OAV va jamoatchilik bilan ishlash
OAV: O‘zbekistonning turli hududlari aholisi qahratonni qanday o‘tkazmoqda?
  • 21.01.2023
  • 164

Surxondaryo viloyatining Termiz tumanida yashovchi Bekzod Karimov.

Foto: Abror Qurbonmurotov / «Gazeta.uz»

Toshkentliklar poytaxtning so‘nggi ayozli kunlardagi og‘ir ahvoli viloyatlar aholisi uchun odatiy ekani haqida ko‘p eshitdi. «Gazeta.uz» O‘zbekiston hududlari aholisi bilan suhbatlashib, bu yilgi qish avvalgilaridan nimasi bilan farq qilayotgani, gaz, «svet» va transport muammolari haqida so‘radi.

Yanvar o‘rtalaridan boshlangan anomal sovuqni poytaxt aholisi qiyinchilik bilan yengib o‘tmoqda: elektr va gaz ta’minotida uzilishlar ko‘payib ketgan, issiq suv yo‘q, quvurlagan muzlagan, uylar sovuq va isinish imkonsiz. «Agar poytaxtda shunday ahvol bo‘lsa, viloyatlarda nima ham bo‘lardi?», — deb hayron ko‘plab toshkentliklar. Viloyatlar aholisidan ham Toshkent halqa avtomobil yo‘lidan tashqarida bu kabi vaziyat odatiy ahvol ekani haqidagi gaplarni eshitish mumkin. «Gazeta.uz» hududlar aholisi bilan muloqotda bo‘lib, ular qishni qanday o‘tkazayotgani va bu yilgi qahratonlar avvalgi yillardagidan qanchalik farq qilayotgani haqida so‘radi.

Azamat M., Nukus va Urganch

O‘zbekistonning g‘arbida bu yilgi qish juda quruq keldi. Nukus va Urganchda deyarli qor yoqqani yo‘q. Nukusda besh qavatli beton «dom»da turaman. Men yashaydigan kichik tumanda gaz va elektr ta’minoti nisbatan qoniqarli. Yarim tundan to tong soat 6:00 ga qadar bosim salkam nolga tushib ketsa-da, suvni ham o‘chirishmayapti. Svetni esa kuniga bir-ikki soatga uzishadi, xolos.

Nukusda deyarli hammaning uyida isitish tizimi individual va uning ishlashi gaz bosimiga bog‘liq, shu bois, qanchalik hayratlanarli bo‘lmasin, uylarimiz juda iliq — 20 daraja iliqdan yuqoriligi aniq, ko‘z tegib qolmasa bo‘lgani. Avvalgi yillari ahvol ancha yomonroq edi. Ba’zi tanishlarim gaz bosimining pastligidan noliyapti, lekin, umuman olganda, gaz va sovuqdan shikoyatlar ko‘p, deb ayta olmayman. Faqat chiroq muammoroq.

Men hozir Urganchdaman, shahar markazidan ijaraga xonadon olganman. Bu yerdagi vaziyat Nukusdagidan ham yaxshiroq: «svet», gaz, suv har doim yaxshi. O‘tgan yili ancha sovuq edi. Lekin bu viloyat markazlaridagi ahvol. Tumanlarda gaz deyarli yo‘q, hamma ko‘mir ishlatadi, bir xonada yashaydi. Ularga «svet» kuniga ikki-uch soatga beriladi. Bu qishloq uchun odatiy hol.

Eng katta muammo — metan gaz-zapravkalarining yopilgani. 80-benzinga navbat juda katta, 2−3 kilometrgacha cho‘zilib ketgan. Hatto Ai-91 va yanada sifatliroq yoqilg‘iga ham katta navbatlar yuzaga kelmoqda. AYOQSHlarda soatlab, ba’zan bir sutkadan ortiq qolib ketyapmiz. Shu boisdan transport ham sezilarli kamaygan, odamlar «marshrutka»larni uzoq kutishga majbur bo‘lyapti.

