Yangiliklar
O‘ZBEKISTONDA ELEKTR ENERGIYASI TAQCHILLIGIGA BARHAM BERUVCHI LOYIHALAR IMZOLANDI
  • 07.03.2020
  • 1239

  «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati Saudiya Arabistonining ACWA POWER kompaniyasi bilan imzolagan bitim O‘zbekistonning energetika sohasi taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shadi.

  O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 2-noyabrdagi 21658-xx-sonli topshirig‘iga binoan Sirdaryo viloyatida ikkita zamonaviy va yuqori quvvatga ega bug‘-gaz qurilmasi qurish hamda foydalanishga topshirish belgilab berilgan edi.

2020-yilning 5-mart kuni Hyatt Regency mehmonxonasida O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi tizimidagi «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati Saudiya Arabistonining yirik investori ― ACWA Power kompaniyasi bilan umumiy qiymati 1,2 milliard AQSH dollariga teng bitim imzoladi.

  Sirdaryo viloyatida ACWA Power kompaniyasi tomonidan 1500 MVt quvvatga ega bug‘-gaz turbinali elektr stansiyasi qurilib, so‘ng 25 yil davomida O‘zbekiston elektr energetika sohasiga nisbatan arzon bahoda elektr energiyasi yetkazib berish nazarda tutilayotgan mazkur investitsiya bitimining yagona xaridori «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati bo‘lib, ushbu bitim O‘zbekistonning energetika sohasi taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shishi kutilmoqda.

  Shu o‘rinda bir narsani alohida ta'kidlash joizki, xorij investorlari quradigan 1500 MVt quvvatga ega yangi elektr stansiyasi o‘rtacha 3–4 ta viloyat miqyosidagi iste’molga teng bo‘lgan elektr energiyasini ishlab chiqaradi va bu orqali ayni yillarda mavjud elektr energiyasi taqchilligiga ma'lum ma'noda barham beradi.

– Bizning O‘zbekiston bozoriga kirib kelishimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yuritayotgan odilona siyosati, mamlakatning rivojlanishi yo‘lida olib borayotgan islohotlari juda muhim o‘rin tutadi. ACWA Power kompaniyasining bu sa'y-harakatlari O‘zbekiston energetika sohasi rivojiga munosib hissa bo‘lib qo‘shilishi biz uchun katta sharaf, – deydi ACWA Power raisi Muhammad Abunayyan.

– Energetika vazirligi tizimidagi «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati yurtimiz elektr energetika sohasida alohida ahamiyat kasb etadigan bitimni imzolashga muvaffaq bo‘ldi. Energetika vaziri Alisher Sultonov aytganidek, ACWA Power kompaniyasi haqiqatan ham O‘zbekistonda elektr energiyasini ishlab chiqarish imkoniyatlarini yanada kengaytirishda strategik hamkor maqomiga ega bo‘lmoqda. Amalga oshirilayotgan ishlar mamlakatimiz aholisini sifatli elektr energiyasi bilan muntazam ravishda ta'minlashga xizmat qilishi shubhasiz, – deydi «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi Dadajon Aynaqulovich Isaqulov.

Ma’lumot o‘rnida: Hyatt Regency mehmonxonasining «Farg‘ona» zalida bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi tomonidan qiymati 0,55–1,1 milliard AQSH dollari, quvvati 500 dan 1000 MVt gacha bo‘lgan shamol elektr stansiyasini barpo etish hamda  Sirdaryo viloyatining Shirin shahridagi kollejda energetika va kimyo texnologiyasi yo‘nalishidagi mutaxassislarning texnik ko‘nikmalarini oshirish yuzasidan tashkil etiladigan o‘quv markazini rivojlantirish bo‘yicha AQSHning Air Products & Chemicals kompaniyasi ishtirokidagi o‘zaro anglashinuv memorandumlari ham imzolandi.

 

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ Axborot xizmati

Kanalga a'zo bo‘ling!  t.me/uzmetaxborotxizmati

>