Yangiliklar
O‘zbekiston Prezidenti SHHT Davlat rahbarlari kengashining kengaytirilgan majlisida nutq so‘zladi
  • 18.09.2022
  • 412

16-sentabr kuni Samarqandda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida SHHT Davlat rahbarlari kengashining kengaytirilgan tarkibdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon ishtirok etdi.

Shuningdek, SHHT huzuridagi kuzatuvchi mamlakatlar yetakchilari va sammitning faxriy mehmonlari – Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy, Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov hamda xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari, shu jumladan BMT Bosh kotibining o‘rinbosari Rozmari DiKarlo, SHHT bosh kotibi Chjan Min va Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi ijroiya qo‘mitasi direktori Ruslan Mirzayev qatnashdi.

O‘zbekiston Shanxay hamkorlik tashkilotiga asos solgan davlatlardan biri sifatida uning faoliyatida muhim va faol rol o‘ynamoqda. O‘zbekistonning tashabbuslari SHHTning xalqaro nufuzini va salohiyatini yuksaltirishga, ko‘p tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga hamisha xizmat qilib kelgan.

O‘zbekistonning 2021-2022-yillarda SHHTga raisligi qizg‘inligi, mazmundorligi va natijaga qaratilganligi bilan e’tiborga molik. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, pandemiya va global inqiroz oqibatlariga qaramasdan, Raislik rejasi birgalikda to‘liq amalga oshirildi.

80 dan ortiq yirik tadbirlar o‘tkazildi. SHHT doirasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, oziq-ovqat xavfsizligi va kambag‘allikni qisqartirish kabi sohalardagi hamkorlikning yangi format va mexanizmlari ishga tushirildi.

Iqtisodiyot, sanoat, innovatsiyalar, turizm, sog‘liqni saqlash, xalq diplomatiyasi, gender tengligi va ayollar tadbirkorligini ilgari surish borasidagi dolzarb masalalar bo‘yicha forumlar, konferensiyalar va boshqa tadbirlar o‘tkazildi.

Prezidentimiz o‘z nutqida atrofimizda bo‘layotgan voqealar sharoitida bugungi sammit alohida, tarixiy ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. SHHT o‘z taraqqiyotining yangi, yanada mas’uliyatli bosqichiga qadam qo‘ymoqda. Uning zimmasida hamkorlikning ko‘plab ustuvor vazifalarini birgalikda hal etish mas’uliyati turibdi.

Mamlakatimiz yetakchisi SHHT doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan aniq takliflar va amaliy tashabbuslarni ilgari surdi.

Eng avvalo, tashkilotning bloklarga qo‘shilmaslik maqomini va ochiqligini, keng xalqaro hamkorlikka yo‘naltirilganini saqlab qolish, xavfsizlikning yaxlitlik tamoyiliga rioya qilish muhimdir. Markaziy Osiyo bundan buyon ham SHHTning "geografik yadrosi" bo‘lib qolishi kerak.

“Shanxay ruhi” tamoyillari asosida birdamlik, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash va sheriklikni mustahkamlash yana bir asosiy vazifa hisoblanadi. «Biz faqat shu yo‘l bilangina SHHT mintaqasida tinchlik, barqarorlik va farovonlikni ta’minlashimiz mumkin», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ushbu prinsipial yondashuvlardan kelib chiqib va bugungi xalqaro vaziyatni hisobga olgan holda, davlatimiz rahbari SHHTni 2040-yilgacha Rivojlantirish strategiyasini tayyorlash taklifini bildirdi. Ushbu dasturiy hujjat ko‘p qirrali hamkorlikning barcha jabhalarini qamrab olish, SHHTni uzoq muddatli rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berishga qaratilgan.