Lekin Nukusda yangi trend paydo bo‘ldi — odamlar ommaviy tarzda bir-birini bepul eltib qo‘ymoqda. Men ham shunday qilyapman. Hatto shaxsiy transportlarga odamlarni olib, bepul eltib qo‘ya olishlari uchun markaziy bozorning avtoturargohiga kirishga ruxsat berildi. Avvallari bozor avtoturargohiga faqat reyslarda qatnaydigan «Damas»lar, «GAZel»lar va avtobuslar kira olardi.

Qonliko‘l tumanida yashovchi fuqaro, Qoraqalpog‘iston

Biz hovlida yashaymiz. Uyni gaz bilan, suvni «Ariston»da isitamiz. Elektrni kuniga ikki-uch marta bir soatdan uzishyapti. Gaz bor, uy issiq, futbolkada uxlayapmiz. Lekin transport juda qimmatladi. Avvallari Qonliko‘ldan Nukusga taksida 20−30 ming so‘mga yetib olsa bo‘lardi. Hozir narx 100 ming so‘mgacha ko‘tarilib ketdi.

Xo‘jayli tumanida yashovchi fuqaro, Qoraqalpog‘iston

Uyimiz gazda isitiladi, ovqatni gaz plitada pishiramiz. Gaz ta’minotida uzilishlar yo‘q. Uyda issiq kiyinishga, ovqatni tayyorlash uchun ko‘p vaqt sarflashga zarurat yo‘q. Lekin bozorda ko‘p mahsulotlarning narxi oshgan. Transportda yo‘l haqi ham biroz ko‘tarilgan.

To‘xtako‘pir tumanida yashovchi fuqaro, Qoraqalpog‘iston

Bizda hamma narsa gazda: uyni isitish ham, issiq suv ham, ovqat tayyorlash ham. Lekin gaz bosimi avvalgidan ancha past. Uxlashga yotganda ham issiq kiyinishga to‘g‘ri kelyapti. Bizda elektr uzilayotgani yo‘q. Yo‘l haqi esa oshgan. Posyolkagacha taksi 2000 so‘mga chiqdi, avvallari 1500 so‘m edi; Nukusgacha esa 40 mingga olib borib qo‘yyapti, oldinlari 25−30 ming yetib olsa bo‘lardi.

Taxiatosh tumanida yashovchi fuqaro, Qoraqalpog‘iston

Biz hovlida yashaymiz. Uyni tabiiy gaz bilan isitamiz, suvni esa gaz plitada qaynatamiz. Elektr ta’minoti barqaror, uylar issiq. Odatda gaz, «svet», suvni faqat ta’mirlash ishlari vaqtida uzishadi. Oziq-ovqat mahsulotlari narxi va yo‘l haqi biroz ko‘tarildi.

Gulnoz Aminova, Buxoro

Biz hovlida yashaymiz. Elektr bilan bog‘liq muammolar ko‘pdan beri bor. Odatda кечga tomon kuchlanish pasayib ketadi, shu bois kirlarni ham tongda yuvib olamiz. Lekin hozirgi sovuqlarda kuchlanish shu qadar pasayib ketdiki, kir yuvish mashinasi va muzlatgich ishlamay ham qoldi. Endi oziq-ovqat mahsulotlarini tashqarida saqlayapmiz, kirni esa qo‘lda yuvyapman. Bir necha kun avval yorug‘lik diodli (LED) chiroqlar ham yonmay qoldi.

Uyni gazda isitamiz. Gaz bosimi o‘ynab turadi. Faqat yotoqxona va hojatxonamiz issiq. Ikki qavatdan kiyinib yuribmiz. Oshxonani issiq saqlash uchun gaz plitasini yoqib, gorelkaga g‘isht qo‘yib qo‘yganmiz. Ovqat tayyorlash mumkin, albatta, lekin, masalan, qovurish uchun gaz bosimi pastlik qilyapti.

Yoqilg‘i quyish shoxobchalari yopilgani uchun jamoat transporti bilan muammolar yuzaga keldi. Seshanba kuni bozorga borganimda birorta ham avtobus ko‘rganim yo‘q. Faqat taksi qatnayapti. Oziq-ovqat mahsulotlari qimmatlagan. Aytishlaricha, Toshkentdan tovar kelmay qo‘yibdi. «Kolxoz» bozorida sotuvchilar yo‘q, chunki ularning meva va sabzavotlari muzlab qolgan. Sotuvchilar juda kam. Mashinasida o‘tirib savdo qiladiganlargina qolgan.

