Yangiliklar
Ishni jamoa bajaradi, masʼuliyat esa shaxsiy!
  • 28.07.2021
  • 536

  Joriy yil 10-fevralda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-6166-son Farmonni imzoladi.

  Shu oʻrinda haqqoniy savol tugʻiladi: oʻtgan besh oy davomida qanday oʻzgarishlar yuz berdi va bu borada qanday dastlabki natijalarga erishildi? Shu munosabat bilan “Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari bosh muharriri Vazirlar Mahkamasi apparatining boshqaruvchisi R.V. Abduqodirov bilan suhbatlashdi.

  Farmon ijrosini tashkil etish

  — Mamlakatimiz Prezidentining mazkur Farmonlarida belgilangan vazifalar va talablarni amalga oshirish boʻyicha ­bajarilgan ishlarning dastlabki natijalari haqida soʻzlab bersangiz.

  — Maʼlumki, gazeta sahifalarida mamlakatimiz Prezidentining shu yil 10-fevraldagi PF-6166-son Farmonlarida belgilangan talablarga muvofiq, Adliya, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish, Moliya, Transport, Investitsiyalar va tashqi savdo, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish, Xalq ­taʼlimi vazirliklari, Davlat soliq qoʻmitasi, ­Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va Samarqand viloyati hokimligi boshqaruv organlari tizimlarida birinchi navbatdagi chora-tadbirlarning amalga oshirilishi qanday kechayotgani toʻgʻrisida batafsil materiallar chop etildi.

  Davlatimiz Rahbarining oʻz ahamiyatiga koʻra dolzarb boʻlgan mazkur Farmonlari qabul qilinganiga ham besh oy boʻldi. Shu davr ichida qanday muayyan ishlar amalga oshirildi? Birinchi va eng muhimi — Farmonda belgilangan vazifalarning mazmun-mohiyati, ahamiyatini davlat va xoʻjalik boshqaruvining har bir organi, shuningdek, barcha darajalardagi hokimliklar rahbarlari va mutaxassislariga ­yetkazish hamda tushuntirish boʻyicha kompleks ­amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqilib, amalga oshirilmoqda.

  Ikkinchi — vazirlar, Hukumatning boshqa aʼzolari, xoʻjalik birlashmalari rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimlarining bevosita ishtirokida maxsus seminarlar oʻtkazildi. Ularda tarmoq va hududiy boshqaruv organlarining, shuningdek, viloyatlar, respublika shaharlari hamda tumanlari hokimliklarining
15,0 mingga yaqin rahbarlari va mutaxassislari ishtirok etdi. Ushbu seminarlar davomida 300 dan ortiq savol tushdi va ularning har biriga Vazirlar Mahkamasi tomonidan alohida yozma javoblar yuborildi.

  Uchinchi — Vazirlar Mahkamasining tarkibiy boʻlinmalarida vazirliklar, idoralar va respublikaning barcha darajalardagi hokimliklari nazorat-tahlil boshqarmalari, boʻlimlari va guruhlari rahbarlarining stajirovkasi boshlandi. Oʻtgan vaqt ­davomida davlat boshqaruvining 42 ta ­organi va 128 ta tuman va shahar hokimliklarining 186 nafar rahbar hamda mutaxassislari stajirovkadan oʻtdi. Yaqin oylarda bu ishlar nihoyasiga yetkaziladi.

  Toʻrtinchi — tarmoq va hududiy boshqaruv organlarining markaziy apparatlari ­rahbarlari hamda mutaxassislarining professional oʻqishini tashkil qilish va oʻtkazish ishlari boshlandi. ­Masalan, ­Vazirlar Mahkamasi apparatida adliya ­vaziri R.Davletov, iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirining birinchi ­oʻrinbosari S.Xolxoʻjayev, ­Markaziy bank raisining oʻrinbosari B.Hamrayev, ­Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ­direktori ­A.Burxonov va boshqa rahbarlar dolzarb ­masalalar ­boʻyicha maʼruza qildi.

  Tizimli vazifalarni “...ertaga va ertadan keyin emas, balki aynan bugun” amalga oshirish zarur

  — Siz Mamlakatimiz Prezidentining ushbu Farmonlarining masʼul ijrochilari bilan bevosita bogʻliq boʻlgan reglamentga doir muhim masalalarni qayd etdingiz. Ayting-chi, amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning dolzarblik nuqtayi nazaridan qanday dastlabki natijalarga erishildi?

