Yangiliklar
Amalga oshirilayotgan islohotlar va tizim rivojiga to‘sqinlik qilayotgan ayrim omillar
  • 14.05.2022
  • 838

Mamlakatimizda energetika sohasida katta islohotlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, bu jarayonda “yashil" energetikani rivojlantirish, quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.  

Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev va ommaviy axborot vositalari vakillari bilan o‘tkazilgan davra suhbatida energetika sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va tizim rivojiga to‘sqinlik qilayotgan ayrim omillar haqida so‘z bordi.  

Unda Sherzod Xo‘jayev keyingi yillarda sohada amalga oshirilayotgan ishlarning mazmun-mohiyati, investitsiya loyihalari, “yashil" energetikani rivojlantirish chora-tadbirlari xususida ma’lumot berdi.  

– Aslida, energetika sohasini isloh qilish degan tushunchaning o‘zi keng qamrovli, lekin har qanday islohotni boshlashdan avval birinchi savolga javob topishimiz kerak, –– dedi Sh.Xo‘jayev. – Bizga bu islohotlar nima uchun kerak? O‘zgarish va yangilik qilish uchunmi yoki qandaydir pirovard natijaga erishish uchunmi? O‘ylaymanki, energetika sohasida, elektr ta’minotida bo‘lsin, gaz ta’minotida bo‘lsin – muammolar ayon...  

Biz islohotlarni boshlaganimizda, qaysidir mamlakat tajribasini o‘rganib, unga o‘xshashga harakat qilish yoki shu mamlakatning bosib o‘tgan yo‘lini bosib o‘tish, degan fikrdan yiroq bo‘lganmiz. Jalb qilingan ekspertlarimizning geografiyasi juda keng – Osiyo, Yevropa va Amerikadan. Ushbu ekspertlar faqat o‘z vatanida emas, boshqa mamlakatlarda ham energetika sohasidagi islohotlarda ishtirok etgan.  

Islohotlarning asl maqsadi shuki, energetika har qanday mamlakatning iqtisodiyoti o‘sishini ta’minlovchi yoki to‘xtatib qoluvchi omillardan biridir. Ya’ni, energetika sohasining rivojlanishi umumiy iqtisodiy rivojlanishdan bir qadam oldinda bo‘lishi shart. Bizda 2017 yil holati shunday ediki, umumiy iqtisodiy rivojlanishdagi tendensiya bilan energetika rivojlanishidagi tendensiya orasidagi farq ancha katta edi. 2017 yilgacha bo‘lgan davrda elektr energiyasini misol keltiradigan bo‘lsak, biz yillik ishlab chiqarishni 2,5-2,7 foiz oshirib borganmiz. Aslida iqtisodiyotimizning o‘sish sur’atlari ancha yuqori bo‘lgan.  

Mustaqilligimizning dastlabki 25 yili davomida 3300 MVt yangi quvvatlar ishga tushgan. Oxirgi 5 yilda bu 5000 MVtdan oshdi. 2030 yilgacha iqtisodiyot tarmoqlari va aholining energiya resurslariga bo‘lgan ehtiyoji qanday bo‘ladi? Bu ehtiyoj qanday qoplab beriladi, qaysi manbalar va loyihalar hisobidan va bunga qancha mablag‘ kerak? Ochig‘ini aytganda, mablag‘siz hech qanday investitsiya loyihasini amalga oshirib bo‘lmaydi. O‘sish sur’atlarini biz 2030 yilgacha o‘rtacha talabni yillik 10 foiz deb belgiladik, ya’ni talab har yili 10 foizga oshib boradi, deganidir.  

bugungi kunda O‘zbekiston energiya tizimida mavjud quvvatlar qish oylarida talab eng kuchli bo‘lgan paytda ishlatadigan quvvatlarimiz taxminan 13000 MVtga teng. Raqamlarga qaytadigan bo‘lsak, 2030 yilga kelib qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushi kengayishini inobatga olib, hamma faktorlarni chetda qoldirmay, quvvatlarimiz 32000 MVtgacha yetishi kutilmoqda.  

Prezidentimiz ta’limga, sog‘liqni saqlashga, ichki yo‘llarga, umuman olganda, insonlarning yashash sharoitiga, turmush tarzini yaxshilashga juda katta e’tibor qaratmoqdalar. Ayrim sohalar borki, u yerda davlat monopoliyasidan voz kechish juda qiyin. Ayrim sohalarda esa tezroq monopoliyani buzib, xususiy sektorni jalb qilsa bo‘ladi. Energetika aynan shunday, ya’ni xususiy sektorni jalb qilish imkoniyati yuqori bo‘lgan soha. 