Isinish punktlari haqida hech narsa eshitganim yo‘q. Tanishlarning aytishicha, qishloqlarda hozir umuman «svet» yo‘q ekan, vaholanki, qishda odatda har ikki soatda uzishardi. Qishloqdagilar uylarini ko‘mir bilan isitadi. O‘zim muntazam Galaosiyoga borib turaman. U yerda gaz yo‘q.

Surxondaryo viloyati

«Gazeta.uz» muxbiri Abror Qurbonmurotov Surxondaryo viloyati Termiz tumanida yashovchi bir guruh aholi bilan suhbatlashdi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, o‘zi shundoq ham og‘ir bo‘lgan turmush shariotlari bu yilgi qishda chidab bo‘lmas ahvolga kelgan. Ko‘pchilik bolalarini mashinada isitayotganini va norozilik tariqasida yo‘lni yopmoqchi ekanini ta’kidladi.

79 yoshli Ro‘zi boboning aytishicha, uning oilasi bu qishdan qanday chiqamiz, degan tashvish bilan yashayapti. «O‘tgan oqshom kechasi bilan muzlab, badanlarim ho‘l bo‘lib ketdi. Keksalar mening ahvolimni tushunadi. Rahbarlardan bizga gaz va „svet“ berishlarini iltimos qilamiz», — dedi nafaqaxo‘r.

energiya iнқiрозi, qish

Manzura Madiyeva, Termiz tumani

Biz avvallari Termiz shahrida yashardik. 2017 yili uyimizni buzib, yangi uy qurib olishimiz uchun 70 mln so‘m ajratishdi. 2018 yili Termiz tumanida besh xonali uy qurdik. Bu yerdagi sharoitlar hali ham yaxshi emas — oddiy odamlar tezda uy qurib ololmaydi. 23 yoshli o‘g‘lim Termizga ko‘chib ketgan, chunki uy sovuq, u tog‘asi — mening ukam bilan urishib qolgandi.

energiya iнқiрозi, qish

Beshta xonadan faqat bittasini isitamiz. Haftasiga bir qop ko‘mir ketadi. Ukam sovuq xonada uch-to‘rt qavat ko‘rpa ostida, issiq kiyinib uxlaydi. Qishni shunday o‘tkazyapmiz. Hammomimiz ham isimaydi, cho‘milish uchun shaharga, pulli hammomga borib kelamiz.

Biz tarafga hali yetib kelmagan, elektr ta’minoti bilan bog‘liq muammolar esa har qishda takrorlanadi. Mana, uch kundan beri «svet» ham yo‘q. Mahalla ahli hokimlikka janjal qilib borgach, besh daqiqa «svet» bo‘ladi, keyin yana o‘chadi. Mahalladoshlar orasida yoshi kattalar ham, yosh bolalari ham bor.

Ko‘mir hidi va tutunidan boshim aylanadi, ko‘nglim ayniydi. Ichimdan qop-qora tutun chiqadi, tutundan zaharlandim ham. Tez yordam chaqirishga esa telefonimizda «zaryad» yo‘q.

Men ikkinchi guruh nogironiman. Nafaqam 700 ming so‘m, lekin u hech narsaga yetmaydi. Davlat tomonidan hech qanday yordam yo‘q. Nima qilishni ham bilmay qoldim. Juda qiynalib ketdik. Qo‘shnilarimiz bilan birga qancha murojaat qilmaylik, foydasi yo‘q.

