Yangiliklar
O‘zbekiston va Germaniya energetika sohasidagi sheriklikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar
  • 24.06.2021
  • 288

  Joriy yilning 23-iyun kuni O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida energetika sohasidagi yangi loyihalar bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish masalalari onlayn tarzda o‘tkazilgan “Energetika forumi” davomida muhokama qilindi.

  Konferensiya O‘zbekiston Respublikasining GFRdagi elchixonasi va O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi tomonidan Germaniya sanoat uyushmalari va ishbilarmon doiralari ishtirokida tashkil etildi.

  Forum O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri o‘rinbosari Behzot Narmatov va “Siemens Energy AG” boshqaruv kengashi raisi doktor Kristian Brux boshchiligida bo‘lib o‘tdi.

  “Ta'kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan energetika sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli hozirgi kunda nemis biznesi vakillari bilan energetikaning barcha sohalarida hamkorlikni kengaytirish imkoniyati mavjud”, - dedi B.Narmatov. Germaniya tajribasini inobatga olgan holda, u Germaniya kompaniyalarini qayta tiklanadigan va vodorod energetikasini rivojlantirish bo‘yicha ochiq shartnomaga qo‘shilishga taklif qildi.

  Forum davomida Germaniya ishbilarmon doiralari oldida qayta tiklanuvchi energiya manbalari (QTEM), gidroelektr stansiyalar, issiqlik elektr stansiyalari, neft-gaz va neft-kimyo sohalari kabi yo‘nalishlar bo‘yicha mavjud va yangi loyihalar taqdimotlari namoyish etildi, O‘zbekiston Respublikasida vodorod energetikasini rivojlantirish strategiyasi tasvirlab berildi.

  Forum davomida savol-javob tarzida O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasida yangi loyihalarni integratsiya qilish uchun uzatish tarmog‘ining muvozanatlashtiruvchi kuchi, elektr energiyasi bozorini liberallashtirish bo‘yicha islohotlar holati, vodorod energiyasi va boshqa masalalar muhokama qilindi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida qayta tiklanuvchi energiya manbalari loyihalari bo‘yicha bo‘lajak tender savdolari bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

 Bunday ochiq formatdagi tadbirni o‘tkazish imkoniyati bo‘lganligidan minnatdorchilik bildirgan holda “O‘ylaymanki, men butun nemis biznesi nomidan gapiryapman, biz barchamiz O‘zbekiston boshidan kechirayotgan transformatsiya jarayoni, ya'ni o‘zgarib borayotgan barcha sohalarini kuzatib borishdan manfaatdormiz”, - deydi doktor Kristian Brux.

  Uchrashuv yakunida Germaniya tomoni kelgusi yilda bunday qo‘shma tadbirni tashkil etishdan, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi vodorod energetikasini rivojlantirish strategiyasi va istiqbollarini muhokama qilishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

 

O‘zbekiston Respublikasi

Energetika vazirligi Matbuot xizmati

http://minenergy.uz/uz/news/view/1313

✍️ «O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati
Telegram kanaliga a'zo bo‘lish uchun
 t.me/uzmetaxborotxizmati

>