OAV va jamoatchilik bilan ishlash
kun.uz — “Qancha arzon bo‘lsa, shuncha tanqis bo‘ladi” - iqtisodchilar energetika islohoti haqida
  • 14.05.2022
  • 453

O‘zbekistonda sog‘lom raqobat muhitiga asoslangan, barcha ishtirokchilar teng imkoniyatlarga ega bo‘ladigan va narxlar shaffof ravishda shakllanadigan, eng muhimi tanqislik muammosini hal etishi kerak bo‘lgan energetika islohoti o‘tkazilishi lozim: prezident farmoniga asosan, 2022-yilda o‘zgarishlarning huquqiy asoslari yaratiladi. Kun.uz bu nega muhimligi haqida iqtisodchilarning fikri bilan qiziqdi.

 

“Eng qulay vaqt – hozir”

Janubiy Koreyaning Jeonbuk universitetida iqtisodiyot bo‘yicha magistrant darajasini olgan Mirkomil Xolboyev Kun.uz bilan suhbatda energetika islohotini ortiq kechiktirmaslik zarurati haqida so‘z yuritdi.

— Energetika islohotlarini amalga oshirish va narxlarini erkinlashtirish uchun eng yaxshi payt – hozir. Ya’ni kecha ham yaxshi vaqt edi, hozir ham shunday. Yo‘qotish yildan yilga oshib boraveradi, islohotni amalga oshirmaslik esa yo‘qotishlarni hech qanaqasiga kamaytirmaydi.

Energiya narxlari o‘zgarishi iqtisodiyotga bir nechta signal beradi, bu esa bozor ishtirokchilari qarorlarini o‘zgartirishiga ham ta’sir o‘tkazadi. Islohot birinchi navbatda energiya resurslari samaradorligiga olib keladi. Iste’mol qiluvchilar: ham biznes vakillari, ham oddiy aholi qatlami tejamkorlik rejimiga o‘ta boshlaydi. Hozirgi subsidiya asosida taqdim qilinayotgan energiyadan foydalanishda tejamkorlik nuqtayi nazaridan rag‘bat mavjud emas. Suv resurslari ham shunaqa. Subsidiya asosida fermer xo‘jaliklariga taqdim etilgani bois suv resurslarimiz haddan ziyod tanqis bo‘lsa ham isrofgarchilik darajasi juda ham baland.

Bundan tashqari, O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining sezilarli qismi (2020-yildagi statistik ma’lumotlar bo‘yicha 6,6 foiz) energiya resurslarini subsidiyalash uchun sarflanadi. Bu esa davlat mablag‘lari samarasiz sarf qilinishiga olib kelaveradi va alternativ ravishda ushbu mablag‘larning nisbatan anchayin foydaliroq boshqa sohalarga (xususan, ta’lim va tibbiyot) yo‘naltirilishiga imkon bermaydi.

“Bizga haqiqiy ijtimoiy siyosat kerak”

Mirkomil Xolboyev / Foto: Facebook

— Hukumat o‘zi ijtimoiy siyosat deb ataydigan, hatto aholi ham shunday hisoblaydigan energetika mahsulotlarining subsidiyalanishi ham aslida ijtimoiy siyosat emas. Oddiy elektr energiyasini olaylik (yoki tabiiy gaz). Hukumat aholi elektr energiyasini arzonroq (aslida juda qimmatga tushadi) sotib olishi uchun bu sohaga har yili juda katta mablag‘ ajratadi. Lekin yaxshilab e’tibor berilsa, bu siyosatdan pastroq daromadli hamda arzon elektr energiyasiga muhtoj aholi qatlami emas, balki daromadi yuqoriroq bo‘lgan qatlam ko‘proq naf ko‘radi.

Ya’ni elektr energiyasi narxi arzon, lekin o‘sha arzon elektr energiyasiga eng muhtoj aholi qatlami ta’minotdan eng ko‘p uziladi.

Boshqacha aytganda, nisbatan kam daromadli aholi qatlami qishloq hududlarda yashaydi. Ular uchun elektr narxi arzon, lekin o‘zi yo‘q.