Energetika sohasiga qiziqish bildirgan investorlarning savoli bir xil: men qandaydir loyihani amalga oshirishga ma’lum miqdorda mablag‘ sarflashga tayyorman. Lekin sarflagan mablag‘imni ertaga kafolatlangan tarzda qaytarib olishimga, ko‘zda tutgan ma’lum bir me’yorda foyda olishimga kim kafolat beradi, degan savolni qo‘ymoqda. Biz bu yerda davlat kafolat beradi, deb har qanday bitimni imzolasak ham, har qanday kafolat xatlarini bersak ham, investor, avvalo, ishlab chiqarilayotgan mahsuloti sotilishiga qaraydi. Bizdagi muammo esa bugungi kunda ishlab chiqarilgan energiya resurslari yakuniy iste’molchilarga sotilayotgan narx bilan hozirgi kunda O‘zbekiston sharoitida ishlab chiqarish tannarxining o‘rtasida mutanosiblik buzilganidadir. Ya’ni, biznes nuqtai nazaridan qaraladigan bo‘lsa, elektr energiyasini ishlab chiqarib, aholiga sotish bu – foyda keltiradigan emas, aksincha, ma’lum miqdorda zarar keltiradigan sohadir. Soha zarar bilan ishlashini ko‘rgan hech qaysi investor kelmaydi.  

Mamlakatimizda bor yo‘g‘i 8 foiz ishlab chiqarish qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobiga to‘g‘ri keladi. Uning ham asosiy qismi gidroenergetikadir. 92 foiz esa qazilma yoqilg‘ilarni yoqish evaziga, ya’ni tabiiy gaz, ko‘mir, mazut yoqilg‘isidir. Ushbu yoqilg‘ilarni O‘zbekiston sharoitida qazib chiqarish harakatlari yildan-yilga oshib bormoqda.  

Energetika sohasining o‘ziga eng maqbul narxlarda hisoblanganda, 2030 yilgacha 20 milliard dollar atrofida investitsiya kiritilishi ma’lum bo‘lmoqda. Bular kichkina raqam emas, ya’ni islohotlardan asosiy maqsad mana shu 20 milliard dollar bo‘ladimi, bir qismini davlat yana bir qismini investor kiritsa, yana qanchadir qismini boshqa investor kiritishiga sharoit yaratib berishdan iborat.  

bugungi kungacha mana bir nechta investorlar davlat-xususiy sherikchilik tamoyili asosida shartnomalar imzolandi, lekin u yerda biz boshqacha mexanizm qo‘lladik. Mana shu qurilayotgan stansiyalarning aksariyati bilan kafolatli davlat tomonidan harid qilinishi to‘g‘risida shartnoma imzolandi. Ya’ni 25 yil davomida ishlab chiqarilgan elektr energiyani ma’lum bir narxda xarid qilishni biz o‘z zimmamizga oldik. Ushbu narxni 25 yil davomida investor oshira olmaydi, biz esa tushira olmaymiz.  

Aksariyat mamlakatlar yashil energetikaga o‘tish davrida davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmini joriy qilgan. Yashil energetikani har bir ishlab chiqarib sotgan kilovatt soat uchun davlat byudjetidan har bir kilovatt uchun shuncha subsidiya olish yoki qandaydir kafolatlangan davlat tomonidan belgilab berilgan iste’molchilar bo‘ladi. Ularga qimmatroq narxda sotish mexanizmi mavjud. Biz esa boshqa yo‘lni tanladik, subsidiya bera olmaymiz. Qaysidir iste’molchiga sotasan degan talabni ham qo‘ya olmaymiz, lekin xarid qilish kafolatini berdik. 

Shuni ta’kidlash kerakki, bugungi kunda O‘zbekistondagi energetikani davlat ishtirokisiz tasavvur qilish qiyin. Masalan, magistral elektr tarmoqlari, buning alternativi yo‘q, muqobil yana bir tarmoq qurib bo‘lmaydi.  

Ta’riflar masalasi bo‘yicha ham biz dunyo tajribasini o‘rgandik. Masalan, biz bugungi kunga qadar tanlagan ta’rif ichida faqat yirik sanoat korxonalari uchun qo‘llanilgan ta’riflarda tabaqalashtirish mavjud. Bu esa ularni energiya samaradorlikka undaydi. Ming afsuski, yurtimizda energiya samaradorlik e’tibordan chetda qolgan soha, ayniqsa, aholi orasida. Ko‘p e’tirozlarni eshitamiz, o‘zi yo‘qku nimasini iqtisod qilamiz degan mazmunda. Masalani mohiyati shundan iboratki, energiya bo‘lishi uchun iqtisod ham qilish o‘ta muhimdir.  

Nasiba ZIYODULLAEVA , O‘zA 

Manba: https://uza.uz/oz/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>