Yangiliklar
Muqobil energetika tizimlarini amaliyotga tatbiq etish – tabiiy boyliklarni asrashda muhim manba
  • 26.06.2021
  • 765

  Qaror va ijro

  Mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining qariyb 85-90 foizi ko‘mir, tabiiy gaz va boshqa neft mahsulotlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Bunda “Yashil energiya”ning ulushi 10-14 foizdir.

  Internet manbalariga ko‘ra, 2050-yilda jahon aholisi soni 9,8 milliardga yetadi. Bunday demografik o‘sish barcha tizim, jumladan, energetika sohasida ham yechim izlash masalasini qo‘yadi. Qazilma energiya manbalari cheklangan davlatlarda qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanish ana shunday muammolar yechimi bo‘lib xizmat qiladi.

  Misol uchun, quyoshdan energiya olish tabiiy boyliklarni asrashga, insoniyat ehtiyojini qondirishda muhim manba hisoblanadi.

  O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti katta ilmiy xodimi, fizika-matematika fanlari bo‘yicha falsafa doktori Rustam Ashurovning ma’lum qilishicha, quyoshdan kelayotgan radiatsiyaning sayyoramizga tushadigan energiya miqdori o‘rtacha 1.3-1.4 kVt/m2ni tashkil etadi.

  – Atmosferadan kosmosga qaytib ketadigan radiatsiya miqdorini hisobga olmasak, yer yuzasiga o‘rtacha 1 kVt/m2 energiya to‘g‘ri keladi, – dedi R.Ashurov. – Bu energiya sayyoramizning ayni damdagi energiya ehtiyojidan 9 ming marotaba ko‘pdir. Shu sababli, yangi qo‘shilayotgan energiya quvvati an’anaviy energiya emas, balki qayta tiklanuvchi manbalar hisobidan amalga oshirilmoqda. IRENA xalqaro tashkiloti hisobot qilishicha, 2019-yili global energiya ishlab chiqarishda 248,6 GVt qo‘shimcha quvvat qo‘shilgan. Shundan 179 GVt quvvat qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobiga to‘g‘ri keladi. Bu jahon bo‘ylab umumiy qo‘shilgan energiyaning 72 foizi deganidir. Va shundan 90 foizi – quyosh va shamol energiyasi. Xususan, quyosh energiyasi 2019 yilda 97 GVt quvvatga ortgan. So‘nggi 10 yillikda qo‘shilib borayotgan qayta tiklanuvchi energiya manbalarining turlar bo‘yicha ulushi evolyutsiyasini qaraydigan bo‘lsak, quyosh energetikasi qo‘shilayotgan energiya quvvatida eng tez o‘sayotgan qayta tiklanuvchi energiya sanaladi. Bunga asosiy sabab sifatida quyosh energetikasi qurilmalarining kichik masshtabda ham rentabelli bo‘la olishi va sohaga texnologik innovatsiyalar doimiy tatbiq qilinishini ko‘rsatish mumkin.

  O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 22-avgustdagi “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mamlakatimizda mazkur yo‘nalishni rivojlantirishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

  Ushbu talablar asosida O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari salmog‘ini 2030-yilgacha 25–30 foizgacha oshirishi strategik rejasi ishlab chiqildi.

  Keling, avvalo, qayta tiklanuvchi energiya manbalari nimalardan iborat ekaniga to‘xtalaylik. Atrof-muhitda tabiiy holda qayta tiklanuvchi quyosh, shamol energiyasi, yer harorati, suv oqimlarining tabiiy harakati va biomassa energiyasi ushbu manbalarga kiradi. Keyingi paytda quyosh energiyasidan foydalanish samarali natijalar berayotgani tufayli ko‘pgina mamlakatlarda quyosh elektr stansiyalarini qurishga harakat qilinayotgani fikrimiz isbotidir.

  Vazirlik tomonidan ishlab chiqilgan strategik rejaga ko‘ra, qayta tiklanuvchi energiya hissasini oshirish maqsadida mamlakatimizda bir qator investitsiya loyihalarini amalga oshirish ishlari boshlangan.

  Energetika vazirligi tizimida faoliyat yuritayotgan «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati aholi, ijtimoiy soha ob’ektlari, yirik sanoat korxonalari va o‘rta va kichik biznes vakillarni sifatli elektr energiyasi bilan ta’minlashning ishonchliligini oshirishga qaratilgan loyihalashtirish-hujjatlashtirish, qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish bilan shug‘ullanadi. Mazkur jamiyatning qayta tiklanuvchi energiya manbasi, xususan, quyosh elektr stansiyalari loyihalarini amaliyotga tatbiq etishda alohida o‘rni bor.

