Yangiliklar
220 kV kuchlanishli «Quyi-Mozor» podstansiyasida T-4 va T-2 avtotransformatorlari ishga tushirildi
  • 26.07.2021
  • 424

  Ma'lumki, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi bir nechta yuqori kuchlanishli podstansiyalarda «Jahon banki ishtirokida magistral elektr tarmoqlari podstansiyalarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish» investitsiya loyihasiga muvofiq yirik qurilish-montaj, modernizatsiya-rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda.

 

  Kuz-qish mavsumi oldidan «Buxoro magistral elektr tarmoqlari» filiali tarkibidagi 220 kVli «Quyi-Mozor» podstansiyasida filial texnik ishchi-xodimlari hamda «Turonelektromontaj» AJ korxonasi quruvchilari tomonidan, 2021-yilda “Janubi-g‘arbiy hududidagi podstansiyalarda elektr jihozlarni modernizatsiya qilish” loyihasining tarmoq-jadval rejasiga muvofiq, 63 MVA quvvatga ega yangi T-4 avtotransformatori o‘rnatilib, ishga tushirildi.

  Bundan tashqari, 2021-yilda ma'nan va jismonan eskirgan 220/110/6 kVli T-2 avtotrasformatori, Xitoy Xalq Respublikasidan keltirilgan zamonaviy 63 MVAli avtotransformatorga almashtirildi va ishga tushirildi. Aniqrog‘i, modernizatsiya-rekonstruksiya ishlari muvaffaqiyatli yakunlangandan so‘ng yangi avtotransformator 72 soat davom etadigan sinov rejimiga qo‘yildi.

 

 

  Bu amaliyotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad, podstansiyada mavjud bo‘lgan quvvatni yanada oshirish, tizimning barqaror faoliyati hamda moslashuvchanligini yaxshilash, nasos stansiyalarini elektr ta'minotining ishonchli va sifatli ishlash darajasini oshirish, aholi, ijtimoiy soha hamda ishlab chiqarish ob'ektlarini muntazam va sifatli elektr energiya bilan ta'minlashdan iboratdir.

  Yuqorida qayd etilgan qilingan ishlar, Buxoro viloyatining Kogon, Vobkent, G‘ijduvon, Shofirkon va Peshku tumanlari aholisi, shuningdek, suv xo‘jaligi hamda sanoat tarmoqlarini elektr energiya ta'minoti ishonchliligini oshirib, o‘tkazuvchanlik quvvatini oshirdi.

  «Buxoro magistral elektr tarmoqlari» filiali


 «O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

 t.me/uzmetaxborotxizmati

>