Nisbatan daromadi yuqori qatlam hamda bozor narxidagi elektr energiyasini sotib olishga qodir bo‘lgan aholining aksariyati shahar hududlarda istiqomat qiladi hamda ular, birinchidan, o‘rtacha qishloqlikdan ko‘proq vaqt davomida, ikkinchidan, qishloq aholisiga nisbatan karrasiga ko‘proq miqdorda elektr energiyasi iste’mol qiladi.

Demak, aslida aholining o‘zi ham ijtimoiy siyosat deb hisoblaydigan energiya mahsulotlarining subsidiya natijasida arzonroq berilishi ham boyroq aholiga ko‘proq naf keltiradi. Bunday misollarni judayam ko‘p davom ettirish mumkin. Xulosa esa o‘zgarmaydi: bizga haqiqiy ma’nodagi ijtimoiy siyosat kerak, hozirgi kabi qog‘ozda ijtimoiy siyosat deya e’tirof etiladigan, aslida esa asosan daromadi yuqori qatlamni himoya qiladigan ko‘zbo‘yamachilik emas.

Davlat o‘zining asosiy vazifasi imkoniyatlar tengsizligini oshirish emas, balki uni qisqartirish ekanini yaxshiroq anglashi zarur. Ammo hech kim buni xohlayotgandek ko‘rinmayapti.

Janubiy Koreya tajribasi

— Janubiy Koreyada bir necha yil mobaynida yashaganman. Bu borada Koreya tajribasi bilan o‘rtoqlashadigan bo‘lsam, 1974-yildan boshlab bu mamlakatda energiya resurslari uchun bir necha pog‘onali to‘lov tizimi joriy qilingan. Adashmasam, 2004-yildan 2016-yilgacha 6 pog‘onali tizim o‘rnatilgan bo‘lsa, undan keyingi davrda 3ta kategoriyaga tushirilgan. Bunda iste’mol oshib borgani sari, narxlar ham qimmatlashib boraveradi.

Men bu mamlakatda bo‘lgan paytimda:

♦ 200 kVt.soatgacha iste’mol qiladigan uy xo‘jaliklari uchun har kVt.soat uchun 93 von;

♦ 200 kVt.soatdan 400 kVt.soatgacha iste’mol qiladiganlar uchun har kVt.soatga 188 von;

♦  400 kVt.soatdan ko‘proq iste’mol qiladigan uy xo‘jaliklari esa har kVt.soat uchun taxminan 280 von to‘lov to‘lashar edi.

Ko‘rinib turibdiki, birinchi kategoriyaga kiruvchi iste’molchilar uchinchi kategoriyaga kiruvchi iste’molchilarga qaraganda 3 barobar kamroq pul to‘laydi.

Yana bitta alohida kategoriya bor:

♦  Oylik iste’moli 1000 kVt.soatdan oshadigan xo‘jaliklar har kVt.soat uchun 700 vondan haq to‘lashadi.

Janubiy Koreyadagi tizimni O‘zbekistonda joriy qilish uchun, avvalo o‘rtacha uy xo‘jaliklarining oylik o‘rtacha qancha elektr energiyasi iste’mol qilish miqdorini aniqlashtirib olish kerak. Koreyada aholining taxminan 65 foizi ikkinchi kategoriyaga kiradi.

Shuningdek, jismoniy jihatdan zaif qatlam vakillari uchun 30-40 foiz atrofida, maktab yoki bog‘cha kabi ta’lim muassasalari uchun ham yoz oylarida 50 foizgacha chegirmalar taqdim qilinadi.

O‘zbekiston ham shunga o‘xshash tizimga o‘tmoqchi bo‘lsa, chegarani nisbatan pastroqqa tushirib, faqatgina ijtimoiy himoyaga muhtoj va kambag‘al aholi qatlamiga arzon elektr energiya yetkazib berish tizimini saqlab qolishi kerak. Samarasiz va ko‘p elektr energiyasi iste’mol qiluvchilar esa ko‘proq pul to‘lashi lozim.

“Energiya qancha arzon bo‘lsa, shuncha tanqis bo‘ladi”

Foto: Botir Qobilovning shaxsiy arxividan / Gazeta.uz

AQShning Harvard universiteti doktoranti, iqtisodchi Botir Qobilovning biz bilan suhbatda aytishicha, energiya resurslari bozor narxidan arzon bo‘lsa, bu isrofgarchilik va eng muhimi defitsitga sabab bo‘ladi.

