Yangiliklar
Qo‘rg‘ontepa tuman tibbiyot birlashmasida sodir bo‘lgan o‘lim holatiga elektr ta’minotidagi uzilish sabab bo‘lmagan
  • 24.11.2022
  • 23

22-noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Andijonda chiroq o‘chgan paytda reanimatsiyadagi bemor vafot etdi” sarlavhali xabar e’lon qilindi.

Ushbu holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz:

Joriy yilning 10-noyabr kuni soat 21:58 dan 22:05 ga qadar (7 daqiqa) Qo‘rg‘ontepa tuman tibbiyot birlashmasini elektr energiyasi bilan ta’minlovchi 2 ta tarmoqdan birida uzilish sodir bo‘lgan.

Andijon viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi ishchi guruhi tomonidan o‘tkazilgan dastlabki xizmat surishtiruvi natijalariga ko‘ra, kombaynga ikki oyog‘i bilan kirib ketib, juda og‘ir tan jarohati olgan bemorga belgilangan standartlar bo‘yicha muolajalar o‘tkazilgan.

Tezkorlik bilan o‘tkazilgan jarrohlik amaliyoti yakunlangan vaqtda elektr ta’minotida uzilish bo‘lmagan. Ma’lum bo‘lishicha, operatsiya tugaganidan keyin bir necha daqiqa vaqt o‘tib, elektr energiyasida uzilish sodir bo‘lgan.

Ta’kidlash kerakki, bemorga muolajalar o‘tkazilayotgan operatsiya xonalaridagi barcha apparatlar yangi va zamonaviy bo‘lib, ular  elektr ta’minotida uzilish bo‘lgan holatda ham 30 daqiqagacha mustaqil ishlaydi, ba’zilarining quvvati esa 4 soatgacha yetadigan qo‘shimcha elektr ta’minoti manbalariga ulangan.

Energetika vazirligi marhumning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildiradi.

Hozirgi vaqtda iste’molchilarni, jumladan tibbiyot muassasalarini elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlash yuzasidan qo‘shimcha choralar ko‘rilmoqda.  

Energetika vazirligi Matbuot xizmati

https://t.me/minenergy_uz/6418

▶️@minenergy_uz

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

https://t.me/uzmetaxborotxizmati

>