OAV va jamoatchilik bilan ishlash
ishonch.uz — Uzbek emas, o‘zbekmiz…
  • 19.08.2022
  • 556

Kimdandir xitoyliklar har bir xalqni, har joy yo mamlakatni o‘zlariga moslab, boshqacha nomlab aytaverar ekan, deb eshitganman. Bunga sabab shu emishki, ular To‘raqo‘rg‘on, Ma'murobod, Shoabdurahmon singari uzun so‘zlarni ayta olmas ekan. Xitoychani bilmayman, ierogliflariga tishim o‘tmaydi, shuning uchun bu gap rostmi-yo‘qmi, bir nima deya olmayman.

Ammo e'tibor bersangiz, faqat xitoyliklar emas, aksar xalqlar ham boshqa yurt, joy va obyektlarni yangicha nom bilan atashiga guvoh bo‘lasiz. Yevropaliklar Jomolungma cho‘qqisini Everest desa, ruslar Germaniya xalqini nemis deb ataydi. Hech bo‘lmasa, talaffuziga moslaydi. Chirchiqni qozoqlar Shirshiq, Toshkent shahrini turkmanlar Dashkend, Andijonni qirg‘izlar Anjiyan deb atagani kabi… Bunga misollar son-sanoqsiz.

Bu tamoyil rus tiliga ham xos. So‘qoqni Sukak, Oqtepani – Aktyubinsk deb, o‘z tiliga moslab olaveradi. Tili kelishmadimi, o‘zini qiynab o‘tirmaydi. Shu bois bizda Eshmuhammad, Matluba, Xo‘jaqul kabi odamlarning hujjatida ismlar xato yozilgan. Bu kabi nom buzishlar shu qadar ommalashdiki, endi birovlar asl oti kim ekanini unutib, Ishmuxamed, Matlyuba, Xodjakul deya o‘rischa yozadi. Nosirjon inimizga ming tushuntiring, baribir ismini Насыр Кадыров deb bitadi, to‘g‘ri yozsangiz, qalam urib, “tuzatadi”.

Ammo eng katta nom buzilishi o‘zbeklarning “uzbek”, O‘zbekistonning – “Uzbekistan” deb aytilishi, shunaqa tarzda bitilishi bo‘ldi, menimcha.

Bizga savol berishlari mumkin: ruslarning tili kelishmasa, nima qilsin, ularda “O‘” (Ө) tovushi yo‘q axir, deb. Ha, ammo bu holda “ozbek”, “Ozbekistan” deb yozish to‘g‘riroq bo‘lar edi. Chunki “o‘zbek” so‘zidagi birinchi tovush fonometrik jihatdan ruslarning “U”siga emas, “O”siga yaqinroq. Bu tovush cho‘ziq va tilorqa “U”dan ancha yiroq ekanini ossillograf apparati orqali ham ko‘rish mumkin.

O‘zbek alifbosiga “O‘” grafemasi belarus alfavitidan olingan bo‘lib, belaruslarda bu belgi bizdagi ikki funksiyali “O‘” (“ortadagi”, shuningdek ““o‘pka””) tovushini bildirmaydi, balki lablanmagan “U” (“W”)ni ifodalash uchun qo‘llanadi (masalan, “Barcha mamlakatlar xalqlari” – “народы ўсіх краін” , ertaga – zao‘tra). Bunda ruschadagi  “всех”, “завтра” so‘zlari talaffuzda biroz o‘zgarib, lab-tish “V” o‘rniga lab-lab “W” ishlatilishini, “o‘sіx” so‘zidagi birinchi tovush va “zao‘tra” so‘zidagi uchinchi tovush aynan “W” ekanini, “O‘” grafemasi – dabl yu ifodasi ekanini (“V”à“W”) ko‘ramiz.