— Narxlarni erkinlashtirish vaqti anchadan beri ortga surilib kelinmoqda. Iqtisodiyotimizga katta zararlardan biri aynan subsidiyalar, ayniqsa energiya subsidiyalari. Avvalambor, energiya subsidiyalariga bevosita va bilvosita o‘sha-o‘sha iste’molchi va aholi pul to‘laydi. Faqat subsidiyalar orqali foydalar aholi boy qatlamiga noproporsional ravishda taqsimlanadi.

Energiya subsidiyalarining salbiy iqtisodiy ta’sirini iqtisodchilar keng e’tirof etib keladi. Gap shundaki, bu subsidiyalar – aholi daromad tengsizligini yanada oshiradigan, kambag‘al qatlamni himoya qilmaydigan va iqtisodiy jihatdan samarasiz instrument.

Ya’ni energiya subsidiyalari orqali boylar faqat boyib ketadi, kambag‘allar esa battar kambag‘allashadi. Yoqilg‘i, energiya subsidiyalari foydalari uy-xo‘jaliklari energiya iste’moliga mutanosib ravishda taqsimlanadi, ya’ni kim ko‘proq energiya ishlatsa, o‘sha iste’molchi subsidiyadan ko‘proq foyda oladi.

Yuqori daromadli uy xo‘jaliklari iste’mol savatlarida odatda past daromadli uy xo‘jaliklariga qaraganda ko‘proq energiya iste’moli va xarajati bo‘ladi.

Fiskal siyosat nuqtayi nazaridan, energiya subsidiyalariga bo‘lgan davlat xarajatlari boshqa davlat xarajatlarini “siqib chiqarishi” yoki aholini regressiv soliqqa tortish orqali moliyalashtirishni talab qilishi mumkin.

Bundan tashqari, energiya subsidiyalari bozorda “buzuq” narx signallarini yaratadi va yuqori energiya iste’moliga yoki ishlab chiqarishga olib keladi. Ya’ni energiyani qancha arzon qilib qo‘ysak, bu energiyaning yanada ko‘proq iste’moliga, isrofgarchilikka va eng muhimi, energiya tanqisligiga olib keladi.

Xulosa shuki, yakuniy foydalanish narxlarini pasaytirish orqali iste’molga beriladigan subsidiyalar energiyadan foydalanishni ko‘paytirishni rag‘batlantirishi va energiyani samarali tejashga qaratilgan rag‘batlarni kamaytirishi mumkin.

Har bir o‘zbekistonlikka, shu jumladan chaqaloqlarga ham 112 dollardan

— Xalqaro energetika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston 2020-yilda energiya subsidiyasi uchun 3,9 milliard dollar ishlatgan. Albatta, bu 2017-yilgi 5,6 milliard va 2018-yilgi 9 milliard dollardan kamligini e’tirof etish kerak. Lekin boshqacha qilib aytganga, biz yalpi ichki mahsulotimizning 6,6 foiz qismiga teng mablag‘ni energiya subsidiyasiga ishlatar ekanmiz. 2020-yilda faqat Venesuela (6,8 foiz) va Liviyada (15,1 foiz) bu ko‘rsatkich ko‘proq bo‘lgan.

Agar kishi boshiga chaqsak, 2020-yilda, har bir insonga 112 dollar subsidiya to‘g‘ri kelgan ekan. Agar bizdan ancha boyroq mamlakatlarga solishtirsak, bu juda ko‘p. Masalan, Rossiyada 101 dollar, Indoneziyada 25 dollar, Malayziyada 3 dollar, Koreyada esa kishi boshiga 1 dollar subsidiya.

Energetika sohasiga subsidiyalar hajmi kattaligini bilish uchun boshqa sohalarga xarajatlar bilan, masalan ta’lim, tibbiyot va ilm-fan bilan solishtirsak kifoya. Bundan tashqari, 2021-yilda zarar ko‘rgan davlat ishtirokidagi eng katta 10 ta korxonaning deyarli barchasi energetika sohasiga aloqadorligi diqqatga sazovor.

