OAV va jamoatchilik bilan ishlash
OAV: ““O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” yil boshidan beri 1,5 trillion so‘m zarar ko‘rdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 6,5 barobarga ko‘p”
  • 27.04.2022
  • 341

“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari”ning 2022-yilning yanvar—mart oylaridagi umumiy daromadi 5,1 trln so‘mni tashkil etdi. Bu haqda “Daryo”ga kompaniya moliyaviy hisobotidan ma’lum bo‘ldi.

Daromad 2021-yilga nisbatan deyarli o‘zgarmagan. Biroq bu davrda xarajatlar ko‘paydi — 5,2 trln so‘mdan 6,4 trln so‘mga yetdi. 

Kompaniya foyda ko‘rmagani sababli foyda solig‘ini to‘lamagan.  

O‘tgan yilning birinchi choragida “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” 225 mlrd so‘m zarar ko‘rgan edi. Bu yil esa zarar miqdori 6,5 barobarga oshib 1,49 trln so‘mga yetdi.

“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” matbuot xizmati holat bo‘yicha “Daryo”ga izoh berdi

Unga ko‘ra, zarar miqdorini keskin oshib ketishing asosiy sababi kompaniya O‘zbekistonda elektr energiyasini yagona xarid qiluvchi va sotuvchi hisoblanishi.

Jamiyatning moliyaviy faoliyati — elektr energiyani ishlab chiqaruvchilardan xarid qilib olish va hududiy elektr tarmoqlariga sotish hisobiga shakllanadi. Tariflar idoralararo ta’rif komissiyasi tomonidan belgilab berilgan bo‘lib, elektr energiyasini xarid qilish va sotish tariflari asosida amalga oshiriladi, — deyiladi matbuot xizmati xabarida.

Ma’lum bo‘lishicha, 2022-yil birinchi chorakda ishlab chiqaruvchilardan jami 18,6 mlrd kilovatt soat elektr energiyasi o‘rtacha QQS bilan birga 378,2 so‘mdan xarid qilinib, hududiy elektr tarmoq korxonalariga o‘rtacha 320,9 so‘mdan sotilgan (har bir kilovatt soatdan 57,3 so‘mdan zarar ko‘rilgan).

“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” qanday kompaniya? 

“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati prezidentining 2019-yil mart oyidagi qaroriga muvofiq tashkil etilgan. Kompaniya Energetika vazirligi tizimida faoliyat yuritadi.

Asosiy faoliyat turlari quyidagilar:

O‘zbekistonning magistral elektr tarmoqlaridan foydalanish va ularni rivojlantirish;

elektr energiyani magistral elektr tarmoqlari orqali yetkazib berish;

davlatlararo tranzitni amalga oshirish;

qo‘shni davlatlarning elektr energetika tizimi bilan hamkorlik qilish va boshqalar.

“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” markaziy apparati va tarkibidagi tuzilma hamda filiallarda jami bo‘lib, 5000 nafarga yaqin xodim ishlaydi.

Avvalroq UzAuto Motors yil boshidan buyon qancha foyda ko‘rgani ma’lum bo‘lgan edi. Kompaniyaning sof foydasi 619 mlrd so‘mga yetib, o‘tgan yilga nisbatan qariyb ikki barobar oshgan.  “O‘zbektelekom”ning foydasi ikki barobarga tushgan. Birinchi uch oyda kompaniyaning sof foydasi 120 mlrd so‘m bo‘ldi.

 

 

Manba:

 

https://daryo.uz/2022/04/27/ozbekiston-milliy-elektr-tarmoqlari-yil-boshidan-beri-15-trillion-som-zarar-kordi-bu-otgan-yilga-nisbatan-65-barobarga-kop/

https://openinfo.uz/ru/reports/17286/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmat

>