  — Mamlakatimiz Prezidenti, Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi rahbariyati va apparati, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, Qoraqalpogʻiston ­Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari diqqat markazida quyidagi tizimli vazifalarni amalga oshirish turibdi:

  — mamlakatimiz Prezidenti tomonidan respublika hududlariga tashriflar va aholining keng qatlamlari bilan muloqotlar chogʻida belgilangan tizimli vazifalarni oʻz vaqtida, toʻliq va samarali amalga oshirishga doir kompleks ­chora-tadbirlarni qabul qilish bu boradagi ishlarning asosiy, muhim va ustuvor yoʻnalishidir.

  Bugungi kunda ushbu muloqotlarni hech bir mubolagʻasiz “xalq minbari” deb atash mumkin. Ushbu “minbar”da rahbarlarning soʻz va ish birligi, Davlatimiz Rahbarining hujjatlari va topshiriqlari ijrosining aniq natijalari tekshirilib, “...ertaga va ertadan keyin emas, balki aynan bugun...” hal etishni talab qiladigan kamchiliklar va muammolar ochib berilmoqda.

  “Ijro.gov.uz” tizimining vazirlik (idora) → hokimlik → Adliya vazirligi → Vazirlar Mahkamasi → Hisob palatasi → Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi “texnologik zanjiri”da respublika hududlari boʻyicha 74 ta topshiriqlar protokoli doimiy nazoratda turibdi. 10506 ta topshiriqning bugungi kunda 8703 tasi toʻliq bajarildi, qolganlari esa amalga oshirilmoqda.

  Misol uchun, mamlakatimiz Prezidentining 18 va 19-mart kunlari Toshkent viloyatiga tashrifi yakunlari, xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdan tashqari sessiyasidagi maʼruzalari va kelib tushgan takliflar boʻyicha qabul qilingan Protokolning 216 ta topshirigʻidan bugungi kunda viloyat tumanlari va shaharlarining 76 ta tizimli vazifalari amalga oshirildi. Viloyatni rivojlantirishga doir ustuvor vazifalarni amalga oshirish boʻyicha tizimli ishlarni taʼminlash uchun viloyat, shaharlar va tumanlar hokimliklari rahbarlari va mutaxassislari bilan bir haftalik seminar oʻtkazildi.

  Tadbirkorlik, shu jumladan, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, viloyat va Nurafshon shahrining muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yangilash, yoshlar sanoat zonalarini tashkil qilish, ­“Mahallabay” tizimining ishlashini takomillashtirish va boshqa yoʻnalishlar boʻyicha Davlatimiz Rahbarining va respublika ­Hukumatining qarorlari puxta ishlab chiqilib, qabul qilindi. Davlat tomonidan yordam koʻrsatish maqsadida Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan 100,0 million AQSH dollari miqdorida imtiyozli kreditlar ajratildi;

  tezkor, oʻrta muddatli va istiqbolli vazifalar boʻyicha davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlarining ­Davlatimiz Rahbari huzurida hisobot berishi nazorat-tahliliy ishlarning muhim jihati hisoblanadi. Ushbu hisobotlar rahbarlarning professional yetukligi va oʻz ishini bilishi yuzasidan, ularni shaxsiy masʼuliyat ruhida tarbiyalash uchun jiddiy imtihon hisoblanib, tizimli kamchiliklarga prinsipial baho berishning, shuningdek, ham iqtisodiyot tarmoqlarini, ham respublika hududlarini kompleks rivojlantirish boʻyicha eng maqbul va samarali yechimlarni ishlab chiqishning chinakam “akademiyasi”ga aylandi.

  Oʻzingiz baho bering. Bugungi kunda 228 ta protokol boʻyicha 9364 ta nazoratdagi topshiriqlar amalga oshirildi. Joriy yilning oʻtgan oylarida “Obod qishloq va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish, kon-metallurgiya sanoatini va turdosh tarmoqlarni, gaz-transport tizimi va xizmatlar sohasini, qurilish materiallari sanoatini va mahalliy sanoat korxonalarini rivojlantirish masalalari puxta muhokama qilindi va ular boʻyicha aniq chora-tadbirlar koʻrildi. Davlat aktivlarini xususiylashtirish, yer munosabatlari, davlat xaridlari, uy-joy qurilishi va kommunal xizmat koʻrsatish, onkologiya va gematologiya sohasida tibbiy xizmatlar koʻrsatish tizimini tubdan takomillashtirish, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar koʻlamini kengaytirish va ularni yangi mazmun bilan boyitish masalalari diqqat markazida turibdi;