“Qanchalik boy bo‘lsang, shunchalik ko‘p nafaqa olasan”

Foto: Kun.uz

AQShning Viskonsin universiteti biznes-maktabi doktoranti, iqtisodchi Behzod Hoshimov Gazeta.uz'da e’lon qilingan maqolasida ayni paytda subsidiyalangan energetika resurslarining aholiga yetkazib berilishini quyidagicha ta’riflagan:

— Tasavvur qiling, energetika vaziri endi O‘zbekiston aholisining har biri o‘z shaxsiy ehtiyojlari uchun davlat budjetidan nafaqa olishini e’lon qildi. Lekin buning bir sharti bor: odam qancha boy bo‘lsa, u oladigan nafaqa miqdori ham shuncha ko‘p bo‘ladi va aksincha, odam qancha kambag‘al bo‘lsa, unga beriladigan nafaqa ham shuncha oz bo‘ladi. Agar u juda-juda kambag‘al, hatto boshpanasiz yashayotgan bo‘lsa, u oladigan nafaqa miqdori ham shunga yarasha – amalda nolga teng bo‘ladi. Basharti odam juda boy bo‘lsa, nafaqa miqdori oyiga bir necha million so‘mga boradi.

Bunday e’longa jamoatchilik qanday qarashini tasavvur qilish qiyin emas. Menda sizlar uchun noxush xabar bor: garchi hech kim ommaviy tarzda buni e’lon qilmagan bo‘lsa ham, amaldagi voqeligimizning o‘zi shunday.

Mana bir necha o‘n yildirki, biz shunday “jamoat shartnomasi” asosida yashayapmiz va unga ko‘ra, mamlakatimizning badavlat kishilari kambag‘allarga nisbatan qiyoslab bo‘lmas darajada ko‘proq nafaqa olishmoqda. Bu o‘rinda gap energetik subsidiyalar haqida.

Deyarli barcha energiya manbalari soliq to‘lovchilarning mablag‘lari hisobidan subsidiyalanadi. Elektr energiyasi ham, tabiiy gaz ham “haqiqiysi”dan past narxda sotilyapti, narxdagi tafovut esa soliq to‘lovchilar pullari hisobidan qoplanmoqda.

“Kimdir bir xonali kvartirada yashaydi. Kimningdir hovlisida esa elektr bilan isitiladigan basseyn bor”

— Gaz va elektrdan foydalanish hajmi ko‘p jihatdan odamlarning daromadiga bog‘liq: kimningdir uyi – bir xonali kvartira va u yerda oltita cho‘g‘lanma chiroq ishlatiladi, boshqa birovning uyi – hovli va u yerda suvi elektr bilan isitiladigan hovuz bor. Badavlat odam pul ekvivalentida ancha ko‘p subsidiya oladi. Bu farq odatda bir necha ming barobar kattaroq bo‘ladi.

[...] Energiya ishlab chiqarish eksternaliyalarga (tashqi ta’sirlarga) ega: havo va hayot sifati yomonlashadi. Agar subsidiyalarni shu nuqtayi nazardan ta’riflaydigan bo‘lsak, u quyidagicha ifodalanishi mumkin: davlat boylar tomonidan atrof-muhit ifloslanishida homiylik qilib, ayni paytda aholining kam ta’minlangan qatlamlariga soliq soladi.

Ustiga ustak, shu subsidiyalar sharofati bilan mamlakatdagi energiya resurslari yetishmovchiligi tahlikali darajada. Holbuki, aholining bir qismi, asosan poytaxtda yashovchilar arzonlashtirilgan yonilg‘i va elektr energiyasidan uzluksiz foydalanayotgan bir paytda deyarli barcha mintaqalarda bu resurslarni yetkazib berishdagi kechikishlar va taqchillik odatiy holga aylangan. “Bu uyda elektr toki bormi?” degan savol ba’zi mintaqalarda hech kimni ajablantirmaydi.

“Arzon energiya iqtisodiyotni uzoq muddatda xavf ostiga qo‘yadi”

AQShning Georgetown universiteti talabasi Shahzod Yo‘ldoshboyev shu yil boshida Kun.uz'da e’lon qilingan maqolasida biror-bir mamlakatda energiyaning arzonligi maqtagulik holat emasligi haqida yozgandi.

Foto: Shahzod Yo‘ldoshboyevning shaxsiy arxividan

— O‘zbekiston dunyodagi eng arzon elektr energiyasiga ega davlatlar ichida. Bu yaxshi bo‘lib tuyulishi mumkin, biroq bunday past narxlar iqtisodiyotimizni uzoq muddatda katta xavf ostiga qo‘yadi.

