OAV va jamoatchilik bilan ishlash
Buxorolik yosh energetiklar tomonidan mo‘jaz kutubxona tashkil etiladi
  • 16.07.2021
  • 409

  “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ “Buxoro magistral elektr tarmoqlari” filialida  “Kitobxonlik haftaligi”  tadbirlari doirasida, buxorolik yosh energetiklar tomonidan, barcha karantin qoidalariga rioya qilgan holda, uchrashuv tadbiri uyushtirildi. Aniqrog‘i, “Buxoro MET” filiali Yoshlar Ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti a'zolariga Buxoro shahrida joylashgan Abu Ali Ibn Sino nomidagi Buxoro viloyat Axborot kutubxona markazi xodimlari tashrif buyurib, bir nechta milliy va jahon adabiyoti namoyandalari asarlari chop etilgan kitoblar ko‘rgazmasi tashkil etib berishdi.

 

  Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad — yoshlar o‘rtasida mamlakatimizning boy tarixini, uning betakror madaniyati va milliy qadriyatlarini keng targ‘ib qilish, jahon ilm-fani va adabiyoti yutuqlarini yetkazish uchun zarur muhit va shart-sharoit yaratish, bunda yoshlar va aholining keng qatlamlari o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, shu o‘rinda hammamiz uchun ayni paytda juda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan masala, ya'ni kitobxonlikni targ‘ib etish va yoshlarimizning kitobga bo‘lgan muhabbatini, ularning ma'naviy immunitetini yanada oshirishga qaratilgan ishlarimizni yangi bosqichga olib chiqishdan iborat.

  Ko‘rgazmali uchrashuv davomida so‘zga chiqqan “Buxoro MET” filiali xodimlar bilan ishlash bo‘limi muhandisi G.Ro‘zieva: «Kitobsiz — ilmsiz kelajak yo‘k!» deya ma'naviy barkamol avlodni tarbiyalash masalasiga aloxida to‘xtalib o‘tdi, ma'naviy tarbiyaning asosini kitob tashkil etishini alohida ta'kidladi.

 

 

  Mashhur fransuz faylasufi Frans Bekon «Kitoblar tafakkur durdonalarini avloddan-avlodga eltuvchi aql kemalaridir» deb bejiz aytmagan. Zero, kitob aqlni charxlaydi, tafakkur bulog‘ini ochadigan va uni ilhomlantiradigan buyuk mo‘jizadir», deb yosh energetiklarga murojaat qildi muhandis.

  Tadbir davomida yosh xodimlar tomonidan buyuk shoirimiz Alisher Navoiy g‘azallaridan mutolaa qilindi. Bundan tashqari, hozirda mashhur san'atkor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Sevara Nazarxon tomonidan qo‘shiq qilib kuylangan, O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusufning «Ulug‘imsan, Vatanim» she'ri yoddan aytildi.


Men dunyoni nima qildim.
O‘zing yorug‘ jaxonim,
O‘zim xoqon, o‘zim sulton –
Sen taxti sulaymonim.
Yolg‘izim, yagonam deymi?
Topingan koshonam deymi?
O‘zim mening ulug‘lardan,
Ulug‘imsan, Vatanim…

 Tadbir so‘nggida, “Buxoro MET” filiali Yoshlar ittifoki kengashi yetakchisi F.Jumaev: «Kitoblarni o‘qib o‘rganish bilan birga o‘zimizdan keyingi avlodlarga yetkazib qoldirishga ham o‘z hissamizni qo‘shmog‘imiz darkor. Men istardimki, barchamiz kutubxonamizni o‘zimiz sevgan kitoblar bilan boyitib borsak, bu ezgu ishga o‘zimiz va barcha ziyolilarni, ota-onalarimizni hamda jamoat tashkilotlari, homiylarni ham jalb etsak, maqsadga muvofiq ish bo‘lar edi. Umrimiz davomida ezgu maqsadlarimizni amalga oshirishga siz-u bizga madadkor bo‘ladigan aziz kitobni doimiy ravishda hayotimiz hamrohi deb bilaylik. Xoh oilamizda bo‘lsin, xoh korxonamizda mo‘jazgina kutubxona tashkil etaylik! Oilamizda va korxonamizda ma'naviy muhitni yanada sog‘lomlashtiraylik!» deya o‘rtaga taklif tashladi.

https://t.me/uzmetaxborotxizmati/7602

  Yoshlar Ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti yetakchisining tashabbus va taklifi buxorolik yosh energetiklarga ma'qul keldi. Endi yoshlar tomonidan kichik kutubxona tashkil etiladi. Bundan tashqari, o‘qib o‘rganilgan kitoblar mazmuni bo‘yicha o‘z taassurotlarini bayon qilish va uni tengdoshlariga estafeta sifatida oshirish — #kitobxon yosh energetik — kitobxonlik chellenji o‘tkaziladigan bo‘ldi.

Hurmat bilan,

✍️ “Buxoro magistral elektr tarmoqlari” filiali Yoshlar Ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti a'zolari


 «O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

 t.me/uzmetaxborotxizmati

 

>