Iqtisodiyot, savdo va investitsiya sohalaridagi hamkorlikning amaliy ta’sirchanligini oshirish muhimligi qayd etildi. Shu maqsadda SHHTning yangi iqtisodiy muloqotini yo‘lga qo‘yish, O‘zbekistonda SHHT mintaqalarining biznes sherikligi haftaligini o‘tkazish, a’zo mamlakatlarning maxsus iqtisodiy zonalari alyansini tuzish, har yili SHHT yirik savdo yarmarkasini o‘tkazish va uning negizida yagona elektron platforma yaratish takliflari ilgari surildi.

Jahondagi oziq-ovqat xavfsizligi inqirozi SHHTda bu borada faol hamkorlik qilishni taqozo etmoqda. Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston Prezidenti oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning umumiy tamoyillari va yondashuvlarini ishlab chiqishni taklif qildi.

Ushbu hujjat tovar va xizmatlarning erkin harakatini ta’minlash uchun mavjud normativ-huquqiy bazani uyg‘unlashtirish, oziq-ovqat tanqisliginining oldini olish va mamlakalarimiz bozorlarining bir-birini to‘ldirishi uchun tovarlarni markirovka qilishni va bojxona jarayonlarini raqamlashtirishga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, kelgusi yilda O‘zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkazish taklifi bildirildi.

SHHT makonida transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish zarurligiga e’tibor qaratib, Prezidentimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining qo‘llab-quvvatlashi ostida Toshkent shahrida Mintaqalararo o‘zaro bog‘liqlik markazini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.

Sammit doirasida “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi to‘g‘risida uch tomonlama bitim imzolanganini tarixiy voqea sifatida baholab, Shavkat Mirziyoyev ishtirokchilarni strategik jihatdan yana bir muhim loyiha – Termiz–Mozori Sharif-Kobul–Peshovar temir yo‘li qurilishini ham qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

«Ushbu ikki loyihaning amalga oshirilishi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, o‘zaro savdo va investitsiyalarni ko‘paytirish, umuman olganda, Tashkilotimiz makonida barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash uchun keng imkoniyatlar ochadi», dedi Prezidentimiz. Shu va boshqa masalalarni muhokama qilish uchun O‘zbekiston SHHTning Birinchi transport forumini o‘tkazish va uning yakunida Qo‘shma harakatlar rejasini ishlab chiqishga tayyorligi aytildi.

Davlatimiz rahbari ekologik tahdid va xatarlar ortib borayotganini ta’kidlab, SHHTning Iqlim kengashini tuzishni taklif etdi. Ushbu mexanizm “yashil” taraqqiyot, cho‘llanish va tuproq tanazzuliga qarshi kurashish, ekologik loyihalar, shu jumladan, Orolbo‘yi uchun innovatsion yechimlar va moliyaviy mablag‘lar jalb qilishga ko‘maklashadi.

Xavfsizlik sohasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston Prezidenti bu boradagi ustuvor vazifalar qatorida mamlakatlarimiz huquq-tartibot idoralari va maxsus xizmatlari faoliyatini muvofiqlashtirishni kuchaytirish, xavfsizlikka tahdid va xatarlarning oldini olish hamda ularga tezkorlikda javob qaytarish bo‘yicha SHHT MATT faoliyati samaradorligini oshirish zarurligini qayd etdi.

Shu bilan birga, yoshlarning ekstremistik tashkilotlarga jalb etilishiga yo‘l qo‘ymaslik, turli nosog‘lom mafkuralarga qarshi barqaror immunitetni shakllantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar qabul qilish taklif etildi. Dunyoda radikalizmning o‘sishi xavfli tendensiyaga aylanayotgan hozirgi sharoitda bu ayniqsa muhimdir.

– Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatilishi va uning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga ko‘maklashish, bu boradagi ishlarni muvofiqlashtirishni kuchaytirish SHHTning eng ustuvor yo‘nalishlaridan bo‘lib qolishi lozim. Afg‘on xalqi yaxshi qo‘shnichilik yordamimizga har qachongidan ham ko‘proq muhtoj. Biz o‘tmishdagi xatolarni takrorlamasligimiz va Afg‘onistonni uning muammolari bilan yolg‘iz qoldirmasligimiz kerak», – dedi davlatimiz rahbari.

