Yangiliklar
2021-yil SARHISOBI. 3-sonli: “O‘zbekiston MET” AJ tizimida davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha 2021-yilda amalga oshirilgan ishlar sarhisobi
  • 09.01.2022
  • 431

  “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisining ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta'minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi 2021-yil mobaynida Jamiyat tasarrufidagi bir qancha tuzilmalarda bo‘lib, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi holati bilan yaqindan tanishib chiqdi. Mas'ul xodimlar bilan ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta'minlash masalalari bo‘yicha muloqotlar olib bordi. Tuzilmalardagi ichki va tashqi yozishmalar, hujjatlar, hisob-kitob, statistika va xizmat xatlarining davlat tilida ish yuritish qoidalariga mosligini o‘rgandi. Shuningdek, joylardagi barcha tashqi yozuvlar, shu jumladan, peshlavhalar va boshqa ko‘rgazmali axborot matnlari davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiqligini ko‘zdan kechirdi.

 

  Bundan tashqari, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ tizimiga kiruvchi barcha filiallar uchun davlat tilida ish yuritish asoslari bo‘yicha masofaviy mahorat darslari olib borildi. Xodimlarning sohaviy til boyligini rivojlantirish maqsadida Jamiyat sayti va ijtimoiy tarmoqlarida tizimda ko‘p qo‘llaniladigan so‘z va atamalar hamda ularning sharhlarini berib borish yo‘lga qo‘yildi.

 

  Bugungi kunda boshqaruv raisining ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta'minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi tomonidan tizimdagi barcha yozishmalar, chiquvchi xat va hujjatlarning savodxon tayyorlanishi bo‘yicha qat'iy nazorat o‘rnatilgan. Bu boradagi ishlarni izchil davom ettirish hamda talab etilgan darajada bo‘lishini ta'minlash maqsadida boshqaruv raisi hamda rais o‘rinbosarlari nomidan yo‘llanadigan har qanday xat va hujjatlar maslahatchi ko‘rigidan o‘tkaziladi va u tomonidan kiritilgan tuzatish va o‘zgartirishlardan so‘ng ikkinchi nusxasi imzolangan holda rahbariyatga kiritiladi.

  Tizimda 2020-yil mart oyidan e'tiboran maslahatchilik joriy etilgan va salkam ikki yillik davr mobaynida xat-hujjatlarning faqat davlat tilida (xorijiy mamlakatlarga rus va ingliz tilidagi tarjimasi bilan birgalikda) tayyorlanishiga erishildi.

 

  2021-yil mobaynida oyma-oy Jamiyat boshqarmalari xodimlarining Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazida tashkil etilgan o‘quv jarayonlaridagi ishtiroki ta'minlandi.

  Shuningdek, Jamiyat hamda uning tasarrufidagi barcha boshqarma va bo‘limlarga tegishli mavjud me'yoriy hujjatlar (nizomlar, lavozim yo‘riqnomalari va hokazo) rus tilidan o‘zbek tiliga o‘girilib, qaytadan mukammal ishlab chiqildi.

  Vazirlar Mahkamasining Ma'naviyat va davlat tilini rivojlantirish departamenti tomonidan nashr qilinib, respublikamizdagi mavjud idora va tashkilotlarga beg‘araz taqdim etib kelinayotgan “Davlat tilida ish yuritish” qo‘llanmasi, “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”, “O‘zbek tili me'yorlari” kabi kitoblar tizimlarga ehtiyojga qarab taqsim qilinmoqda.

  Batafsil: https://t.me/uzmetaxborotxizmati/8020

  Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi bilan hamkorlikda tasdiqlangan “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJda ma'naviy-ma'rifiy ishlarning yangi tizimini yaratish bo‘yicha 2021 yil uchun ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritasi”ga muvofiq har oy yakuni bilan amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi ma'lumotlar markazga taqdim etib borildi.

  Boshqaruv raisi maslahatchisi, shuningdek, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, shoir va jurnalist Orif To‘xtash 2021-yil mobaynida ham o‘zining dolzarb mavzulardagi maqola va ijodiy ishlari bilan markaziy nashrlarda, tele va radiokanallarda ko‘plab chiqishlar qildi.

  Batafsil: https://t.me/uzmetaxborotxizmati/5774

  Xususan, “Yangi O‘zbekiston” gazetasining bir qancha sonlarida o‘zining tahliliy va ijodiy yondashuvlari bilan maqolalar chop ettirdi. “O‘zbekiston-24” teleradiokanali ko‘rsatuv va eshittirishlarida ijodkor hamda davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchi sifatida ko‘p bor qatnashdi.

  Batafsil: https://t.me/uzmetaxborotxizmati/8686

  Bevosita boshqaruv raisi maslahatchisi tashabbusi bilan taniqli ijodkorlar, jurnalist va siyosiy sharhlovchilar ishtirokida Jamiyat xodimlarining xalq bilan muloqot va muomala etiketi, davlat tilida ish yuritish hamda savodxonlikni yuksaltirish kabi bir qator dolzarb mavzularda davra suhbatlari tashkil etildi.

 

   ✍️ Orif To‘xtashev, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisining ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta'minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>