OAV va jamoatchilik bilan ishlash
Bobur Bekmurodov: «Energetika vazirligi "Yo‘l xaritasi"ning umumiy mazmuni haqida jamoatchilikka xabar berishi lozim, deb hisoblaymiz»
  • 25.01.2023
  • 176

Bobur Bekmurodov, "Yuksalish" umummilliy harakati raisi:

— O‘zbekiston energetika vazirligi va "Gazprom" o‘rtasida gaz sohasida o‘zaro hamkorlik qilish bo‘yicha "Yo‘l xaritasi"ning imzolangani ijtimoiy tarmoqlar faollari va jamoatchilikda savollarni uyg‘otdi.

Ya'ni, energetika tizimi mustaqilligiga tahdid deya qaralayotgan "Gaz ittifoqi" loyihasi tomon qadam sifatida talqin qilinmoqda.

Avvalo, Energetika vazirligi mazkur "Yo‘l xaritasi"ning umumiy mazmuni haqida jamoatchilikka xabar berishi lozim deb hisoblaymiz. Kelgusida bunday hujjatlar haqidagi ma'lumotlar, avval vazirliklarimiz rasmiylari tomonidan e'lon qilinishi kerak.

Shu bilan birgalikda, huquqiy jihatdan, "Yo‘l xaritasi" tomonlarga hech qanday majburiyat yuklaymaydi, huquqiy oqibat tug‘dirmaydi. Tomonlarning hamkorlikdagi harakatlarini muvofiqlashtirishga xizmat qiladigan hujjat turi hisoblanadi.

Qolaversa, 2022-yilning dekabr oyida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov bu borada qat'iy pozitsiyamizni e'lon qilgan edi:

"...Biz gaz va elektr energiyasini qandaydir alyans yoki ittifoq orqali emas, balki qo‘shni davlatlardan import qilish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqdamiz".

Milliy manfaatlarimiz uchun bu eng  to‘g‘ri pozitsiya ekanligini ta'kidlagan holda, Hukumatning energetik inqirozni bartaraf etish hamda kelgusida bunday xavflarni oldini olishga qaratilgan qo‘shimcha diplomatik va amaliy harakatlarini qo‘llab-quvvatlash lozimligini bildiramiz.

Manba: https://t.me/uzbyuksalish/3778

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

>