Shu munosabat bilan Termiz shahridagi transport-logistika xabining zamonaviy infratuzilmasidan foydalangan holda Afg‘onistonni gumanitar qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maxsus fond ta’sis etish taklif qilindi. Fond mablag‘lari mazkur mamlakatdagi ijtimoiy inqirozni bartaraf etish, yoshlar uchun ta’lim dasturlari va sog‘liqni saqlash sohasidagi loyihalarni amalga oshirishga yo‘naltiriladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev madaniy-gumanitar aloqalar an’anaviy ravishda hamkorligimizning mustahkam asosi ekanini ta’kidladi. Madaniyatlar va an’analar xilma-xilligini hurmat qilish millionlab odamlarga do‘stona muloqot va o‘zaro almashuvning yangi imkoniyatlarini ochib beradi.

Shu ma’noda, davlatimiz rahbari SHHT doirasida universitet rektorlari forumi, madaniyat va turizm kunlari, qo‘shma sport tadbirlari va universiadalar kabi hamkorlikning qo‘shimcha formatlarni yaratishga chaqirdi. Madaniyatlararo muloqotning raqamli shakllari: virtual muzeylar va ijodiy ko‘rgazmalar, ilmiy konferensiyalar tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.

Turizm sohasidagi hamkorlikka yangi sur’at bag‘ishlash uchun 2023-yilni SHHT makonida turizmni rivojlantirish yili, deb e’lon qilish taklif etildi.

O‘zbekiston rahbari Samarqand qadim-qadimdan Sharqiy Osiyodan to Shimoliy Afrika, Yaqin Sharq va Yevropagacha bo‘lgan makonda yashaydigan xalqlar o‘rtasida ma’naviy, iqtisodiy, madaniy va ilmiy almashuvlarning markazi bo‘lib kelganini ta’kidladi.

«Asrlar davomida bu yerda turli sivilizatsiyalar vakillari o‘rtasida samarali muloqotning o‘ziga xos madaniyati yaralgan. Samarqand – SHHTni tuzishda asos qilib olingan bag‘rikenglik, turli xalqlarning an’ana va qadriyatlariga hurmat tamoyillari asrlar davomida amalda bo‘lgan hayotiy namunadir», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu bois O‘zbekiston Prezidenti umumiy xavfsizlik va farovonlik yo‘lida Samarqand birdamligi tashabbusini ilgari surdi. Uning maqsadi – bizning umumiy kelajagimizga befarq bo‘lmagan, ixtiloflarga qaramasdan kelishilgan yondashuv va qarorlarni izlashga tayyor, "Samarqand ruhi" tamoyillariga hamfikr bo‘lganlarning barchasini global muloqotga jalb qilishdir.

Ushbu tashabbusni amalga oshirish masalalarini muhokama qilish uchun kelgusi yilda siyosiy yetakchilar, jamoatchilik, ishbilarmonlar, akademik va ekspert doiralarining nufuzli vakillari ishtirokida Samarqand xalqaro forumi o‘tkaziladi.

Davlatimiz rahbari nutqining yakunida O‘zbekiston raisligidagi maqsadlarga erishishda faol ko‘mak uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. “Ishonchim komilki, bugun qabul qilinayotgan hujjatlar va qarorlar Shanxay hamkorlik tashkilotining yanada izchil rivojlanishiga hamda nufuzi yuksalishiga munosib hissa bo‘lib qo‘shiladi”, dedi u.

Majlisda a’zo davlatlar, kuzatuvchi mamlakatlar yetakchilari, faxriy mehmonlar hamda BMT va SHHT rahbarlari so‘zga chiqdi.

Manba: https://president.uz/oz/lists/view/5543

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

 

>