Biz bilan birga eng arzon elektr energiyaga ega mamlakatlarga nazar tashlaymiz: Liviya, Angola, Sudan va boshqa – nihoyatda kambag‘al davlatlar. Arzon elektr energiyasining istehzosi shundaki, u aynan kambag‘al mamlakatlarda uchraydi.

 

Bunday davlatlar o‘z aholisini energiya bilan butunlay qamrab olmaydi va bu vaziyat subsidiyalarga qaramay emas, balki aynan subsidiyalar sabab vujudga keladi. Hukumat energiya narxini qancha pastroq ushlashga harakat qilsa, elektr energiyasi bilan doimiy ravishda ta’minlay olishi mumkin bo‘lgan xonadonlar soni shuncha oz bo‘ladi. Subsidiyalar infratuzilmadagi bo‘shliqlarni yaxshilashga emas, balki ularning kelib chiqishining asosiy sababi hisoblanadi.

“Qimmatroq energiya hech kimga yoqmaydi, lekin...”

— Energiya subsidiyalari sohasini isloh qilish kompleks choralar bilan birga o‘tkazilishi lozim. Chunki ko‘p yillik nuqsonli energetik tizim shunchaki subsidiyalardan xoli qilinib, “isloh” qilinishi iste’molchining egniga og‘ir yuk bo‘lib minishi, narxlar asossiz yuqorilashiga olib keladi. Avvalo, sohani sog‘lom bozor munosabatlariga o‘tkazish lozim. Aytish lozimki, O‘zbekiston bir qator energiya ishlab chiqaruvchi, “Tolimarjon” IES kabi korxonalarni xususiylashtirishga qiziqish bildirmoqda. Moliya vaziri Timur Ishmetov hukumatning bu irodasini 2021-yil oktabr oyida tasdiqlagan edi.

Elektr energiyasini ishlab chiqarish va sotish bilan birga, uni iste’molchiga yetkazish kerak. Bu ikki bosqichdan iborat: yuqori voltli liniyalar orqali amalga oshiriladigan transmissiya va past voltli o‘tkazish liniyalari orqali amalga oshiriladigan taqsimlash. Bu ikki soha yuqori chiqimlar bilan bog‘liq bo‘lgani sabab, tabiiy monopoliyalar “hovlisi” bo‘lib, unda yagona kompaniyaning faoliyat yuritishi jumla bozorning manfaatiga ishlab turibdi.

Boshqacha aytganda, elektr energiyani yetkazishda iqtisod qilish qiyin, chunki bu sohaga raqobatni kirgizish deyarli imkonsiz, davlat esa xavfsizlik nuqtayi nazaridan o‘tkazish liniyalarini o‘zida saqlab turishga majbur. Biroq davlat buni o‘zida olib turish o‘rniga xususiy kompaniyalarni – samarali menejment va iste’molchilarga xizmat qilishning ilg‘or uslublarni qo‘llay oladigan kompaniyalarni yollashi mumkin. Bu esa sifatga ta’sir qilmay qolmaydi. Xususan, buzilishlar va avariyalar tezroq bartaraf etiladi.

Qolganini esa aytmasa ham bo‘ladi: energiya ishlab chiqaruvchi korxonalarni xususiylashtirish va davlat-xususiy sheriklikni joriy qilish jarayoni albatta ishonchli, shaffof vositalar, masalan, auksion va tenderlar orqali amalga oshirilishi lozim. Aks holda, jami aholi ziyon ko‘radi.

Energiya subsidiyalari islohoti, garchi qiyin jarayon bo‘lsa-da, O‘zbekiston barqaror iqtisodiy o‘sish yo‘liga yetaklayotgan bozorni liberallashtirish islohotlarini davom ettirishi kerak.

Energiya subsidiyalariga sarflangan mablag‘lar ta’limga yo‘naltirilsa yoki aholi o‘rtasida teng taqsimlansa, iqtisodiy tengsizlikning tez kuchayishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan muqobil choralar sifatida ishlaydi.

Albatta, qimmatroq energiya hech kimga yoqmaydi, bu – murakkab ijtimoiy va siyosiy tanlov, ammo hozirda olib borilayotgan subsidiya tizimi o‘zgarmasa, iqtisodiyotimizga katta putur yetishi mumkin.

 

Manba: https://kun.uz/uz/48700957#0

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>