  — navbatdagi tizimli vazifa — bu qabul qilingan qonunlar, Oʻzbekiston ­Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi hujjatlari ijrosini maqsadli oʻrganish, bu borada tashkiliy va uslubiy yordam berish. Joriy yilning 1-iyul holatiga koʻra, Davlatimiz Rahbarining 3657 ta hujjatlari nazoratda turibdi, 25555 ta topshiriq bajarilgan.

  Respublika Oliy Majlisi har ikkala palatasining yalpi majlislarida Hukumatning “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturining amalga oshirilishi toʻgʻrisidagi hisobotlari eshitildi. 2021-yilning oʻtgan davri mobaynida 15 ta qonunning, shu jumladan, “Aholi bandligi toʻgʻrisida”, “Fan va ilmiy faoliyat toʻgʻrisida”, “Elektron hukumat toʻgʻrisida”, “Maxsus iqtisodiy zonalar toʻgʻrisida”, “Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”, “Energiyadan oqilona foydalanish toʻgʻrisida”, “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonliklardan himoya qilish toʻgʻrisida”, “Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni taʼminlash toʻgʻrisida”gi qonunlarning ijrosi tanqidiy va har tomonlama oʻrganildi.

  Tahlillar yakunlari boʻyicha Andijon va Samarqand viloyatlari, Qorakoʻl, Bagʻdod, Qarshi, Yakkabogʻ, Xonqa, Zarbdor va Shovot tumanlari hokimliklari, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, “Toshshahartransxizmat” AJ rahbarlari ishi natijadorligiga prinsipial baho berildi;

  Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlislarida Davlatimiz Rahbarining 27 ta farmoni va qarorlarining nazoratdagi topshiriqlari oʻz vaqtida, toʻliq bajarilishi va natijadorligi tanqidiy va har tomonlama tahlil qilindi. “Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”, “2020-2030-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirish strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”, “Qishloq xoʻjaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni tashkil etishni yana-da jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”, “Taʼlim va tarbiya tizimini yana-da takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”, “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatida prinsipial jihatdan yangi mexanizmlarni joriy etish va sogʻliqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini yana-da oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi hujjatlar shular jumlasidandir;

  tarmoqlarda amalga oshirilayotgan bir qator vazifalar boʻyicha innovatsion ­rivojlanish vaziri I.Abdurahmonov, qurilish vaziri B.Zakirov, mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri R.Mamatov, qishloq xoʻjaligi vaziri J.Xodjayev, bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N.Xusanov, xalq taʼlimi vaziri Sh.Shermatov, Davlat geologiya qoʻmitasi raisi B.Islomov, Davlat soliq qoʻmitasi raisi Sh.Kudbiyev, “Oʻzstandart” agentligi bosh direktori D.Sattorovning hisobotlari eshitildi.

  Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada ishlarning holatini tanqidiy tahlil qilish bilan birga barcha darajalardagi hokimliklar rahbarlarining shaxsiy masʼuliyatini oshirishga alohida eʼtibor berilmoqda. Andijon, Buxoro, Jizzax, ­Navoiy, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Toshkent viloyatlari, bir qator shaharlar va tumanlar hokimliklari rahbarlari mahallalarda, xotin-qizlar oʻrtasida va chet eldagi mehnat migrantlari bilan ishlarni kuchaytirish, aholini, ayniqsa, yoshlarni arzon uy-joy bilan taʼminlash, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilayotgan muammolarni hisobga olish va hal etish, yolgʻiz, keksa va nogiron shaxslarga har tomonlama koʻmaklashish kabi muhim sohalarda ular tomonidan koʻrilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligi toʻgʻrisida hisobot berdilar.

  Qatʼiy ijro intizomini mustahkamlash, barcha darajalardagi rahbarlarning ular boshchilik qilayotgan sohalar va hududlarda mehnatning pirovard natijalari uchun shaxsiy masʼuliyatini oshirishning sanab oʻtilgan va boshqa shakllari va usullari, doimiy ravishda yangi zaxiralarni izlash hamda moddiy, mehnat va moliyaviy resurslardan yuqori darajada samarali foydalanish koʻp jihatdan joriy yilning I yarim yilligida, soʻzsiz, barqaror iqtisodiy oʻsish koʻrsatkichlariga erishish imkonini berdi.

