Yangiliklar
"Sirg‘ali” podstansiyasi bilan tanishuv va uch oylik sarhisob
  • 13.05.2022
  • 472

Qaror va ijro

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati mamlakatimizning magistral elektr tarmoqlaridan foydalanish va ularni rivojlantirish, elektr energiyani magistral elektr tarmoqlari orqali yetkazib berish va davlatlararo tranzitni amalga oshirish, qo‘shni davlatlarning elektr energetika tizimi bilan hamkorlik qilish ishlari bilan shug‘ullanadi.

Jamiyat tarkibida 14 ta hududiy magistral elektr tarmog‘i, energetika tizimi bo‘yicha faoliyat yuritadigan milliy dispetcherlik markazi, markaziy rele himoyasi va avtomatika xizmati, loyihalashtiruvchi, qurilish-montaj va boshqa xizmatlar ko‘rsatuvchi funksional filiallar mavjud. Jamiyatga qarashli 85 ta podstansiya va 11 400 km dan ortiq 220-500 kVli magistral havo elektr uzatish liniyasi mavjud.

Elektr energiyasi transportirovkasi hamda iste’mol balansi 2022-yilning I chorak yakunlariga ko‘ra, balans ko‘rsatkichlari, ya’ni 2022-yil yanvar-mart oylarida issiqlik elektrstansiyalari hamda markazlarida 19 745,5 million kilovatt/soat, amalda 18 517,1 million kVt/soat, gidroelektr stansiyalarida esa 806,6 million kVt/soat, amalda 961,1 million kVt/soat elektr energiyasini ishlab chiqarilgan.

Bugun mazkur tashkilot tomonidan tashkil etilgan 220 kV kuchlanishli “Sirg‘ali” podstansiyasiga uyushtirilgan press-turda shu haqda ma’lumot berildi.

"Toshkent magistral elektr tarmoqlari" filiali direktori Abdulaziz Boymuhammedov "Sirg‘ali " podstansiya faoliyati haqida gapirib berdi.

– 9 gektar hududda joylashgan mazkur stansiya 2020-yil 5-mayda foydalanishga topshirilgan, – dedi u. – Stansiya Prezidentimizning 2018-yil 29-martdagi qarori ijrosi doirasida bunyod etildi. Hozirgi kunda Toshkent metallurgiya zavodi va Yangi hayot va Sergeli tumanlari mahallalarga elektr energiya yetkazib beradi. Ushbu podstansiyada zamonaviy qurilmalar o‘rnatilgan bo‘lib, u raqamli ish tartibida ishlaydi. Ya’ni barcha jarayonlar boshqaruv markazi orqali inson omilisiz bajariladi. Kompyuterlashgan tizimda har bir ish parametri aniq ko‘rsatib turiladi.

 

"SIRG‘ALI” PODSTANSIYASI BILAN TANISHUV VA UCH OYLIK SARHISOB

https://uza.uz/oz/collection/7074

Shundan so‘ng ishtirokchilar podstansiya faoliyati bilan tanishtirildi. Navbatchi guruhning elektr qurilmalarida olib borilayotgan ishlari kuzatildi. Shuningdek, xodimlarning xavfsizlik texnikasi bo‘yicha tayyorgarligi va tibbiy xizmat ko‘rsatish tartiblari yuzasidan amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

Press-tur doirasida joriy yilning uch oyligi yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.

Unda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Sobirjon Ortiqov ushbu davrda amalga oshirilgan ishlarga alohida to‘xtalib o‘tdi.

– 2022-yil 1-chorak davomida mamlakatimizda ishlab chiqarilgan 19 701 million kVt/soat, shu bilan birga, qo‘shni respublikalardan import qilingan 1600 million kVt/soat elektr energiyasi «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi yuqori kuchlanishli podstansiya hamda elekr tarmoqlari orqali taqsimlovchi past kuchlanishli tarmoqlarga yetkazib berildi, – dedi S.Ortiqov.

Bunda elektr energiyasini uzatishdagi texnologik sarfi belgilangan me’yor 2,98 foiz o‘rniga, amalda esa 620,8 million kVt/soat, ya’ni yoki 2,70 foizni tashkil etdi.

Mahsulot tannarxini pasaytirish bo‘yicha yil boshidan 1,5 milliard so‘mga xarajatlar qisqartirilib, reja 101,4 foizga bajarildi. Importni qisqartirish ko‘rsatkichi yanvar-mart oylarida 60 ming AQSH dollari miqdorida 104,3 foizga bajarildi.

Elektr uskunalarida 2022-yil yanvar-mart oylarida 4 ta 110-500 kVli kuch transformatori, 9 ta 110-500 kVli o‘chirgichi, 5 ta havo kompressori, 147,5 km havo elektr uzatish tarmoqlarida mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.

Yuqori kuchlanishli podstansiyalar quvvatlarini oshirish 2022-yil boshidan modernizatsiya dasturi asosida 2 ta podstansiyada yuqori kuchlanishli transformatorlar o‘rnatilib ishga tushirilishi natijasida quvvat 141 MVAga oshirildi. Jumladan, Toshkent viloyati“Traktorsoz” podstansiyasida bir dona 125 MVA, Samarqand viloyati “Cho‘ponota” podstansiyasida 16 MVAdir. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-dekabrdagi PQ-72-sonli qarori ijrosida investitsiya loyihalar haqida so‘z bordi. Xususan, “O‘zbekiston MET” AJ bo‘yicha umumiy loyiha qiymati

1 159,1 million AQSH dollari miqdorida bo‘lgan 14 ta yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Shundan 2022-yilda 133,3 million AQSH dollari miqdorida mablag‘larni o‘zlashtirish ko‘zda tutilgan. 2022-yil yanvar-mart oylarida barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan jami 13,8 million AQSH dollari o‘zlashtirilgani qayd etildi.

 

Nasiba ZIYODULLAYEVA, O‘zA

Manba: https://uza.uz/oz/posts/sirgali-podstansiyasi-bilan-tanishuv-va-uch-oylik-sarhisob_371773

 

✍️ «O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>