Yangiliklar
Energiya tejamkor qurilmalar o‘rnatganlik uchun kompensatsiya olish tartibi yuzasidan videobayonot
  • 11.05.2022
  • 684

Energetika vazirligiga jismoniy va yuridik shaxslardan quyosh fotoelektr stansiyalari, quyosh suv isitkichlari va energiya samarador gaz-gorelkali qurilmalarni o‘rnatish uchun kompensatsiya olish tartibi bo‘yicha murojaatlar kelib tushadi.

Bugungi videobayonotimizda ushbu murojaatlar yuzasidan ma'lumot berib o‘tamiz.

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 14-apreldagi qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 3-ilovasida keltirilgan shakl asosida ariza bilan ishchi guruhga (shahar yoki tuman hokimligiga) murojaat qilishingiz kerak.

Ushbu ariza shakli bilan Energetika vazirligining veb-saytida tanishishingiz mumkin.

 

 

- arizangizga asosan ishchi guruh 10 ish kunida energiya samarador va energiya tejovchi qurilmalarning qurilish-sozlash ishlari, yong‘in va texnika xavfsizligi qoidalari hamda shaharsozlik normalariga muvofiq amalga oshirilganligini o‘rganadi.

- bunda, o‘rnatilgan energiya samarador qurilmalar belgilangan normalarga muvofiq deb topilganda sotib olishga sarflangan xarajatlarning bir qismini Davlat byudjetidan qoplanishi to‘g‘risida dalolatnoma tasdiqlanadi hamda talabgorga yuboriladi;

- agar aksincha, taqdim etilgan hujjatlaringiz to‘g‘ri yoki to‘liq bo‘lmaganda yoxud boshqa kamchiliklar tufayli rad etilganda, kamchiliklarni bartaraf etib 1 oy muddatda qayta ariza topshirishingiz mumkin bo‘ladi.

Hujjatlar rasmiylashtirilgandan so‘ng, har oyning 5-sanasiga qadar hududiy moliya bo‘limlari barcha murojaatlarni umumlashtiradi hamda kompensatsiya uchun talab etiladigan mablag‘larni 1 oy muddatda belgilangan tartibda talabgorning bank kartasi yoki bank hisob-varag‘iga o‘tkazadi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan kompensatsiya jismoniy shaxslarga – quyosh fotoelektr stansiyalari, quyosh suv isitkichlari, shuningdek, energiya samarador gaz-gorelkali qurilmalarni sotib olish xarajatlarining 30 foizi miqdorida ajaratiladi.

Shundan:

- quyosh fotoelektr stansiyalari uchun – 3 million so‘mdan;

- quyosh suv isitkichlari uchun – 1,5 million so‘mdan;

- energiya samarador gaz-gorelkali qurilmalar uchun – 200 ming so‘mdan oshmaydigan miqdorda kompensatsiya mablag‘lari ajratiladi.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari, energiya samarador gaz-gorelkali qurilmalar va qozonlar, shuningdek, energiya samarador boshqa uskunalarni xarid qilish uchun olingan tijorat banklarining kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlarining bir qismi qoplashga:

jismoniy shaxslarga — 500 million so‘mdan oshmaydigan kreditlar bo‘yicha — O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalash stavkasidan oshgan qismida, biroq 8 foiz punktidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda;

yuridik shaxslarga — 5 milliard so‘mdan oshmaydigan kreditlar bo‘yicha — O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalash stavkasidan oshgan qismida, biroq 5 foiz punktidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda.



 

O‘zbekiston Respublikasi

Energetika vazirligi Matbuot xizmati

Manba: https://minenergy.uz/uz/news/view/1944

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

 

>