  Yurtimizda «yashil energiya»ga doir investitsion loyihalar haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, Navoiy viloyati Karmanada 100 megavatt quvvatli quyosh elektr stansiyasini qurish loyihasi ilk qadamdir. Xalqaro moliya korporatsiyasining texnik ko‘magida «Navoiy viloyatining Karmana tumanida quvvati 100 MVt bo‘lgan quyosh elektr stansiyasini qurish» bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro tenderda Birlashgan Arab Amirliklarining «Abu Dhabi Future Energy Company – Masdar» kompaniyasi, g‘olib deb topildi. Mazkur elektr stansiya respublikamizda davlat-xususiy sherik tamoyili asosida ishga tushiriladigan ilk loyiha.

  – 2019-yil 8-noyabr kuni «Abu Dhabi Future Energy Company – Masdar» kompaniyasi «O‘zbekiston MET» AJ bilan «Elektr energiyasini sotib olish» hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan «Investitsiya» kelishuvlarini imzoladi, – dedi «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisining matbuot kotibi — axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchi Ulug‘bek Urunov. – Buning asnosida «Nur Navoi solar» MCHJ HK loyiha kompaniyasi tashkil qilindi. Loyihaning qiymati 110 million dollarga teng bo‘lib 100 foiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hisobiga amalga oshiriladi. Elektr stansiyada yiliga 260 million kVt/s elektr energiyasi ishlab chiqarilishi kutilmoqda. Uskuna va texnologiyalar Xitoy Xalq Respublikasining 5 ta yirik kompaniyasi (JA Solar, Trina Solar, Huawei, Xian XD Transformer, CHINT Electric) tomonidan O‘zbekiston Respublikasiga keltirilgan. Bosh pudratchi Xitoy Xalq Respublikasining «SEPCO III» kompaniyasi qurilish maydonidagi barcha ishlarni yakunlamoqda. 2021-yilning iyul oyida to‘liq ishga tushirilishi mo‘ljallangan quyosh fotoelektr stansiyasi Navoiy viloyati aholisining elektr ta’minoti yaxshilash, yirik sanoat korxonalari, o‘rta va kichik biznes vakillarining ishlab chiqarish hajmini oshirishga xizmat qiladi.

  Prezidentimizning 2019-yil 22-avgustdagi qarori bilan qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini ishlab chiqaruvchilar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sanadan e’tiboran besh yil muddatga soliqning barcha turlarini to‘lashdan, qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatganlik uchun ular foydalanishga topshirilgan paytdan e’tiboran 10 yil muddatga mol-mulk solig‘ini hamda ushbu qurilmalar bilan band bo‘lgan uchastkalar bo‘yicha yer solig‘ini to‘lashdan ozod etilishi nazarda tutilgan. Shu bilan birga, bu borada bir qator kompensatsiya va imtiyozlar berilgan.

  Albatta, bunday qulayliklar quyosh elektr stansiyalarini qurish va uskunalarni ishlab chiqaruvchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Ilk bor ularning tashabbuslarini huquqiy jihatdan davlat tomonidan kafolatlashi bilan bog‘liqdir.

  Bugungi kunda Samarqand viloyatining Nurobod tumanida davlat-xususiy sherik tamoyili asosida 100 MVt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyasini qurish ishlari boshlangan. Loyihani amalga oshirish uchun olib borilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar natijasida 2019-yil 13-sentabrda Fransiyaning «Total Eren SA» kompaniyasi «O‘zbekiston MET» AJ bilan «Elektr energiyasini sotib olish» hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan «Investitsiya» kelishuvlarini imzoladi. Loyiha doirasida «Tutli solar» MCHJ HK loyiha kompaniyasi tashkil etildi.

  «O‘zbekiston MET» aksiyadorlik jamiyati Mustaqil elektr energiyasini ishlab chiqaruvi korxonalar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Akmal Abbosov ma’lumot berganidek, 2020-yil 7-yanvarda mazkur loyihaga taalluqli «Atrof-muhitga ta’siri to‘g‘risida hisobot» ishlab chiqilib, Davlat ekologiya qo‘mitasining ekologik ekspertiza bo‘yicha ijobiy xulosasi olindi. Xalqaro standartlarga mos tayyorlangan hujjatlar asosida 2021-yil 10-mayda loyihani moliyalashtiruvchi kreditorlar bilan (YeTTB, YeIB, Proparko) kelishuvlar imzolandi.

