Yangiliklar
Mamlakatimizdagi ikkinchi yirik quyosh elektr stansiyasi Samarqandda ishga tushiriladi
  • 09.09.2021
  • 70

  Qaror va ijro

  Bugungi kunda mamlakatimiz iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish muhim vazifalardan. Shu sababli qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish, xususan, quyosh elektr stansiyalarini barpo etish borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

  Shu kunlarda Samarqand viloyati Nurobod tumanida qurilishi jadal olib borilayotgan quyosh elektr stansiyasi ana shunday sa'y-harakatlar samarasidir.

  O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida 2019-yil 13-sentyabrda bo‘lib o‘tgan tadbirda ushbu loyihaga rasman asos solingan edi. Ya'ni, unda Energetika vazirligi ishtirokida «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati va Fransiyaning «TOTAL Eren» kompaniyasi o‘rtasida umumiy quvvati 100 MVt bo‘lgan fotoelektr stansiyasi qurish va ekspluatatsiya qilish yuzasidan kelishuv imzolandi.

  Mazkur investitsiya loyihasi doirasida barpo etilayotgan ushbu quyosh elektr stansiyasining umumiy yer maydoni 353 gektar, loyihaning umumiy qiymati esa 100 million dollarni tashkil etadi. Loyiha investor – Fransiyaning “Total Eren SA” kompaniyasi tomonidan 100 foiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyalashtirilmoqda.

  Prezidentimizning 2020-yil 13-maydagi “Samarqand viloyatida quvvati 100 MVt bo‘lgan fotoelektrik stansiyani qurish" investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu loyihani hayotga samarali tatbiq etishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

  «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisining matbuot kotibi – axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchi Ulug‘bek Urunov hozirgi kunda qurilishi jadal olib borilayotgan  ushbu quyosh elektr stansiyasi haqida ma'lumot berdi.

  –  Mamlakatimiz «yashil energiya»sining yana bir yirik loyihasi – fotoelektr stansiyasi qurilishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil oktyabr oyida Fransiya Respublikasiga rasmiy tashrifi chog‘ida imzolangan loyihalardan biri edi, – dedi U.Urunov. – Bir so‘z bilan aytganda, davlatimiz rahbarining uzoqni ko‘zlab, bundan qariyb 3 yil oldin tamal toshi qo‘yilgan loyihasi bugungi, yirik sanoat majmualari hamda kichik va o‘rta biznes korxonalari jadal rivojlanayotgani tufayli elektr energiyaga bo‘lgan ehtiyoj yildan-yilga oshib borayotgan ayni paytda foydalanishga topshirilish arafasida turibdi. Hozirda loyiha bo‘yicha «O‘zbekiston miliy elektr tarmoqlari» AJga yuklatilgan vazifalar, jumladan, kirish yo‘llarini qurish, yer maydonini tekislash va to‘siqlar bilan o‘rab chiqish ishlari yakunlangan. Ishlab chiqarilgan quvvatni mamlakatimiz elektr ta'minoti umumtizimiga qabul qilish imkoniyatlari mavjud. Aniqrog‘i, ilk generatsiya quvvatini yagona elektr energetikasi tizimiga ulash oktyabr oyiga, loyihani to‘liq ishga tushirish esa joriy yilning dekabr oyiga rejalashtirilgan.

  Bu loyiha amaliyotga tatbiq etilgach, yiliga 260 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Shuningdek, 76 million metr kub tabiiy gaz iqtisod qilinadi.

  Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 27-avgust kuni Navoiy viloyatining Karmana tumanida ilk yirik loyiha – 100 megavattli fotoelektr stansiyasi foydalanishga topshirildi. Uning tantanali ochilish marosimida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ishtirok etgan edi.

 

Nasiba ZIYoDULLAeVA, O‘zA

https://uza.uz/uz/posts/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>