OAV va jamoatchilik bilan ishlash
OAV: «Bloger o‘zi kim? U xalqi uchun yozishi kerakmi yoki halqumi?»
  • 18.04.2022
  • 558

Ta'magirlik — hech qaysi mezon bilan oqlanmaganidek, hyech qaysi sohani chetlab o‘tmagan illat. Ta'magirlik pora oldi-berdisi bilan yonma-yon, shantaj, qo‘rqitish va aldovning xunuk ko‘rinishlarini akslantiruvchi oynadir. So‘z erkinligi bog‘ichlarining qo‘yib yuborilishi ortidan qator muammolar yuzaga qalqib chiqib, hal etilishga yo‘l ochilayotgan bo‘lsa, bu minbardan o‘z manfaati va xalqumi uchun foydalanib qolayotganlar bor. Andijonda, Qashqadaryo, Navoiy va boshqa viloyatlarda pora talab qilib, tovlamachilik yo‘li bilan bog‘cha mudirasidan pul undirmoqchi bo‘lgan, yer olib berishni rejalashtirgan “bloger”lar fikrimizga yaqqol dalil bo‘la oladi. Ochiq, shaffof, so‘z erkinligini suiiste'mol qilmaydigan, haq so‘zni ayta olgan faoliyat “blogerman” deydiganlarning dasturi bo‘lmog‘i joiz. Ammo, bu talab o‘lchovlari ayni kunlarda biroz teskari ishlatilayotgandek. Shu jihatdan, omma e'tiborini yana bir bora mazkur mavzuga qaratishni lozim topdik. Tahdid qiluvchi, shantajchi blogerlar jamiyatga kerakmi? Bloger faoliyatini tartibga solish o‘rinlimi? Shu kabi savollar bilan bir nechta faollarga yuzlandik.

Nargis Qosimova, jurnalist:

Haqiqatdan ham, bugungi kunda blogerlardan juda ham ko‘pchilik aziyat chekyapti, desam yanglishmagan bo‘laman. O‘zim juda ko‘p tashkilotlarning axborot xizmatlari rahbarlari bilan muntazam muloqot qilaman. Axborot xizmatlari rahbarlari aynan blogerlarni bevosita “shantajchiligi”dan, keyin pul talab qilishidan shikoyat qilishayotgani bor haqiqat. Chuqurroq o‘ylab qaralsa, qars ikki qo‘ldan chiqadi. Har qanday tashkilotning faoliyati shaffof bo‘lsa, hyech nimadan qo‘rqmasa, albatta, bloger shantaj qilganida ham ularga pul taklif etilmaydi. Lekin bugungi kunda bir ikkita o‘zim hurmat qilgan blogerlar bor edi. Viloyatlarda, hududlarda qilayotgan ishlarini eshitib, umuman ko‘nglim qoldi. Ana shunday blogerlar bilan o‘zaro kasbiy, umuminsoniy munosabatlarga nuqta qo‘ydim. Kamida 25 million (uyog‘i narx ko‘tarilib boraveradi, hatto, hududga qarab 100-500 millionga qadar) so‘m miqdoridagi shartnoma tuzishni taklif etar ekan. “Agarda pul o‘tkazib bermasangiz, unday bo‘ladi, bunday bo‘ladi”, deb qo‘rqitar ekan. Bilasizmi, ish bor joyda, albatta, kamchilik ham bo‘ladi. Va nimagadir rahbarlarimiz mana shu kamchililklarni ko‘tarib chiqishdan qo‘rqadi. Bunday hollarda aksincha, qo‘rqmaslik kerak, deb o‘ylayman. Balki yuzaga kelgan muammolarni bosqichma-bosqich bartaraf etish kerak. Bu birinchidan. Ikkinchidan, bizda allaqachon blogerlik faoliyatini tartibga solish vaqti keldi. Jurnalistika bilan blogerlikning farqi nimada? Jurnalistika ob'ektiv informatsiya tarqatadi. Ya'ni ikki tomonni eshitadi. Blogerlik — bu sub'ektiv informatsiya tarqatish bilan shug‘ullanadi. Demoqchimanki, bloger o‘zi tarqatayotgan materialni o‘zining saviyasi, dunyoqarashi, bilimi (bu yerda eng muhim masala bloger ko‘tarib chiqayotgan muammo uchun pul olganmi, yo‘qmi)dan kelib chiqqan holda e'lon qiladi. Aksar blogerlar esa, afsuski, muammo ildizini surishtirib, mavzuning mohiyatini chuqur anglamagan holda, kimdir shikoyat qilsa, qaerda kamchilik ko‘rsa tanqid qilib ketaveradi. Eng yomoni, ayrimlari insonning qadr-qimmatini tushiruvchi, shaxsiy daxlsizligiga putur yetkazuvchi turli so‘zlar bilan haqoratlashdan ham tiyilgani yo‘q. Masalan, “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi Qonunda blogerlik faoliyati yuzasidan moddalar kiritilgan. Shunga qaramay, bilim, etika va axloq qoidalariga amal qilmaydigan kimsalar o‘zidan “bloger” yasab olgan.

