqari, turli infratuzilma ob'ektlari sohasini boshqarishni takomillashtirish borasida hamkorlik qilish va shu bunda ilg‘or texnologiyalarni o‘rganish masalalariga ham alohida o‘rin berildi.

  Shu ma'noda, bugun qo‘shni davlat mutasaddilarining Markazga tashrifi ana shunday istiqbolli va o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarining o‘rnatilishidan darak bermoqda.

 


  O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xodjayev hamda Jamiyat Boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Jahongir Obidjonov nufuzli mehmonga Markaz imkoniyatlari haqida gapirarkan, bu yerda dunyoning yetakchi davlatlarida ishlab chiqarilgan server qurilmalari o‘rnatilgani, ulardagi dasturiy ta'minot orqali qariyb 20,0 mln. iste'molchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati mavjudligi haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdi.

 

 
  O‘zaro tajriba almashish maqsadida tashrif buyurgan nufuzli mehmonlar past kuchlanishli elektr tarmoqlariga xizmat ko‘rsatish hamda ASKUE tizimini joriy etishda "Hududiy elektr tarmoqlari" AJ tajribasi alohida e'tirofga loyiqligini qayd etib o‘tdilar.

  Tashrif davomida, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan Samarqand shahrida loyihaning 1-fazasi doirasida yaqinda ishga tushirilgan “KAIFA” rusumli hisoblagichlarga kafolatli bepul yoki pullik xizmat ko‘rsatish, hisoblagich nuqsonlarini bartaraf etish uchun ehtiyot qismlarni boshqarish, ma'lum darajadagi nuqsonlarni tahlil qilish bilan birga, nosoz qurilmalarini shu yerning o‘zida tuzatish imkoni mavjud bo‘lgan Markaz faoliyati haqida ham gapirib berildi.

 

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Matbuot xizmati

   http://minenergy.uz/uz/news/view/1303

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

Telegram kanaliga a'zo bo‘lish uchun  t.me/uzmetaxborotxizmati

>