  Shu bilan birga, davlat va jamiyat hayotida faqat koʻrsatkichlar va statistik maʼlumotlar bilan baholash juda murakkab boʻlgan sohalar ham mavjud, chunki ular bebaho qiymatga va oʻzgarmas ahamiyatga ega. Bular — fuqarolarimizning tinch hayoti, jamoat tartibining barqarorligi, Davlatimiz Rahbarining aholining istisnosiz barcha toifalari, ayniqsa, keksa fuqarolar, ayollar, yoshlar va bolalarga diqqat-eʼtiborlari va gʻamxoʻrliklari, ularning barcha rahbarlarga nisbatan, lavozimidan qatʼi nazar, oʻziga ishonib topshirilgan vazifada “temir intizomning” yuqori darajasini, shaxsiy masʼuliyat va teran anglangan fidoyilikni taʼminlash borasidagi doimiy talabchanliklari.

  Mamlakatimiz Prezidentining hujjatlari va shaxsiy tashabbuslari amalda oʻz ifodasini topayotgani, Yoshlar kunining keng nishonlanishi hech bir mubolagʻasiz, katta avlod vakillari, otalar va onalar, ayniqsa, koʻp millionli yoshlarning qalbidan chuqur oʻrin olib, ularga gʻurur-iftixor bagʻishlaganining ishonchli va yorqin tasdigʻidir. Bu esa, Davlatimiz Rahbari tomonidan ­Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti yoshlar harakati sardori boʻlgan vaqtlardayoq mustahkam poydevori qoʻyilgan gʻoyalar va tashabbuslarning mantiqiy davomi boʻldi.

  Yangi Oʻzbekiston va uning haqiqiy rahnamosi uchun samimiy quvonch, zavq-shavq va gʻurur koʻz yoshlari nafaqat farzandlik tashakkurini, balki yoshlarimizning oʻz kelajagiga boʻlgan qatʼiy ishonchini namoyon qildi. Uchrashuvlar chogʻida yigit-qizlarimiz bilan samimiy suhbatlar, ularning tashabbuslari qoʻllab-quvvatlanishi, otalarcha berilgan pand-nasihatlar, davlat mukofotlarining topshirilishi maktablar, kollejlar, litseylar oʻquvchilari va oliy oʻquv yurtlari talabalari, yosh tadbirkorlar, Tokio shahridagi Olimpiadada ishtirok etayotgan sportchilar, shuningdek, ilm-fan, madaniyat va sanʼat vakillariga koʻtarinkilik ruhini bagʻishlashi va ular uchun kuchli ragʻbat boʻlishi shubhasizdir.

  Yuqoridagilarning barchasi, eng avvalo, Yangi Oʻzbekistonni jadal rivojlantirish, har bir mahalla va oiladagi farovonlik, aholining barcha toifalari hayot darajasi va sifatini yana-da oshirish, mamlakatimizning xalqaro hamjamiyatda haqli ravishda oʻzining munosib oʻrnini egallashi uchun zarurdir.

  Tarmoq va hududga “mutasaddilik qilish emas”, balki funksional vazifalar va vakolatlarni samarali bajarish

  — Yaqinda mamlakatimiz Prezidentining davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlarining oʻrinbosarlari, shuningdek, hududlar hokimlari oʻrinbosarlarining masʼuliyatini oshirish bilan bogʻliq ikkita qarori qabul qilindi. Davlatimiz Rahbarining ushbu hujjatlarida rahbarlarga nisbatan qanday yangi vazifalar va talablar nazarda ­tutilgan?

  — Kechirasiz, Sizning savolingizda bugungi sharoitlarda boshqaruv sohasidagi oʻta muhim bir jihatga eʼtibor berilmadi. Bu — davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlarining har bir oʻrinbosari, shuningdek, hududlar hokimlari oʻrinbosarlarining ish samaradorligini pirovard mehnat natijalari boʻyicha shaxsan baholash tizimini ishlab chiqish va joriy qilishdir. Shuni alohida taʼkidlash lozimki, endi “mutasaddilik” degan yuzaki tushuncha kun tartibidan chiqarildi va bu borada yakuniy ish natijalari uchun har bir rahbarning shaxsiy masʼuliyati qatʼiy belgilanmoqda.

