Yangiliklar
Bugun «Katta Qo‘yliq» mahallasida «Bolalarga bering dunyoni!» shiori ostida katta bayram dasturi bo‘lib o‘tdi
  • 24.05.2022
  • 593

Bugun, 2022-yil 24-may kuni Toshkent shahrining Yashnobod tumani «Katta-Qo‘yliq» mahallasida «Bolalarga bering dunyoni!» shiori ostida katta bayram dasturi bo‘lib o‘tdi. Unda «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati rahbariyati hamda mutaxassislari, shuningdek, mahalla faollari, mehnat va sport faxriylari, hokimiyat va homiy tashkilotlardan vakillar ishtirok etishdi.

 

Bolajonlar uchun tashkil etilgan bayram tadbiri «Katta-Qo‘yliq» mahallasidagi ko‘p qavatli turarjoylar orasida qurilgan bolalar maydonchasida sport ustalarining ko‘rgazmali namoyish mashqlari bilan boshlandi. Bayramning rasmiy qismida so‘zga chiqqan mahalla faollari, faxriylar, sport ustalari mamlakatimizda bolajonlar uchun yaratilgan sharoitlar, ular erishayotgan yutuqlarni alohida e'tirof etishdi.

 Tadbirda «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining maslahatchisi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi qoshidagi Bolalar va o‘smirlar adabiyoti Kengashi raisi Orif To‘xtash so‘z olib, bolajonlarni bayram bilan qutladi. Tadbir tashkilotchilariga minnatdorlik izhor etib, «Katta-Qo‘yliq» ahlini mahallada shunday obod va ko‘rkam go‘sha barpo bo‘lgani, atrof ko‘kalamzorlashtirilib, yangi binolar foydalanishga topshirilayotgani bilan tabrikladi. Ayniqsa, bolajonlarga yaratilgan sharoitlar taqsinga loyiqligini alohida e'tirof etdi.

 

 

 

Bayram tadbirida faol ishtirok etgan bolalarga “O‘zbekiston MET” AJ Axborot xizmatidan kitoblar va esdalik sovg‘alari, homiy tashkilotlar tomonidan o‘yinchoq va shirinliklar tarqatildi. Mahalla faollari kam ta'minlangan oilalar farzandlariga ko‘ngilochar bog‘larga bepul chiptalar taqdim etishdi. Bundan tashqari, mahallada yashovchi bir necha nuroniy otaxon va onaxonlarga sanatoriyaga yo‘llanmalar berilayotgani, mahalla faollarining ichki turizm borasidagi tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanayotgani aytib o‘tildi.

 Mahallada «Bolalarga bering dunyoni!» shiori ostida tashkil etilgan bayram dasturi taniqli san'atkorlarning shodon kuy-qo‘shiqlariga ulanib ketdi.

 

Shu o‘rinda alohida ta'kidlash lozimki, muhtaram Yurtboshimiz tashabbusi bilan barcha sohalarga yangicha yondashuvlar joriy qilinmoqda. Xususan, joylarda "mahallabay" ishlash tizimi tashkil etilib, umumxalq bayramlari oldidan yurtimizning barcha hududlarini obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish maqsadida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

 O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi tizimlariga biriktirilgan Toshkent shahrining Yashnobod tumanida "O‘zbekiston MET" AJ ishchi-xodimlari, xususan «Katta-Qo‘yliq» mahallasida «Toshkent magistral elektr tarmoqlari» filiali xodimlarining bir guruh xodimlari ishtirokida bir nechta hashar hamda “yashil makon” — kщkalamzorlashtirish tadbirlari o‘tkazilgani haqida xabar bergan edik.
 

Yashnobod tumanining «Katta-Qo‘yliq» mahallasi Toshkent shahridagi eng namunali mahallalardan biriga aylanadi, degan umiddamiz.

✍️ «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati

Axborot xizmati

>