Yangiliklar
O‘zbekiston-Britaniya energetika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
  • 09.10.2021
  • 273

  Joriy yilning 8-oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri Alisher Sultanov Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Torlot Timoti Axill va mintaqaning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha elchisi Devid Moran bilan uchrashuv o‘tkazdi.

  Muzokaralar davomida O‘zbekiston o‘z oldiga 2030-yilga qadar qayta tiklanuvchi energiya manbalariga asosida ishlab chiqarish hajmlarini 25 foizga yetkazish vazifasini qo‘ygani haqida ma'lumot berildi. Shundan 5 GVt quyosh energiyasi, 3 GVt shamol va 2 GVt gidroenergetikani tashkil qiladi. Shu bilan birga, qayta tiklanuvchi energiya manbalari loyihalari eng ilg‘or xalqaro tajribadan foydalangan holda amalga oshirilayotgani qayd etildi.

 

 
 

 

  A.Sultanov O‘zbekiston Energetika vazirligi qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish va ishlab chiqarilgan elektr energiyasini saqlash qurilmalaridan foydalanish yo‘nalishida yevropa mamlakatlarining tarmoqlarni tartibga solish sohasidagi tajribasi bilan qiziqishini ta'kidladi. Shu munosabat bilan, bu yo‘nalishda kelgusida britaniyalik mutaxassislar ishtirokida seminarlar tashkil etish muhokama qilindi.

  O‘z navbatida, xorij tomoni tarmoqlarni qurish va mavjudlarini modernizatsiya qilish yo‘li bilan sohani rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni yuqori baholadi. Shuningdek, qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi elektr tarmoqlarini tiklash bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni qo‘llab-quvvatladi.

 

 

 

  Tomonlar, shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasining 2021-yil 1-12-noyabr kunlari Buyuk Britaniyada bo‘lib o‘tadigan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha 26-konferensiyasida (COP26) ishtirok etish imkoniyati to‘g‘risida muloqot o‘tkazdilar.

  Uchrashuvda hamkorlikning hozirgi holati tahlil qilindi, jumladan, o‘tgan yili onlayn-konferensiyalar davomida Buyuk Britaniyaning ishbilarmon doiralariga O‘zbekistonning energetika sohasida islohotlar o‘tkazilgani haqida taqdimotlar qilindi.

  Tomonlar O‘zbekiston-Britaniya energetika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlarga ega ekanliklarini, muzokaralar jarayonini ekspert guruhlari darajasida yanada yuqori darajada tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishilganini qayd etishdi.

 

O‘zbekiston Respublikasi
Energetika vazirligi Matbuot xizmati

https://minenergy.uz/uz/news/view/1517

✍️"O‘zbekiston MET" AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>