Yangiliklar
Energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish ham ta'minot sifatiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi
  • 08.10.2021
  • 284

  Hurmatli iste'molchilar!

  Bugungi kunda iste'molchilarni elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz bilan ta'minlash bo‘yicha Energetika vazirligi va vazirlik tizimidagi tashkilotlar tomonidan salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

  Misol uchun, gaz ta'minoti doirasida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish va uni betalofat o‘tkazish bo‘yicha olib borilgan chora-tadbirlar natijasida umumiy ishlarning 96 foizi bajarildi.

 Joriy yilda gaz tarmoqlarini tartibga keltirish bo‘yicha rejalashtirilayotgan chora-tadbirlarning to‘liq amalga oshirilishi natijasida 283 mingta aholi xonadonlarining tabiiy gaz ta'minoti yaxshilanadi.

 Xususan, kuz-qish mavsumida tabiiy gaz ta'minoti bo‘yicha yuridik iste'molchilarga 18 millriard kub metr, aholi iste'molchilariga esa 11 milliard kub metr tabiiy gaz yetkazib beriladi. Bu esa, o‘tgan mavsumga nisbatan 3 milliard kub metrga ko‘pni tashkil qiladi.

 Shuningdek, kuz-qish mavsumida iste'molchilarga 318 ming 600 tonna suyultirilan gaz yetkazib beriladi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 13 ming tonnaga ko‘p.

 Biroq, ishlab chiqarish va yetkazib berish hajmi qanchalik oshirilmasin, iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha ob'ektlari va xonadonlarning energiya samaradorligiga e'tibor berilmasa, ko‘rilayotgan choralar samarsini bermasligi mumkin. Buning natijasida tarmoqda uzilish holatlari yuzaga kelishi va iste'molchilarning haqli e'tirozlariga sabab bo‘lishi mumkin.

 Misol uchun, tabiiy resurslardan noqonuniy va samarasiz foydalanish holatlari ham tizimga katta miqdorda salbiy ta'sirini ko‘rsatadi.

 2021-yil 20-24-sentyabr kunlari o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida respublika bo‘yicha tabiiy gazdan 67 ta noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi.

 Ushbu qisqa 4 kun ichida 1 millon 379 ming kub metr tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgan.  Taqqoslash uchun, ushbu hajmdagi tabiiy gaz hozirgi kunda 130 mingta xonadonning 1 kunlik gaz iste'molini tashkil qiladi.

Ushbu noqonuniy foydalanish holatlarining eng ko‘pi Xorazm, Farg‘ona va Toshkent viloyatlariga to‘g‘ri keladi.

Shu o‘rinda joriy yilning 9 oyida respublika bo‘yicha tabiiy gazdan jami 2 ming 535 ta noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangan.

Buning natijasida 86 million 923 ming kub metr yoki 77 milliard 877 million so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgan.

Taqqoslash uchun ushbu miqdordagi hajm hozirgi kunda 40 mingta xonadonning qariyb 1 yillik iste'molini tashkil etadi.

Hurmatli iste'molchilar, xalq mulki bo‘lgan energiya resurslaridan qonuniy, oqilona hamda tejamkorlik bilan foydalanishingizni so‘raymiz.

 

O‘zbekiston Respublikasi
Energetika vazirligi Matbuot  xizmati

https://minenergy.uz/uz/news/view/1515

https://t.me/minenergy_uz/3961

✍️"O‘zbekiston MET" AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>