Ya'ni, o‘zbek tiliga “O‘” harfi belarus alifbosidan butunlay boshqa tovushni anglatish uchun, buning ustiga, bir emas, ikkita tovush (О ва Ө) ni anglatish vazifasi bilan qabul qilingan. Lekin ruslar “O‘” harfi shaklan “U”ga yaqin bo‘lgani uchun qayerda “O‘” tovushi kelsa, avtomatik tarzda “U” qilib yozaverishgan. Boshqa turkiy tillarda buning uchun ikki grafema: “O” (o‘q, o‘ng‘ay) va “Ө” (o‘rik, ko‘pkari) olingani ham buni tasdiqlaydi. Hatto bu harfni qabul qilgan tojik alifbosida ham u bizdagiday ikki tovushni emas, balki faqat “Ө” fonemasini anglatadi.

O‘zbek alifbosida bundan boshqa chalkashlik ham ko‘p. Masalan, “O” grafemasidan “olma” so‘zida ham, “optika” so‘zida ham foydalana beramiz. Oqibat, “tok” degan yozuvga duch kelsak, u uzummi yo elektr tokimi, bilib bo‘lmaydi.

Biz bu fikrlarni kirill alifbosidagi imlomiz haqida bildiryapmiz. Ba'zilar endi lotin yozuviga o‘tyapmiz-ku, deb e'tiroz bildirishi mumkin. Ha, ammo hozirgi lotin alifbomizda ham bu illatlar to‘la saqlanib qolgan. Hozirgacha aksar odamlar “bo‘ldi” emas, “boldi” (“boldi”) deb yozadi.

Yana “O‘” harfiga kelaylik. Bizga bu grafemani bergan belaruslarning o‘zi bizni “o‘zbek” emas, “uzbek” deb, yurtimizni esa “O‘zbekistan” emas, “Uzbekistan” deb yozadi. Chunki “o‘zbek” deb bitsa, uni “vuzbek” deb, “O‘zbekistan” deb yozsa, “Vuzbekistan” deb o‘qishlari kerak. Shuning o‘ziyoq “O‘” harfi biz qo‘llayotgan o‘zbek va O‘zbekiston, bo‘liq va to‘liq, obro‘ va mo‘tabar kabi minglab so‘zlar fonologik va fonografik jihatdan xato yozib kelinayotganini ko‘rsatadi.

Kirill yozuviga o‘tib, bu harflar olinganidan sakson yilcha o‘tib, bu mulohazalarning qanday ahamiyati bor?

Gap shundaki, biz dunyoga ochilyapmiz. Biron kun yo‘qki, “o‘zbeklar”, “O‘zbekiston” degan so‘zlar jahon miqyosida yangramasa. O‘zbek sportchilari, olimlari, siyosat va san'at namoyandalari, biznes vakillari xalqaro uchrashuvlarda har kun ishtirok etyapti. Ularning ko‘ksiga taqilgan nishon yo sport kiyimlarida esa nima uchundir, “Ozb” emas, “Uzb” degan qisqartmani ko‘ramiz. Bu esa bizga millatimiz, yurtimizning nomini aytishga tili kelishmagan rus og‘alarimizdan meros bo‘lib qolib kelyapti.

Axir biz “Uzbekistan” emas, “ “Өzbekiston”miz, xalqaro maydonda esa “Ozbekisan”miz. Qisqartib yoziladigan bo‘lsa, “Ozb” deyilishi kerak.

Qirg‘iz do‘stlarimizga tasanno: mustaqillikka erishgach, ular o‘z tili tugul… rus tiliga ham o‘zgartish kiritdilar: endi ruslar bu xalqni “kirgiz” emas, “kыrgыz” deb, mamlakatni esa “Kirgizstan” emas, “Kыrgыzstan” deb ataydigan va shunday deb yozadigan bo‘lishdi. Bo‘lar ekan-ku, shunday qilsa!

Boshqa bir el nemis desa, o‘zini nemis, xitoy desa xitoy deb ketavermaydigan, o‘z millati nomini doych, shonggueren deb mag‘rur e'lon qiladigan ellar bor. Ularning nafaqat tili, balki qalbi ham mustaqil, fikri erkin, tiynati ozod va fitrati hurdir.

Zuhriddin Isomiddinov,
adabiyotshunos

Manba: https://ishonch.uz/archives/9036

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

 

>