«Prezident qarorlari — hayotda va nazoratda»
Ikkita turdosh tashkilot tasarrufidagi qurilmalar “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ balansiga o‘tkaziladi
  • 09.02.2022
  • 253

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 3-fevralda “Jahon banki ishtirokida “Elektr energetika sektorini transformatsiya qilish va barqaror elektr uzatish” loyihasini amalga oshirish hamda respublika magistral elektr tarmoqlari tizimini rivojlantirish va uning samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, mamlakatimiz magistral elektr tarmoqlari tizimini rivojlantirish, uning ishonchliligi va xavfsizligini oshirish,  avariyalarning oldini olish, shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlari va aholini elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlash ishlari yanada takomillashtiriladi.

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisining matbuot kotibi – axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchi Ulug‘bek Urunov ushbu qaror ijrosi yuzasidan amalga oshiriladigan ishlar haqida  ma’lumot berdi.

–Mazkur hujjat bilan “Dispetcherlik boshqaruvi va ma’lumotlarni yig‘ish dasturiy-apparat kompleksini (SCADA) joriy qilish” loyihasi amalga oshiriladi, – dedi U.Urunov. – Shu bilan birga, “Jahon banki ishtirokida magistral elektr tarmoqlari podstansiyalarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish (II faza)” investitsiya loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlari, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJning investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun jalb qilingan mablag‘lar va iqtisod qilinishi kutilayotgan xalqaro moliya institutlarining kreditlari ro‘yxati tasdiqlandi. 

Elektr uskunalarda dispetcherlik boshqaruvi tezkorligini ta’minlash maqsadida “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tarkibidagi korxonalar va “O‘zbekgidroenergo” AJ tasarrufida bo‘lgan 110-500 kV kuchlanishli taqsimlovchi qurilmalar “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ tasarrufiga balans qiymati bo‘yicha shtat birliklari bilan birga o‘tkaziladi.  

 

Nasiba ZIYODULLAYEVA, O‘zA

Manba: https://uza.uz/oz/posts/ikkita-turdosh-tashkilot-tasarrufidagi-qurilmalar-ozbekiston-milliy-elektr-tarmoqlari-aj-balansiga-otkaziladi_345225

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>