  Joriy yil 12-mayda 2021-yilning I choragida mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari toʻgʻrisidagi masalalarga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida mamlakatimiz Prezidenti unda ishtirok etgan barcha birinchi rahbarlar uchun kutilmaganda kadrlar va, avvalambor, boshqaruv organlari va hokimliklar rahbarlarining barcha oʻrinbosarlari shaxsiy masʼuliyatiga alohida eʼtibor qaratdilar. Aksariyat ­rahbarlar uchun bu kutilmagan holat boʻldi.

  Tarixdan bizga “Kadrlar hamma narsani hal qiladi” degan soʻzlar juda yaxshi maʼlum. Bu tom maʼnoda bugun ham oʻta dolzarbdir. ­Biroq bugungi sharoitlarda Yangi Oʻzbekistonni qurish va jamiyatni demokratlashtirishning serqirra muammolarini hal etishda Oʻzbekiston ­Respublikasi Prezidentining asosiy va mustahkam prinsiplaridan biri boʻlgan “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak!” degan ezgu gʻoyalarini barcha joyda hayotga tatbiq etish bilan bir qatorda “Ishni ­jamoa bajaradi, masʼuliyat esa shaxsiy!” degan mutlaqo yangi vazifa ham kun tartibga qatʼiy qoʻyilgan. Ushbu muhim talabning asosiy sabablari nimalardan iborat? Buning uchun qarorlar matniga murojaat qilamiz.

  Birinchi — Davlatimiz Rahbari tomonidan shu yil 28-maydagi yigʻilishda rahbarlar oʻrinbosarlarini turli lavozimlarga tayinlash uchun munosib nomzodlarni tanlash, oʻrganish va tavsiya qilish boʻyicha ishlar yetarlicha tizimli yoʻlga qoʻyilmaganligiga alohida eʼtibor qaratildi. Ikkinchi muammo — bu ularni tarbiyalash, shakllantirish va shaxsan har bir rahbarga biriktirilgan sohada samarali natijalarni taʼminlash boʻyicha baʼzan uzoq vaqt talab qiladigan jarayondir.

  Ikkinchi — afsuski, ushbu ikkita qaror qabul qilingunga qadar koʻplab normativ hujjatlar orasida rahbarning har bir oʻrinbosarining vazifalari, funksiyalari, majburiyatlari va vakolatlari aniq, tiniq va tushunarli belgilab berilgan tartibga soluvchi yagona hujjat yoʻq edi. Normativ baza boʻlmasa, ishning pirovard natijalari uchun shaxsan talab qilish imkoniyati ham yoʻq.

  Uchinchi — ayrim rahbarlarda doimiy va tizimli asosda oʻzining professional darajasini oshirish, ilgʻor xorijiy tajriba asosida islohotlarni amalga oshirishga doir maxsus bilimlarni chuqurlashtirish, oʻzida erishilgan natijalar bilan cheklanib qolmaslik ehtiyojini ongli ravishda shakllantirish, tashabbus koʻrsatish va oʻz oldiga yangi marralarni qoʻyishni taʼminlash borasida shaxsiy masʼuliyat yoʻqligi. “...Ushbu talablarni amalga oshirmasdan turib, shunchaki “oʻrtamiyona” boʻlib yoki eng achinarlisi, shiddat bilan olgʻa borayotgan lokomotivning “oxirgi vagonida” qolib ketish ehtimoli juda katta...”

  Toʻrtinchi — birinchi rahbarlar tomonidan oʻzining intizomsiz va zamonaviy talablarga javob bermaydigan oʻrinbosarlarini “advokat boʻlib himoya qilish” amaliyotiga chek qoʻyilmagan. Prinsipiallik, talabchanlik va shaxsiy soʻrov oʻrnini hamon “eʼtibor berilsin”, “ogohlantirilsin” va ayrim hollardagina “hayfsan berilsin” qabilidagi tanbehlar egallamoqda. Aynan mana shu sabablar tufayli ayrim nazoratdagi topshiriqlarning ijrosini taʼminlash, birinchidan, toʻliq hajmda bajarilmayapti va qoʻyilgan ustuvor vazifaga erishilmasligiga olib kelmoqda, ikkinchidan, ijro muddatlari buzilgan holda bajarilyapti. Bu, oʻz navbatida, muayyan boshqaruv organi, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada, shuningdek, respublika hududlarida, ayniqsa, boshqaruvning tuman va shahar boʻgʻinlarida ishlar holatiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