Zarnigor Mo‘minova, Termiz tumani

Qishni juda ham yomon ko‘raman, chunki sovuq bilan birga muammolar ham boshlanadi. Mening uchta katta — 21, 19 va 15 yoshli bolalarim bor. Ular bilan birga bir xonada yashaymiz, uyni o‘tin bilan isitamiz. Turmush o‘rtog‘im O‘zbekistonda ish yo‘qligi sababli Rossiyaga ketgan. Hozir har oy 250 dollardan pul jo‘natadilar.

energiya iнқiрозi, qish

Gaz ballon gazini ovqat qilish uchun ishlatamiz. Har 10 kunda taxminan 18 ming so‘mga gaz ballonni to‘ldiramiz. Uyimizda «svet» ham, gaz ham umuman yo‘q. Bunday yashashdan qiynalib ketdik. «Svet»ni 3−4 kunda 5−6 daqiqa berishadi. Biz ham «svet»i va gazi bor uylarda yashashni orzu qilamiz.

energiya iнқiрозi, qish

Bekzod Karimov, Termiz tumani

Hozir uyda «svet» ham, gaz ham yo‘q. Qiynalib ketdik. Uch bolam bor, biri 6 yosh, ikkinchisi 4 yosh, uchinchisi hali 8 oylik go‘dak. Kattalari shamollagan. Kichkinasini beshikdan chiqarmayapmiz ham, chiqarsak u ham shamollab qolyapti. Kecha farzandlarimdan birining tug‘ilgan kuni edi, bu kunni g‘ham «svet»siz, qorong‘ida o‘tkazishga majbur bo‘ldik.

«Svet» bir kunda 30 martalab o‘chadi. «Svet» kelgan vaqtda uyni elektr pechkalar bilan qizitib olamiz. Keyin shu xonada hammamiz qalin kiyinib, o‘ranib o‘tiramiz.

O‘tin pechkamiz yo‘q. Gaz ballonda ovqat qilamiz. Gaz ballonlar ham vaqtida kelmaydi. Hozir gaz yo‘qligi sababli taksi qilolmayapman, mashina ham uyda turibdi. Nima qilaylik? Qanday yashashni, qayerga borishni ham bilmay qoldik. Bizga «svet» beringlar!

Ibrohim Shomurodov, Termiz shahri

Men Jarqo‘rg‘on tumanida tug‘ilganman. Hozir Termizda, Tibbiyot universitetida o‘qiyman, ijaraga uy olib yashayman. Termiz shahrida elektr energiya tez-tez o‘chib turadi. Jarqo‘rg‘onda esa kuniga ikki soat «svet» beradi, boshqa vaqt umuman berilmaydi. Qishlog‘imizga hali gaz yetib bormagan. Qishloqdagi uyimizni o‘tin bilan isitamiz.

Kelajakda «svet» va gaz muammosi yo‘q Yevropa davlatlariga ketishni rejalashtirganman.


2022 yilning dekabr oyi bilan taqqoslaganda, Termizdagi gaz-zapravkalaridagi navbatlar sezilarli kattalashgan, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri Abror Qurbonmurotov. Dekabr boshidagi sovuqlarda gaz ma’lum bir belgilangan soatlarda sotilayotgandi. 10 yanvardan boshlab esa faqat ikki soat sotiladigan bo‘ldi, keyinchalik esa gaz-zapravkalar to‘liq yopildi.

Haydovchilarning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, gaz yo‘qligi sababli ular yo‘l haqini oshirishga majbur bo‘lmoqda. Shaharda aholi xizmat ko‘rsatish uchun yetarlicha avtobus yo‘q. Bir yo‘nalishda avtobusni kutish 30 daqiqagacha cho‘zilib ketmoqda.

Termizdagi Online Taxi taksi xizmatidan «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishlaricha, 10 yanvardan birinchi kilometr haqi 50 foizga — 4 ming so‘mdan 6 ming so‘mga oshgan. Keyingi har bir kilometrning bahosi esa 2 ming so‘mgacha oshgan.

Sovuqlar boshlanishi bilan Termiz shahridagi oziq-ovqat do‘konlarida narx-navo o‘rtacha 10−15 foizga oshgan. Oziq-ovqat do‘konlaridan birining egasi Rayhonning so‘zlariga ko‘ra, ob-havo logistikaga ham ta’sir ko‘rsatgan.

