Yangiliklar
Bosh vazir: "Qurilish sohasiga energiya samaradorlik darajasi yuqori bo‘lgan qurilish materiallari va jihozlardan foydalanishni majburiy tartibda kiritishi lozim"
  • 23.01.2023
  • 344

Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga asosan ayni paytda Bosh vazir Abdulla Aripov raisligida O‘zbekistonda davom etayotgan anomal sovuq havo sharoitida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lmoqda.

Bugungi kunda respublika bo‘yicha jami 40 mingta ko‘p qavatli uy-joy mavjud bo‘lsa, shundan 31 mingga yaqini 1991-yilgacha qurilgani ma'lum qilindi.

Shu bois, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ikki oy muddatda ushbu 31 mingta uylarning fasad qismini renovatsiya asosida bosqichma-bosqich bazalt qoplamaga o‘tkazish hamda muqobil energiya manbalaridan foydalangan holda issiq suv va elektr bilan ta'minlashni nazarda tutuvchi dastur loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritishi topshirildi.

Shu bilan birga, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi endilikda yangidan quriladigan ko‘p qavatli uylar va ijtimoiy soha ob'ektlarining loyiha-smeta hujjatlariga energiya samaradorlik darajasi yuqori bo‘lgan qurilish materiallari va jihozlardan foydalanishni majburiy tartibda kiritishi topshirildi.

Bu borada energiyatejamkor qurilish materiallari ishlab chiqarishni ko‘paytirishga ham e'tibor qaratish kerakligi qayd etildi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda respublikamizda jami 13,2 ming tonna bazalt xom ashyosi ishlab chiqarilmoqda. Bu esa yillik ehtiyoj (5 mln m kv yoki 36 ming tonna) 30 foizini ham tashkil etmaydi.

Shu bois, «O‘zsanoatqurilishbank» «O‘zsanoqurilishmateriallari» uyushmasi bilan birgalikda ikki oy muddatda joylarda bazalt xom-ashyosi ishlab chiqarish loyihalarini ko‘paytirish bo‘yicha alohida dastur tayyorlab, yil yakuniga qadar kamida 5 ming tonnalik quvvat yaratishi kerakligi ta'kidlandi.

«O‘zeltexsanot» uyushmasi ham ikki oy muddatda transformatorlar, kabellar, quyosh panellari va suv isitish kollektorlarini ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish bo‘yicha alohida dastur tayyorlab, Vazirlar Mahkamasiga kiritishi belgilandi.

⚡️⚡️ Bosh vazir raisligida videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.

Ta'kidlanganidek, bu yilgi qish mavsumida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklardan to‘g‘ri xulosa chiqargan holda keyingi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlikni mutlaqo yangicha yondashuvda bugundan boshlashimiz kerak.

Bugungi kunda jami tarmoqlarning qariyb 42 foizi, shundan elektr uzatish tarmoqlarining 39 foizi, podstansiyalarning 51 foizi hamda transformator punktlarining 35 foizi ishga tushgan muddatlari 40 yildan oshgan.

Shuning uchun, Prezident topshirig‘iga asosan hukumat tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar elektr tarmoqlarini barqaror va uzluksiz ishlashi uchun 299 ta transformator, 124,7 km turli xil kabellar, 186 tonna transformator moyi yetkazib berish uchun tezkor ravishda qaror qabul qilib, ishlar boshlab yuborildi.

Bu ishlarni davom ettirish uchun Energetika vazirligi, «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ, Iqtisodiyot va moliya vazirligi elektr energiyasi bilan barqaror ta'minlash, energetika xavfsizligini yanada mustahkamlash maqsadida 2023-2024-yillarga mo‘ljallangan past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yangilash va modernizatsiya qilish dasturini moliyaviy manbalarni aniq belgilagan holda, bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritish topshirildi.

Shu bilan birga:
«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ, «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ 2023-yilda 817 km magistral, 11 ming km past kuchlanishli tarmoqlari va 2 ming 840 ta transformator punktlarini yangilash, magistral podstansiyalarning quvvatlarini qo‘shimcha 1 ming 325 Mega volt amperga oshirilishini ta'minlash;

«O‘ztransgaz» AJ 2023-yilda 86 ta gaz haydash agregatlarini hamda 10 ta gaz turbinali dvigatellarni kapital ta'mirlash;

«Hududgazta'minot» AJ 2023-yilda 151 km gaz quvurlarini mukammal ta'mirlash, 114 ta elektrkimyo himoya qurilmalarini modernizatsiya qilish, 2,5 mingta gaz taqsimlash punktlarini yangilash ishlarini amalga oshirish topshirildi.

⚡️⚡️ Yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Tshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda jamoat transporti, kommunal soha va chiqindi tashish maxsus texnikalari, qolipli non ishlab chiqaruvchi korxonlarning maxsus transport vositalari uchun hozirdan alohida gaz quyish shoxobchalarini biriktirib berishi kerakligi ta'kidlandi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 2023-yilda tabiiy gaz qazib olish hajmini 56,3 mlrd kub metrga yetkazib (2022-yilda 51,7 mlrd kub metr), o‘tgan yilga nisbatan 4,6 mlrd kub metrga oshirish imkoniyati bor.

Shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya joriy etish va energiya samaradorligini oshirish xisobiga 1,6 mlrd kub metr gaz iqtisod qilishimiz  mumkin.

«O‘zbekneftgaz» AJ joriy yilda tabiiy gaz qazib chiqarish hajmini 32,8 mlrd kub metrga yetkazish uchun qiymati 5,7 trln so‘mga teng 744 ta geologik-texnik tadbirlarni amalga oshirishi zarurligi qayd etildi.

Energetika vazirligi joriy yilda tabiiy gaz va elektr energiyasi, ko‘mir va mazut importi bilan bog‘liq masalalarni qayta ko‘rib chiqishi, boshqa muqobil hamkorlar bilan muzokaralar o‘tkazishi, kelishuvlarga erishish bo‘yicha oldindan barcha zarur tadbirlarni amalga oshirishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
 
Gidrometeorologiya xizmati agentligi tomonidan, 23-27-yanvar kunlari respublikaning aksariyat hududlariga nisbatan sovuq xavo massasi kirib kelishi va buning natijasida havo harorati joylarda kechasi -5...-18 daraja sovushi bashorat qilinmoqda.

Shuning uchun, o‘tgan 15 kun davomida amalga oshirilgan tadbirlarni yanada kuchaytirgan holda shtablar faoliyatini davom ettirish topshirildi.

 

Manba:

https://t.me/uzauz/3560

https://t.me/uzauz/3561

https://t.me/uzauz/3562

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

 

>