  Beshinchi — yuqorida qayd etilgan va boshqa omillar birgalikda rahbarlarning ayrim oʻrinbosarlari ongida davlat prinsiplari va talablarini amalga oshirishda teran anglab yetilgan ehtiyoj oʻrniga“hammasi uchun vazir, qoʻmita raisi, xoʻjalik birlashmasi rahbari, viloyat, shahar yoki tuman hokimi shaxsan javob beradi” kabi masʼuliyatsizlik falsafasini yuzaga keltirmoqda. Bunda ishonib topshirilgan vazifada professional gʻurur va iftixor chetdan kuzatuvchi pozitsiyasi bilan almashib qolmoqda. Uzr, bu shunchaki balandparvoz soʻzlar emas.

 Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasi apparatida shu yilning 15-mayidan boshlab davlat boshqaruvi organlari rahbarlari oʻrinbosarlarining va viloyatlar hokimlari oʻrinbosarlarining shaxsiy hisobotlarini eshitish amaliyoti joriy qilindi. Oʻtgan davr mobaynida investitsiyalar va tashqi savdo hamda suv xoʻjaligi vazirining birinchi oʻrinbosarlari A.Voitov, A.Nazarov, D.Sultonov – moliya, Sh.Mirzayev – qishloq xoʻjaligi, D.Odilov – qurilish, N.Nazirov – uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirining oʻrinbosarlari, shuningdek, “Oʻzsuvtaʼminot” AJ raisining birinchi oʻrinbosari T.Haydarov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining birinchi oʻrinbosari N.Yerlepesov, Andijon, Navoiy, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo, Toshkent, Fargʻona viloyatlari va Toshkent shahar hokimlarining birinchi oʻrinbosarlari O.Tursunov, T.Atamuradov, N.Erkayev, T.Yusupov, J.Oʻroqov, ­A.Karimov, F.Mamanov, M.Fayziyev, A.Oʻrinboyev va X.Shokirovlarning hisobotlari eshitildi.

  (1) Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani, hududlarni boshqarish tizimini takomillashtirish, (2) tigʻiz shaxsiy ish rejalarini shakllantirish, (3) qisqa muddatli boʻlmagan, maqsadli xizmat safarlari davomida (4) boshqaruvning quyi boʻgʻinlarida, tumanlar, shaharlar va mahallalardagi ishlar holatini tanqidiy oʻrganish, (5) muammoli masalalarni hal qilish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni (“yoʻl xaritalari”ni) ishlab chiqish va amalga oshirish, (6) tarmoq yoki hududning butun “texnologik zanjiri”da “temir intizom” prinsiplarini joriy qilish, (7) mamlakatimiz Prezidenti va Hukumat hujjatlarining loyihalari taqdimotini oʻtkazish emas, balki ularni aynan himoya qilish, (8) har oyda, har chorakda erishilgan natijalarni tizimli va tanqidiy tahlil qilish, shuningdek, yarim yil va kalendar yil uchun prognoz koʻrsatkichlarni belgilash — rahbarning har bir oʻrinbosari ishlarining aynan mana shu muhim yoʻnalishlari koʻpincha tizimli ravishda emas, baʼzan esa yuzaki amalga ­oshirilmoqda.

  Misol uchun. Birinchi — mamlakatimiz Prezidentining “Sogʻliqni saqlash sohasini kompleks rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” yaqinda qabul qilingan qarorlarida: a) vazirlik rahbariyati, shu jumladan, vazir oʻrinbosarlari faoliyatining asosiy yoʻnalishlari; b) ulardan har birining vakolatlari — bu oʻz vaqtida va samarali qarorlar qabul qilish uchun juda muhimdir; v) respublika miqyosida belgilangan maqsadlarga erishish uchun mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari; g) oʻta aniq va muayyan vazifalar ijrosi uchun vazir oʻrinbosarlarining shaxsiy masʼuliyati aniq va tushunarli etib belgilangan.