«Muammolar 10 yanvardan boshlandi. Yo‘llar muzlagani uchun Toshkentdan mahsulot kelishi to‘xtab qoldi, shu sababli narxlar ko‘tarilmoqda. Ko‘plab mahsulotlar 10−15 foizga qimmatlagan. Biz qimmatroq sotib olganimiz uchun qimmatroq sotishga ham majbur bo‘lyapmiz. Yo‘l haqi ham ikki-uch barobar oshgan. Avvalari 5 ming so‘mga yetib olish mumkin bo‘lgan joyga hozir 15−20 ming so‘m so‘rashyapti», — deydi tadbirkor ayol.

energiya iнқiрозi, qish

Boshqa bir do‘kon sotuvchisi Sobir Azizovning aytishicha, qahraton boshlanishi bilan ayrim mahsulotlarning narxi ikki barobar oshgan.

«Oddiy dehqonchilik mahsulotlari — sabzi, piyoz, kartoshka kabilar qimmatladi. 4 ming so‘mlik piyozni endi 8 ming so‘mdan olib, 9 ming so‘mdan sotyapmiz. Ko‘pchilik hozir 10 litrlik suvlarni ko‘p sotib olyapti, chunki suv quvurlari muzlab qolgani uchun xonadonlarga suv kelmay qolgan», — dedi Sobir Azizov.

Novvoyxona ishchisi Mirzo Qodirovning ta’kidlashicha, uning korxonasida gaz muammosi yo‘q, aksincha, bosim ko‘tarilgan. U nonni do‘konlarga tarqatish bilan shug‘ullanadi.

energiya iнқiрозi, qish

«Sovuq kunlar boshlanganidan beri biz kecha-kunduz non pishirib, savdo rastalariga tarqatyapmiz. O‘zim har kuni 400 ta olib borib beraman. Nonning donasini 4300 so‘mdan topshiraman. Savdo rastalari egalari, insofiga qarab, 5 ming so‘mdan 6 ming so‘mgacha sotyapti», — dedi u.

«Gazeta.uz» muxbiri Abror Qurbonmurotov Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Surxondaryo filialida ham bo‘lib, u yerdagi sharoitlar bilan tanishdi.

«Bu yerda ozroq sovuq ekan. Uydan yotgan xonamni qizitish uchun elektr isitgich olib keltirdim», — deydi bemor Humoyun. Boshqa bir qtaor bemorlar ham shunday qilgan.

energiya iнқiрозi, qish

Yigitning aytishicha, u Surxondaryo viloyat Yoshlar ishlari boshqarmasida ishlaydi. U 10 yanvar kuni kasalxonaga yotqizilgan. Termiz tumanining Uchqizil aholi punktida uni mashina urib ketgan.

«Yo‘llar muzlab qolgan edi. Men ishdan uyga qaytayotgan edim. Yo‘ldan o‘tayotganimda meni „Kobalt“ urib yubordi. Hushimni yo‘qotdim va meni Uchqizildagi tez yordamga olib borishibdi, u yerdan esa respublika tez yordamining Surxondaryo filialiga olib ketishgan. Yelka va umurtqa suyaklarim singan ekan».

Kasalxona shifokori Iskandar Muhammadiyevning so‘zlariga ko‘ra, sovuq kunlar boshlanganidan buyon shamollash alomatlari, shuningdek, sirpanchiqlarda yiqilish oqibatida qo‘l va oyoq jarohati bilan murojaat qilatyogan bemorlar soni ko‘paygan.

energiya iнқiрозi, qish

«Sovuq boshlanishidan oldin kuniga 20−30 kishi murojaat qilgan bo‘lsa, hozir 30−40 kishi murojaat qilmoqda. Yo‘l-transport hodisalari soni ham ko‘paygan. 11 yanvar kuni qo‘l va oyoq sinishi va boshqa jarohatlar bilan 37 kishi murojaat qildi. Shu kunlarda 4−5 shifokor navbatchilikda turibmiz. Qo‘limizdan kelganicha jarohatlanganlarga yordam beryapmiz», — dedi Muhammadiyev.

Uning qo‘shimcha qilishicha, tuman tez yordam bo‘linmalarida jarroh mutaxassislar yetishmaydi. Shu sababli Angor, Jarqo‘rg‘on, Boysun, Oltinsoy, Muzrabot va Termiz tumanidagi bemorlarni operatsiya qilish uchun Termizga olib kelishga majbur bo‘linmoqda.

