Yangiliklar
Farg‘onalik energetiklar o‘tgan 2021-yilda qanday ishlarni amalga oshirdi?
  • 11.01.2022
  • 272

  Qaror va ijro

  Elektr energiyasini ishlab chiqarishning ortida katta mehnat, katta zahmat yotibdi. Bunda energetiklarning tunu kun mehnati, uskunalarning uzluksiz ishlashi va ularning o‘z vaqtida nazoratidek mas’uliyat mujassamdir.

  “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati va uning tizimidagi korxonalar faoliyati ishlab chiqarilgan elektr energiyasini aholi va iste’molchilarga yetkazib berishda asosiy bo‘g‘inlardan biri hisoblanadi.

  «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati «Farg‘ona magistral elektr tarmoqlari» filiali direktori G‘ayratjon SHERMATOV bilan O‘zA muxbirining suhbati ushbu filialning 2021-yilda amalga oshirgan ishlar sarhisobiga bag‘ishlandi.

  – Avvalo, «Farg‘ona magistral elektr tarmoqlari» filial haqida to‘xtalib o‘tsam, – dedi G‘.Shermatov. – Filialning asosiy vazifasi elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi korxonalardan qabul qilib, taqsimlovchi hududiy elektr tarmoqlari korxonalariga uzatish, shuningdek, boshqa davlatlarning elektr energetikasi tizimlari hamda magistral elektr tarmoqlari bilan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan iborat.

  2021-yil davomida «Farg‘ona magistral elektr tarmoqlari» filialida elektr tarmog‘i xo‘jaliklari ob’ektlari, ya’ni 500 kV kuchlanishli «O‘zbekiston», 220 kVli «O‘zgarish», «Farg‘ona», «Pavulg‘on», «Sokin» hamda 110 kV kuchlanishli «2A» podstansiyalari, shu bilan birga, umumiy uzunligi 591,322 kilometrni tashkil etgan 110-500 kVli elektr uzatish liniyalariga texnik xizmat ko‘rsatish hamda podstansiyalarda modernizatsiya ishlarini tashkil etish kabi keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, 2021-yil mobaynida filial tarmoqlari orqali 8818760,768 ming kVt.soat elektr energiyasi transportirovka qilindi. Elektr energiyasini uzatish jarayonidagi texnologik sarfi 151372,639 ming kVt.soatni yoki 1,72 foiz tashkil qildi.

Elektr energiyasini tejash bo‘yicha tashkiliy tadbirlar rejasiga asosan 1604,221 ming kVt.soat iqtisod qilinishi ko‘zda tutilgan. Amalda esa 2450,832 ming kVt.soat, ya’ni 152,7 foiz elektr energiyasi iqtisod qilishga erishildi. Podstansiyalarning xo‘jalik ehtiyoji uchun iste’mol qilinadigan elektr energiyasi uchun belgilangan reja 1025,000 ming kVt.soat bo‘lib, amalda 569,587 ming kVt.soat iste’mol qilindi. Buning natijasida 455,413ming kVt.soat iqtisod qilindi.

– Elektr qurilmalarini sifatli ekspluatatsiya qilish muhim vazifalardan biri. Shu jihatdan olganda, 2021-yilda bu bo‘yicha qanday salmoqli ishlar amalga oshirildi?

– Bir jihatni alohida ta’kidlash lozim, filial tomonidan amalga oshirilayotgan har bir ish sifati alohida nazoratga olinadi. Aslida, bu biz uchun temir qonundir. 2021-yilning sarhisobiga to‘xtaladigan bo‘lsam, o‘tgan yil mobaynida 110-500 kVli elektr uzatish liniyalarining 37,38 kilometr uzunlikka ega qismida mukammal ta’mirlash ishlari bajarildi. Bu ishlar esa «O‘zenergoinspeksiya» Farg‘ona hududiy bo‘limidan nazorat ko‘rigidan o‘tkazildi. O‘z navbatida, bu tasdiqlangan rejaga nisbatan 100 foizni tashkil etadi. Joriy ta’mirlash ishlari elektr uzatish liniyalarining 62,77 kilometr uzunlikka ega qismida amalga oshirilib, reja to‘liq bajarilgan.

 

 

  «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ mablag‘lari hisobidan xarid qilingan zamonaviy LK-160/500 rusumidagi polimerli izolyatorlardan 85 donasi filial tarkibidagi 500 kVli elektr uzatish liniyalarida o‘rnatilishi hisobiga ma’nan hamda jismonan eskirgan PF va PS rusumidagi izolyatorlar almashtirildi. Bu orqali liniyalarda elektr energiyasini o‘tkazishdagi mustahkamlik, elektr ta’minoti ishonchliligi oshirildi. Shu bilan birga, 29 dona metall tayanch ustunning temir konstruksiyalari yemirilishga qarshi bo‘yoqlandi.

  Shuningdek, o‘tgan yilda podstansiyalardagi 220, 110 va 35 kVli o‘chirgichlarning 17 donasi mukammal ta’mirlandi va 98 dona o‘chirgichlarda joriy ta’mirlash ishlari bajarildi. Mavjud havo kompressorlarining 4 donasi mukammal va 8 donasi joriy ta’mirlandi. 12 dona avtotransformatorlarda joriy ta’mirlash ishlari tasdiqlangan rejaga ko‘ra tashkil etilgan holda to‘liq bajarildi.

  Bir so‘z bilan aytganda, yuqorida qayd etilgan ishlar, filialda faoliyat yuritayotgan xodimlarning hamjihatligi samarasi deyish mumkin.