  Boshqaruv tizimida yana bir jiddiy masala — bu kunbay ish rejamiz. Davlatimiz Rahbarining tigʻiz ish jadvallari barcha rahbarlar va ularning oʻrinbosarlari, shuningdek, boshqaruv organlari apparatlarining mutaxassislari uchun tushunarli, namunali va oʻrgansa arzigulik jihat hisoblanadi. Dolzarb ichki va tashqi siyosat masalalari, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha serqirra maqsadli vazifalar, besh-oʻn yil oldinga moʻljallangan istiqbolli vazifalarni amalga oshirish borasida kompleks chora-tadbirlarni belgilash va qabul qilish, respublika aholisi, xorijiy davlatlar va xalqaro institutlar rahbarlari bilan faol muloqot qilish — har kuni koʻrib chiqiladigan keng koʻlamli masalalar sirasiga kiradi.

  Rahbarimizning Vatan va uning har bir fuqarosi taqdiri uchun nafaqat yuksak masʼuliyat, balki jonkuyarlik, ijodiy va har tomonlama asoslangan tashabbuskorlik, oʻz ishiga haqiqiy fidoyilik va sadoqat kabi shaxsiy fazilatlari barchamiz uchun yorqin va ishonchli misol boʻlishi ham farz, ham qarz!

  Reyting baholash tizimini joriy qilish — rahbarlarni ragʻbatlantirish va ularning masʼuliyatini oshirishning muhim omili

  Davlatimiz Rahbarining yuqorida Siz ­taʼkidlab oʻtgan hujjatlari yuksak talablar, toʻplangan amaliy tajriba, davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi organlar oldida turgan ustuvor vazifalardan kelib chiqib, shuningdek, ularning rahbarlari va oʻrinbosarlari takliflari inobatga olingan holda tayyorlandi. Ochiq tan olib aytishim kerak, koʻrsatib oʻtilgan qarorlarni tayyorlash biz uchun jiddiy imtihon boʻldi. Ushbu hujjatlarning asosiy mazmun-mohiyatini beshta asosiy tarkibiy qismga ajratish mumkin:

  birinchi tarkibiy qism — bu davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlarining har bir oʻrinbosari, shuningdek, hududlar hokimlarining oʻrinbosarlari faoliyatining asosiy aniq yoʻnalishlarini iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha kesimida, hududlarni rivojlantirish boʻyicha har bir muammoli vazifalarning oʻziga xosligidan kelib chiqqan holda belgilash.

  Shu sababli, barcha boshqaruv organlari va hokimliklar tizimida rahbarlarning har bir oʻrinbosarining nafaqat funksional majburiyatlari, balki ular ishining lavozim reglamentini ishlab chiqish va tasdiqlash zarur. Vazirliklar, idoralar va boshqa organlarga Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi boʻyicha materiallar namuna sifatida yuborildi;

  ikkinchi tarkibiy qism — bu boshqaruv organi rahbarining har bir oʻrinbosarining va hudud hokimi oʻrinbosarining ish natijadorligini baholash imkonini beradigan aniq koʻrsatkichlar tizimini eksperiment tariqasida joriy qilish. Qabul qilingan qarorlarga muvofiq, 124 ta vazirliklar, idoralar va davlat ulushi 50,0 foiz va undan ortiq foizni tashkil qiladigan xoʻjalik birlashmalari rahbarlarining 266 nafar oʻrinbosari faoliyatining samaradorligi 2778 ta aniq mezon hamda koʻrsatkichlar boʻyicha baholanadi. Ushbu koʻrsatkichlar iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaga bogʻliq holda, 8 tadan 27 tagacha koʻrsatkich oraligʻida boʻladi.

  Hududlar hokimliklarida bu koʻrsatkich tegishli ravishda 116 nafar oʻrinbosarni va jami 275 koʻrsatkichni, yuklangan vazifalar va funksiyalarga qarab esa, 14 tadan 54 tagacha koʻrsatkichni tashkil qiladi. Bunda mamlakatimiz Prezidentining “Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni reyting baholash tizimini joriy etish toʻgʻrisida”
2020-yil 1-maydagi PQ – 4702-son qarori talablari bilan uzviylik taʼminlanishi lozim;

  uchinchi tarkibiy qism — bu rahbarlarning har bir oʻrinbosari faoliyatini vazirliklar va respublika idoralarining kollegial organlari majlislarida choraklar va kalendar yil yakunlariga koʻra aniqlanadigan quyidagi mezonlar boʻyicha shaxsan baholash:

70 foizdan kam taʼminlanganda — “qoniqarsiz”,

­71 foizdan 90 foizgacha — “qoniqarli”,

91 foizdan 99 foizgacha — “yaxshi”,

100 foiz va undan yuqori boʻlganda — “aʼlo”.

