Kelib tushgan murojaatlar
Murojaatchiga javob: «Ajratilgan yer maydonida dehqonchilik yuritilmasdan, bino-inshoot qurilayotganligi ma'lum bo‘ldi...»
  • 31.03.2022
  • 350

Murojaat egasi: Sirdaryo viloyati, Boyovut tumani, Sarmich mahallasi, Chorbog‘ ko‘chasi, 51-uyda yashovchi fuqaro Orif Alimov.

Murojaat mazmuni: “Sirdaryo viloyati, Boyovut tumani, Sarmich mahallasidanman. 24 sotix dehqon xo‘jaligi (tomorqa) yerim bor, shundan 2 sotixida qurilish ishlari olib borilishi ko‘zda tutilayotgan ekan. Qurilayotgan 500 kV kuchlanishli liniya nega to‘g‘ri o‘tmay, ogohlantirish berilgan xo‘jaliklar qolib, mening tomorqam orqali o‘tmoqda?"

 

 

 

Murojaatga javob: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sirdaryo viloyatida quvvati 1500 MVt bo‘lgan yangi issiqlik elektr stansiyasi qurilishini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 10-avgustdagi PQ-4799-sonli qaroriga asosan Sirdaryo viloyati Shirin shahrida quvvati 1500 MVt bo‘lgan “Issiqlik elektr stansiyasi” qurilishini pudratchi “Acwa rower Sirdarya” kompaniyasi tomonidan loyiha asosida qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda. Loyihaga ko‘ra, yangi qurilayotgan elektr stansiyaga 500 kVli L-521 va L-550 elektr uzatish havo tarmoqlarining kirish-chiqish sxemasi bilan ulanishi ko‘zda tutilgan.

Fuqaro Alimov Orif Orziqulovich (12 sotixdan) hamda Alimov Odil Orziqulovichlarga (12 sotixdan) “Yuridik shaxs tashkil etmasdan dehqon ho‘jaligi tashkil etish uchun yer maydoni ajratish to‘g‘risida” Boyovut tuman hokimining 2017-yil 21-dekabrdagi 314-b-sonli qarori chiqarilgan bo‘lib, ajratilgan yer maydonida dehqonchilik yuritilmasdan, bino-inshoot qurilayotganligi ma'lum bo‘ldi.

Shu bilan birga, ko‘rsatilgan yer uchastkasida qurilayotgan binodan loyihalashtirilgan 500 kVli L-521 elektr uzatish havo tarmog‘ining 19–20-sonli tayanch ustunlari oralig‘idagi chetki simigacha bo‘lgan masofa 30,3 metrni tashkil etganligi hamda yer uchastkalaringizga tayanchlar o‘rnatish ko‘zda tutilmaganligi ma'lum qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Elektr tarmog‘i xo‘jaligi ob'ektlarini muhofaza qilish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida” 2018-yil 26-dekabrdagi 1050-sonli qarorida (500 kVli elektr uzatish havo tarmoqlari uchun – 30 metr etib belgilanganligi) ko‘rsatib o‘tilgan.

Iqtisodiyot tarmoqlarini va aholini energiya resurslari bilan barqaror va sifatli ta'minlash maqsadida, hozirgi kunda buyurtmachilar tomonidan loyihaga qat'iy amal qilgan holda, belgilangan ishlar bajarilayotgani va o‘zingizga ajratilgan yer uchastkalarida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 26 dekabrdagi 1050-sonli qarorga qat'iy amal qilgan holda dehqon xo‘jalik faoliyatini davom ettirishingiz mumkinligi bildiriladi.

Elektr tarmoqlaridan foydalanish boshqarmasi

 

Axborot xizmatidan eslatma: Murojaatchi, shuningdek, joriy yilning 14-mart sanasida 212013/22-sonli hamda 22-mart kuni 235994/22-sonli O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga Ishonch telefoni orqali, shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga, O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligiga va “O‘zbekiston milliy elekr tarmoqlari” AJ ishonch raqamlari orqali murojaat qilgan va unga rasmiy javob xatida (2022-yil 17-yanvardagi 7755-x/22-sonli murojaatiga asosan) 2022-yil 25-yanvar kuni “O‘zenergoinspeksiya” Sirdaryo hududi bo‘limini ma'sul xodimi va “Sirdaryo MET” filiali tomondan joyiga chiqib o‘rganilganligi to‘g‘risidagi ma'lumotlar ilova orqali taqdim etilgan.

Qo‘shimcha ilovalar:

 

 

 

 

 

✍️ «O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

 

>