Yangiliklar
Samarqand quyosh fotoelektr stansiyasi qurilishi davom etmoqda
  • 04.08.2021
  • 423

  Samarqand viloyatining Nurobod tumanida quvvati 100 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasini qurish ishlari davom etmoqda. Stansiya joriy yilning to‘rttinchi choragida ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

 
 

  Ma'lumki, Prezidentimizning “Samarqand viloyatida quvvati 100 MVt bo‘lgan fotoelektrik stansiyani qurish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 13-maydagi qaroriga asosan Fransiyaning “Total Eren S.A.” kompaniyasi bilan hamkorlikda Samarqand viloyatining Nurobod tumanida quvvati 100 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasini qurish ishlari jadal olib borilmoqda.

  Hozirda kirish yo‘llarini qurish, yer maydonini tekislash va to‘siqlar bilan o‘rab chiqish ishlari yakunlangan. Shuningdek, respublikaga loyiha doirasida ishlatiladigan uskunalar olib kelinmoqda. Hozirga qadar 50 ta konteyner olib kelingan va 200 dan ortiq ishchilar jalb qilingan.

 
 

  Ilk generatsiya quvvatini yagona elektr energetikasi tizimiga ulash 2021-yil oktabr oyiga, loyihani to‘liq ishga tushirish esa 2021-yilning dekabr oyiga rejalashtirilgan.

  Mazkur stansiyaning ishga tushirilishi natijasida yiliga 260 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, 76 million metr kub tabiiy gaz iqtisod qilinishiga erishiladi.

 
 

  Mazkur investitsiya loyihasi doirasida barpo etilayotgan elektr stansiyasining umumiy yer maydoni 353 gektarni, loyihaning umumiy qiymati esa 100 million AQSh dollarini tashkil etadi va investor (Fransiyaning “Total Eren SA”) tomonidan 100 foiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyalashtiriladi.

 

  O‘zbekiston Respublikasi

  Energetika vazirligi Matbuot xizmati

  https://minenergy.uz/uz/news/view/1385

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>