  Hududlar hokimlari har bir oʻrinbosarining faoliyati ham mana shu mezonlar boʻyicha alohida baholanadi. Biroq ularning har birining ishlash natijalarini muhokama qilish va baholash hududlar xalq deputatlari Kengashlarining har chorakda oʻtkaziladigan majlislarida belgilanadi. Bundan tashqari, qarorda ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, televideniye va radio orqali erishilgan natijalarning samaradorligi toʻgʻrisida muntazam ravishda axborot berib borilishini taʼminlash topshirilgan;

  toʻrtinchi tarkibiy qism — bu boshqaruv organlari va hududlar hokimlarining birinchi rahbarlari, shuningdek, respublika
Bosh vazirining tegishli oʻrinbosarlari va maslahatchilari tomonidan tatbiq etilayotgan shaxsan baholash amaliyotining doimiy ishlashini amalda monitoring qilishni taʼminlash. Qarorlarda ushbu talabga alohida eʼtibor qaratilgan;

  beshinchi tarkibiy qism — bu Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlislarida butun monitoring tizimini har chorakda tanqidiy tahlil qilish, Prezident Administratsiyasiga hujjatlar toʻplamini boshqaruv organlari rahbarlarining har bir oʻrinbosari va hududlar hokimlarining oʻrinbosarlari boʻyicha aniq takliflar bilan birgalikda kiritish.

  Qabul qilingan qarorlarda taʼkidlanganidek, endi boshqaruv organlari rahbarlarining har bir oʻrinbosari va hududlar hokimlarining oʻrinbosarlari Vazirlar Mahkamasiga hisobot berish bilan bir qatorda, ularga yuklangan vazifalar, funksiyalar va vakolatlarning oʻz vaqtida, toʻliq va natijadorlik bilan bajarilishi uchun ­Oʻzbekiston Respublikasi ­Prezidenti oldida shaxsan javob beradi.

  Oldimizda muayyan tashkiliy va mashaqqatli tahliliy ishlar turibdi. Bunda boshqaruv organlari va hududlar hokimliklarining markaziy apparatlari, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining apparati alohida oʻrin egallaydi. Birinchi navbatda, bu borada Davlatimiz Rahbarining 2021-yil 10-fevraldagi PF-6166-son Farmonlarida nazarda tutilgan iqtisodiy, moliyaviy, investitsiya va huquqiy maʼlumotlarining fundamental elektron bazasini yaratish haqida soʻz bormoqda.

  Ikkinchidan, zudlik bilan hal qilishni talab qiladigan aniq kamchiliklar, qoloqliklar va muammolar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻzida jamlaydigan ijro intizomining oʻziga xos integrali hisoblangan “ijro.gov.uz” ­tizimining toʻliq faoliyat koʻrsatishini taʼminlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish talab etiladi. Ushbu talablarga Oʻzbekiston Respublikasi ­Prezidentining 2021-yil 31-maydagi PQ-5132-son qarorlarida alohida eʼtibor qaratilgan.

  Eng muhimi — boshqaruv apparati va ­hokimlikning har bir rahbari hamda xodimi boshchilik qilinadigan faoliyat yoʻnalishida “Ishni jamoa bajaradi, masʼuliyat esa ­shaxsiy!” prinsipiga rioya etgan holda, aniq natijalarga erishishga ongli ravishda intilishi zarur desak, adolatli boʻlsa kerak!

  Shu asnoda yurtning munosib sardori boshchiligida yagona komanda boʻlib ishlash alohida muhim ahamiyat kasb etadi va yuksak qadrlanishi kerak. Albatta, ­nafaqat ushbu komanda tarkibida boʻlish, balki Yangi Oʻzbekistonni barpo etish va yaratishdagi serqirra ishlarda oʻzining faol ishtirok etishga haqli ekanligini aniq va amaliy natijalar bilan isbotlash ham zarur!

Salim Doniyorov suhbatlashdi.

https://bit.ly/375wqSA

Manba: https://yuz.uz/uz/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati
 t.me/uzmetaxborotxizmati

>