  – Samarqand viloyatida quvvati 100 MVt bo‘lgan fotoelektrik stansiyani qurish ham galdagi loyiha bo‘lib, uning umumiy qiymati 100 million dollarga tengdir, – dedi Akmal Abbosov. – Loyiha investor tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyalashtirilishi nazarda tutilgan. 2020-yilning mart oyida «Metka» (Gretsiya) kompaniyasi bosh pudratchi etib tanlandi. Hozir «Metka» kompaniyasi elektr stansiyaning umumiy, elektrotexnik va mexanik jihozlarini o‘rnatish ishlarini olib bormoqda. 2021-yil oktyabr oyida ilk generatsiya quvvati yagona elektr-tarmoqqa uzatiladi. Mazkur quyosh elektr stansiyasi 2021-yilning to‘rtinchi choragida foydalanishga topshiriladi.

  Bu ishlar davomiyligida davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida Surxondaryo viloyatining Sherobod, Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on va Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanlarida quyosh elektr stansiyalarini qurish harakatlari boshlangan.

  2020-yil 1-choragida Osiyo taraqqiyot bankining texnik ko‘magida Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida quvvati 200 MVtdan kam bo‘lmagan quyosh fotoelektr stansiyasini qurish va Xalqaro moliya korporatsiyasining texnik ko‘magida Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumani hamda Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida har birining quvvati 200 MVtdan kam bo‘lmagan quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish uchun potensial kompaniyalar o‘rtasida tanlov e’lon qilindi. 2021-yilning may oyi natijalariga ko‘ra, yana Birlashgan Arab Amirliklarining «Abu Dhabi Future Energy Company – Masdar» kompaniyasi, g‘olib deb topildi.

  O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: bu loyihalar amalga oshgach, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining qancha qismi quyosh elektr stansiyalari hissasiga to‘g‘ri keladi?

  Yuqori ta’kidlab o‘tilgan loyihalar 8 foiz elektr manbasini ishlab chiqarish imkonini beradi. Yana bu borada rejalashtirilayotgan loyihalar sabab quyosh elektr stansiyalarining hissasi 2025-yilga qadar 2350 MVt va 2030-yilga qadar 5000 MVtni tashkil etadi. Bunda umumiy ishlab chiqariladigan elektr energiyasining 20 hamda 25 dan ortiqrog‘i aynan quyosh elektr stansiyalari ulushiga to‘g‘ri keladi.

  – Joriy yilda O‘zbekiston tarixida birinchi marotaba 200 magavattli quyosh elektr stansiyasi ishga tushiriladi, – dedi Energetika vazirligi matbuot xizmati mutaxassisi Obidjon Dilmurodov. – Navoiy viloyatining Karmana tumani 100 megavattli va Samarqand viloyatining Nurota tumanida 100 mevagattli quyosh elektr stansiyalari foydalanishga topshiriladi. Buni quyidagi izohlash mumkin: ishlab chiqarilgan 200 MVt elektr energiyasi o‘rtacha o‘nta tumanni elektr energiya bilan ta’minlab beradi. Navoiy, Samarqand, Surxondaryo va Jizzax viloyatlarida beshta loyihalarning elektr energiya ishlab chiqarish hissasi 8 foiz tashkil etadi.

  Xulosa o‘rnida aytish joizki, ushbu loyihalar mamlakatimizda «yashil energiya» salmog‘ini yuksaltirishga qo‘yilgan ilk sa’y-harakatlar hisoblanadi. Muhimi, quyosh energetikasi ishlab chiqarilgan energiya narxi bo‘yicha an’anaviy energetika bilan raqobatbardosh bo‘lishga erishgani mamlakatimizda muqobil energetika, xususan, quyosh elektr stansiyalarini ham joriy etishga yanada ishonch yarata oldi. Muqobil energetika, xususan, quyosh fotoelektrik tizimlarini amaliyotga tatbiq etish energiya samaradorligi madaniyatining shakllanishi va maishiy hayotda tejamkor texnika-texnologiyalar ommalashuvida muhim qadamdir.

  Nasiba ZIYODULLAYEVA,

  O‘zA muxbiri

  https://uza.uz/oz/

✍️ «O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>