Yangiliklar
Energetika vazirligi Matbuot-shtabi: 2021-yilda magistral elektr uzatish tarmoqlari va podstansiyalarda amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi — video
  • 10.01.2022
  • 287

  Mamlakatimiz aholisining soni oshib borishi, yurtdoshlarimizning elektr uskuna va jihozlaridan foydalanish ko‘lamining yildan-yilga kengayib borayotgani, shu bilan birga, respublikamizda kichik biznes va tadbirkorlikka keng imkoniyatlar berilayotgani, qator investitsiya dasturlari hisobiga yirik sanoat korxonalari ochilayotgani — elektr energiyasi iste'moli kun sayin oshib borishiga sabab bo‘lmoqda. Demakki, elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish va taqsimlash tarmoqlari izchil rivojlanib borishi, yangi ob'ektlar qurilib, mavjudlari yangilanib borishi lozim.

 

 

  Ijozatingiz bilan, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan amalga oshirilgan ishlar ko‘lamini raqamlar ifodasi va infografika shaklidagi kisqacha bayon qilsak.

  Avvalo, mamlakatimiz elektr energetika tarmog‘ida mavjud yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlarining uzunligi oshib borishi dinamikasiga e'tibor bersak.

 

 

 

  https://t.me/minenergy_uz/4231

  Infografikada ko‘rinib turganidek, O‘zbekiston elektr energetika tarmog‘idagi yuqori kuchlanishli — 110, 220 va 500 kilovolt magistral elektr uzatish tarmoqlari uzunligi 2005-yildan 2022-yilgacha izchil oshib borgan. Taqqoslash va tahlil uchun shuni alohida ta'kidlash lozimki, 2005–2016-yillar davomida, ya'ni 11 yil davomida 898,8 km yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari yangidan qurilgan bo‘lsa, 2017–2021-yillarda, ya'ni oxirgi 5 yil davomida uzunligi 1833,2 km bo‘lgan yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari foydalanishga topshirilgan.

  Xuddi shunday o‘sish dinamikasini yuqori kuchlanishli podstansiyalar soni oshib borishida ham kuzatishimiz mumkin.

 

Infografika

 

  https://t.me/minenergy_uz/4239

  E'tiboringizga havola etilayotgan infografikada ko‘rsatilganidek, O‘zbekiston elektr energetika balansidagi 110, 220 va 500 kilovolt kuchlanishli podstansiyalar soni 2005–2021-yillar oralig‘ida 17 taga ko‘payib, elektr ta'minotining ishonchliligi oshirib borilgan.

  Misol uchun, 2005–2016-yillarda, ya'ni 11 yil davomida 8 ta podstansiya qurilgan bo‘lsa, 2017–2021-yillar, ya'ni 5 yil davomida 8 ta yuqori kuchlanishli podstansiya foydalanishga topshirilgan.

  Endi e'tiboringizni “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan 2021-yilda amalga oshirilgan ishlarga qaratsak (viloyatlar kesimida).

  Joriy yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 125 MVA (megavolt•amper) qo‘shimcha quvvat yaratilgan bo‘lsa, Andijon viloyatida jami 200 MVA qo‘shimcha quvvat yaratildi. Buxoro viloyatida elektr ta'minoti ishonchliligini oshirishga xizmat qiladigan modernizatsiya-rekonstruksiya ishlari evaziga 128 MVA quvvat yaratilishiga erishildi.

  Jizzax viloyatidagi 110 kVli “DNS-2” podstansiyasi rekonstruksiya qilinib, 220 kV kuchlanishli podstansiyaga aylantirilayotgan bo‘lsa, Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanida 220 kVli “Amir Temur” podstansiyasi yangidan qurilib foydalanishga topshirildi va viloyatda 125 MVA qo‘shimcha quvvat yaratildi. Bu esa boshqa podstansiyalar yuklamasini me'yorga keltirish barobarida 110 kVli “Yakkabog‘–1” va “Yakkabog‘–2” havo elektr uzatish tarmoqlarida o‘ta yuklama hosil bo‘lishi holatlarining oldini oldi.