Jizzax shahrining «Madaniyat» mahallasida yashovchi fuqaro, Jizzax viloyati

Biz 16 xonadondan iborat ikki qavatli uyda turamiz. Bizda markaziy isitish tizimi yo‘q. 2000 yillarda kimdir bizning qozonxonamizni xususiylashtirib, quvurlarni kesib ketgan. AGV-qozonxona qo‘yishga qurbi yetganlar, o‘ziga qo‘yib olgan. To‘rtta xonadon, jumladan, biznikida ham shunday qozonxona bor. Qolganlar uyini imkonini qilganicha isityapti: kimdir konditsioner bilan, kimdir esa bitta xonaga qamalib, elektr isitgich bilan.

Qor boshlashi bilan bizga berilayotgan gaz bosimini shunchalik pasayib ketdiki, amalda yo‘q bo‘lib qoldi, deyish mumkin. Xonadondagi quvurlar sovuq, gaz faqat AGVning o‘zini isitishga yetdi, xolos (xavfsizlik texnikasiga muvofiq, u ko‘chaga joylashtirilgan). Onam uy ichida qishki paltosini kiyib yuribdi, men esa kiyingan holda, ikki qavat adyol tagida yotibman, chunki Yangi yil arafasida oyog‘imni sindirib olgandim.

Kecha, gaz bosimi biroz ko‘tarilmagunicha, biz hatto ovqat ham pishirolmay qoldik, yo‘qsa gaz AGVning o‘ziga yetmay qolgan bo‘lardi. Elektr plitada ovqat pishirdik, unga qo‘yilgan chovgum 50 daqiqa deganda qaynadi. Elektrni ham kuniga besh-olti marta yarim soat — bir soatga uzib turishdi.

Kvartiramizda suv bilan bog‘liq muammo bo‘lgani yo‘q. Biroq «dom»imizdagi ko‘pchilikning xonadonida quvurlar muzlab qolgan. Ular hojatga qo‘shnilarinikiga chiqishga majbur bo‘ldi.

Oziq-ovqatni bizga do‘stlarimiz va qarindoshlarimiz olib kelib berishyapti. Onam 76 yoshda. Bunday sirpanchiq, yaxmalaklarda u qanday ham yura olardi. Oziq-ovqatlar narxi oshganmi-yo‘qmi, bilmadim. Lekin bizda gaz bilan bog‘liq vaziyat mana shunday yomonlashganida har safar non narxi oshadi.

Gaz bilan bog‘liq hozirgisiga o‘xshash holatlar 2013 yildan 2016 yilgacha bo‘lgan qishlarda ham kuzatilgandi. Boshqa yillarda, bu yilgi sovuqlarga qadar, qishni issiqda o‘tkazganmiz. Eng tushunarsiz joyi shundaki, nega qo‘shni mahallalarda gaz boru, bizda yo‘q? Qarindoshlarimizning aytishicha, ularning uyi issiqmish. Nega taqsimot bunday tushunarsiz?

Rishton tumanidagi «Uchariq» mahallasida yashovchi fuqaro, Farg‘ona viloyati

Anomal sovuq ko‘p hududlar qatori bizning mahallaga ham o‘z ta’sirini o‘tkazdi. Masalan, tez-tez «svet» o‘chishi odatga aylandi. Oldin grafik bo‘yicha kuniga 8 soat o‘char edi, yanvardan boshlab sutkasiga 16 soat «svet» berilmayapti. Mahallamizdagi xonadonlarning 90 foizi gazga ulangan. Har yili uzluksiz berilardi, lekin 2023 yildan gaz bosimi juda pasayib ketdi.

Bundan tashqari, biz tarafda benzin va metan gaz narxi ham oshgan. Oqibatda haydovchilar kamayib ketgan. 2 ming so‘mlik yo‘lga hozirda 3−4 ming so‘m to‘layapmiz.

Narxi oshgan mahsulotlardan piyozni alohida aytishim mumkin: bir oy avval uning narxi 5−6 ming so‘m edi, hozir bo‘lsa 8−9 ming so‘mdan sotilmoqda.

Manba: https://www.gazeta.uz/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati


 

>