  – Har tomonlama yetuk, bilimli mutaxassislarni tayyorlash, ularni muntazam ravishda malakalarini oshirib borish davr talabi. Shu ma’noda, malakali muhandis-texnik xodimlarni tayyorlash masalasiga filial tomonidan qanday e’tibor qaratilmoqda?

  – 2021-yilning yanvar-mart oylari mabaynida «O‘zbekiston MET» AJ tasarrufidagi «Nurafshon» sanatoriyasida aksiyadorlik jamiyati va «Farg‘ona MET» filiali mutaxasislari tomonidan o‘quv seminar mashg‘ulotlari tashkil etildi. Malaka oshirish seminarlarida «O‘zbekiston MET» AJ filiallarining 92 nafar mutaxassis-xodimi ishtirok etdi. O‘quv davomida mutaxassislar «Nurafshon» sanatoriyasida o‘z sog‘lig‘ini tiklashga ham muvaffaq bo‘ldi.

  Bundan tashqari, 2021-yil mobaynida xodimlarning bilim-saviyalarini aniqlash va ularni malakasini oshirish maqsadida 655 nafar xodim sinovdan o‘tkazildi. Toshkent shahridagi bosh ofisimizda Sankt-Peterburg malaka oshirish instituti bilan onlayn darslar tashkil etildi va unda bizning farg‘onalik yosh muhandislar ham malaka oshirdi.

  Joriy yilda filialning barcha ob’ektlarida avariyali holatlarni oldini olish va tezkor bartaraf etish ko‘nikmalarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan avariyaga qarshi 90 marta va yong‘inga qarshi 54 marta amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

Jamoamiz uchun yana bir quvonchli jihat shuki, aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi korxonalar o‘rtasida o‘tkazilgan «Yong‘in xavfsizligi ko‘rik oyligi» tadbirlarida «Farg‘ona magistral elektr tarmoqlari» filiali jamoasi faxrli birinchi o‘ringa munosib ko‘rildi.

  – Prezidentimizning tegishli qaroriga asosan 2017-yilda Jahon banki ishtirokida magistral tarmoqlari podstansiyalarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish investitsiya loyihasini amalga oshirish ishlari boshlangan edi. Ushbu loyiha bo‘yicha qanday ishlar qilindi?

  – Darhaqiqat, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-sentabrdagi «Jahon banki ishtirokida magistral tarmoqlari podstansiyalarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingan. Mazkur hujjatning ijrosini ta’minlash maqsadi «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ tasarrufidagi 22 ta podstansiyalarda modernizatsiya va rekonstruksiya ishlarini bajarish ko‘zda tutilgan.

  Bu ishlar doirasida «Farg‘ona MET» filiali tarkibidagi energotizimni tashkil qiluvchi 220 kVli «Sokin», «O‘zgarish», «Farg‘ona» podstansiyalarida jismonan eskirgan elektr qurilmalarni zamonaviylariga almashtirish ishlari olib borildi. Misol uchun, «O‘zgarish» podstansiyasida amalga oshirilgan ishlar haqida to‘xtalsak. Podstansiyadagi AT-1 200 MVAli avtotransformatorini o‘rniga 250 MVAli yangi avtotransformatori o‘rnatilishi bilan birga, releli himoya panellarini yangi zamonaviy mikroprotsessorli RX shkaflariga almashtirildi. Shuningdek, 220 kV, 110 kVli havoli o‘chirgichlarini elegazli o‘chirgichlarga almashtirilib, rejalashtirilgan ishlar mukammal bajarildi. Bundan tashqari, 5 dona 220 kVli va 4 dona 110 kVli havoli o‘chirgichlar elegazli o‘chirgichlarga,15 dona 220 kVli va 6 dona 110 kVli tok transformatorlari, 12dona 220 kVli va 6 dona 110 kVli OPNlar zamonaviy qurilmalarga almashtirildi.

  – Ta’kidlaganingizdek, 2021-yilda salmoqli ishlar qilingan. Shu ishlarga qaramasdan, Farg‘ona viloyatida elektr energiya ta’minotida uzilishlar kuzatildi. Bunday holatlar elektr energiyasini uzatish jarayoni bilan bog‘liqmi?

  – 2021-yil davomida erishilgan ijobiy natijalar salmoqli bo‘lgani qatorida ayrim kamchiliklargaham yo‘l qo‘yildi. Xususan, elektr energiyasini uzatish jarayonida 5 marotaba podstansiya elektr qurilmalarida va 3 marotaba elektr uzatish liniyasida favqulodda o‘chishlar qayd etildi. Barcha favqulodda o‘chishlar “ikkinchi darajali to‘xtalish” sifatida belgilandi. Favqulodda o‘chishning sabab omillari tezkor aniqlandi va bartaraf etildi. Bunday nosozliklar takrorlanmasligi uchun zarur chora-tadbirlar amalga oshirildi.

  Ayni shu talablardan kelib chiqib, 2022-yilda ham filial tomonidan elektr energetika tarmog‘ining barqaror ish faoliyatiga munosib hissa qo‘shish, sohani rivojlantirish, sog‘lom va betalofat ish muhitini yaratish, xalqimizning farovon hayoti va mamlakatimiz taraqqiyoti yo‘lida xizmat qilishdek ezgu maqsadlarni oldimizga qo‘yganmiz.

  O‘zA muxbiri Nasiba ZIYODULLAYEVA suhbatlashdi.

  https://uza.uz/oz/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>