  Shuningdek, elektr energiyasiga bo‘lgan talab jadal o‘sib borayotgan Samarqand viloyatida ham bir nechta modernizatsiya-rekonstruksiya ishlari amalga oshirilib, elektr tarmoqlari kapital ta'mirdan chiqarildi. Samarqandliklar elektr ta'minoti ishonchliligini oshirish maqsadida viloyatda jami bo‘lib 359 MVA qo‘shimcha quvvat yaratildi.

  Navoiy viloyatida 243 MVA qo‘shimcha quvvat yaratilib, Karmana tumanida joriy yilda foydalanishga topshirilgan 100 MVt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyasi yagona energetika tizimiga ulandi. Namangan viloyatida esa 200 MVA qo‘shimcha quvvat yaratilib, viloyatning Chortoq, Uchqo‘rg‘on va Norin tumanlari elektr ta'minotidagi ishonchlilik birmuncha oshirildi.

  Sirdaryo viloyatida yangi bunyod etilgan metall quyish zavodining tashqi elektr ta'minoti yaxshilanishi uchun bir qator amaliyotlar bajarildi. Bu esa, o‘z navbatida, kichik va o‘rta biznes korxonalarining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini qoplashga xizmat qiladi.

  Farg‘ona viloyatidagi yuqori kuchlanishli podstansiyalarda olib borilgan modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari natijasida 125 MVA qo‘shimcha quvvat yaratildi. Bunday amaliyotlar Xorazm viloyatida ham bajarilib, “Xorazm” podstansiyasining quvvati 75 MVAga oshirildi. Joriy yilning aprel oyida Xorazmda reaktiv quvvat manbai qurilmasining ishga tushirilishi elektr tarmoqlarida hosil bo‘ladigan reaktiv quvvat sarfini kompensatsiya qilib, iste'molchilarga yetkazib beradigan kuchlanish pasayib ketishining oldi olindi.

  Toshkent viloyatidagi mavjud yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari kapital ta'mirlanib va modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari natijasida viloyatda 150 MVA qo‘shimcha quvvatga yaratildi. Toshkent shahrida ham kapital ta'mirlash, modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari olib borildi.

  Jizzax viloyatidagi “DNS-2” podstansiyasida 85 MVAga qo‘shimcha quvvat yaratildi va 2021-yilda yuqori kuchlanishli 19 ta podstansiyalarda jami qo‘shimcha 1815 MVAga oshirildi.

  Bundan tashqari, “O‘zbekiston MET” AJ tasarrufidagi podstansiyalarda energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan aniq choralar ko‘rilgan bo‘lib, 165 dona havo o‘chirgichi zamonaviy elegazli o‘chirgichlarga almashtirildi.

  Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, mamlakatimizda elektr energiyaga bo‘lgan talab ortib borgani sari ham magistral elektr tarmoqlari, ham yuqori kuchlanishli podstansiyalardagi o‘sish ko‘rsatkichlari oshib bormoqda.

 

Infografika

 

 

  https://t.me/minenergy_uz/4092

  Umuman olganda, 2019–2021-yillar davomida yuqori kuchlanishli podstansiyalarda 3953 MVA qo‘shimcha quvvat yaratildi. Mazkur yaratilgan quvvatlar respublikaning maksimal iste'mol quvvatiga nisbatan 33,5 foiz oshirildi.

Infografika

 

  https://t.me/minenergy_uz/4107

  Agar tahlil va taqqoslashni 5 yilliklarga bo‘lib ko‘rsak, yuqori kuchlanishli elekr tarmoqlari va podstansiyada amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lami izchil ortib borayotganini ko‘rishimiz mumkin. Misol uchun, 2012–2016-yillarda 680 MVA qo‘shimcha quvvat yaratilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2017–2021-yillarda 5 621 MVAni tashkil etgan.

 

  “O‘zbekiston MET” AJ Axborot xizmati

  https://minenergy.uz/uz/news/view/1705

  “O‘zbekiston MET” AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>