O‘zim ham bunga to‘qnash keldim. Ijtimoiy sahifalarimdan birida aynan yuqoridagi “sifatlar”ga ega blogerlar kerakmi degan mazmunda mart oyi avvalida post qoldirgan edim. Postim biror aniq shaxsga qaratilmagan, aksincha, jamoatchilik fikrini bilish uchun umumiy yozilgan edi. Uch kun o‘tar-o‘tmas “Qo‘rqma.uz” telegram kanalining blogeri o‘z-o‘zidan meni haqorat qilib chiqdi. Qaytadan “mana, blogerlarning saviyasi”, deya post e'lon qilganimda, kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqoratladi. Tegishli tashkilotlarga ariza bilan murojaat qildim. O‘sha blogerning shaxsi aniqlandi, ichki ishlar xodimlari bu ishni sudga oshiradi degan umiddaman. Bu ishning oxirigacha bormoqchiman. Meni haqoratlagan post joylangan shu kanalni ko‘z yugirtirib chiqqanimda, xotin-qizlarni haqoratlovchi postlar ko‘pligini ko‘rdim. Axborot maydonimiz nima uchun mana shunday haqoratomuz, sub'ektiv va axloqsiz informatsiyalar bilan to‘lib-toshmoqda. Nima uchun bu holatga hyech kim e'tibor qaratmaydi?

To‘g‘ri, O‘zbekistonimizda ko‘tarilishi kerak bo‘lgan muammolar ko‘p. Ammo bu muammolarni bir tomonlama ko‘r-ko‘rona yoritish kerak, degani emas. Bu bayroqni ijtimoiy tarmoqlarda allaqanday blogerlar ilib ketdi. Sababi, yuqoridan aytganimdek, jurnalistlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi me'yorlar ko‘p. Ular rasmiy manbalar orqali axborot uzatishga harakat qiladi.

Blogerlar uchun esa hyech qanday filtr mavjud emas. Ayrim aholi vakillari esa ulardan “qahramon” yasab olgan. Eng yomoni, Prezidentimiz ba'zi chiqishlarida blogerlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash haqida gapirganlari uchun ham bir qancha amaldorlar buni o‘zicha noto‘g‘ri talqin qilib hadiksirab qoldi. O‘zlari uyushtirgan media-turlarga professional jurnalistlar qolib, ana shunday “bloger”larni yetaklab ketadigan bo‘ldi. Ochiqdan-ochiq shantaj, asossiz pul undirish holatlari esa kundek ravshanlashib bormoqda. Bu esa, tekshirilmagan informatsiya tarqalishi, ekstremestik ma'nodagi gap-so‘zlar ko‘payishi uchun xizmat qilmoqda. Fuqarolar o‘rtasida ziddiyatli kayfiyatni paydo qilishga turtki bo‘lmoqda. Davlatni, jamiyatni, hukumatni qoralab chiqish bilan odamlardagi vatanparvarlik tuyg‘ularini so‘ndirishga urinish emasmi?

Buning uchun nima qilish kerak? Biz hozir boshimizdan kechirayotgan holat dunyoning boshqa mamlakatlari ham boshdan kechirgan. Qozog‘istonda, Rossiyada aynan blogerlar faoliyatini tartibga solish bo‘yicha qonunlar ishlab chiqilmoqda. Obunachisi ko‘p bo‘lsa, qanchadir miqdorda soliq to‘lashi lozimligi, chiqarayotgan postlarining kelguchida axborot xurujiga, qandaydir tahdidli axborotga aylanib ketmasligi uchun nazoratga olish yuqoridagi mamlakatlarda ancha tartibga solingan. Ana shu jarayondan keyin qator blogerlar o‘z faoliyatini to‘xtatdi. Shundan so‘ng ro‘yxatdan o‘tgan, rasmiy OAVning salohiyati kuchaydi, saviyasi ko‘tarildi. Ular yana o‘z ovoziga ega bo‘la boshladi. Aslida, rivojlangan demokratik jamiyatda mana shunaqa bo‘lishi kerak, menimcha.

Nurbek Alimov, bloger:

Ha, bunday “bloger”lar bor. Chunki, guruch kurmaksiz bo‘lmaydi. Turli tashkilotlarni va jamiyatda obro‘yi baland insonlarni shantaj qilib pulini olishga intiladigan yoki biror narsa undirish ilinjida ta'magirlik qiladigan, murodini hosil qilmasa, uni yomonlab yozadiganlar bor. Buni men katta muammo hisoblamayman. O‘sha bloger qonun doirasidan chiqdimi, qonunni buzdimi, marhamat sudga, marhamat qamoqqa. Jinoyat qilyaptimi, jazosini olsin.

Buni so‘z erkinligini noto‘g‘ri tushunish oqibatida kelib chiqadigan «pobochnыy effekt»lar, deb o‘ylayman. Qonun ishlasa, jazo muqarrar bo‘lsa, bu kabi holatlar o‘z-o‘zidan tinchib ketadi.

Bahodir Ahmedov, bloger-huquqshunos:

Bloger — bu fuqaro, ya'ni ijtimoiy tarmoqda sahifasi bo‘lgan har qanday odam bloger sanalishi mumkin. Fuqaroning ichida ham har xili — firibgari bor, qonun buzmaydigani bor. Blogerning ham xuddi shunday; kerak bo‘lsa, jurnalistning ham har xili bo‘lishi mumkin. Shuning uchun qaysidir bloger qo‘lga tushib, haqiqatdan ham aybi bo‘ladigan bo‘lsa, huquqni muhofaza qilish organlari, sud orqali uni javobgarlikka tortish lozim. Butun dunyoda eng ko‘p sud ishlari ommaviy axborot vositalari, pressalari bilan bo‘ladi. Chunki har xil holat bo‘lishi tabiiy jarayon. “Sha'nimni toptadi, biznesimga zarar keltirdi”, deb sudga berilishi normal holat, aslida. Bunga ham ko‘nikish kerak. Ular orasida qonun buzadiganlari chiqib qolsa, belgilangan tartibda jazolansin.

Nargiza YuNUSOVA, “Human.uz” jurnalisti

Manba: https://human.uz/8/46/5859

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati
 t.me/uzmetaxborotxizmati

>