OAV va jamoatchilik bilan ishlash
OAV: «Kichik GESlar energiya muammosiga yechim bo‘ladimi? Mutaxassis bilan suhbat»
  • 24.01.2023
  • 293

O‘zbekistonda kuzatilgan anomal sovuq oqibatida energiya ta’minotida kollaps yuz berdi. Butun mamlakat bo‘ylab uzilishlar kuzatildi. Holatni yaxshilash bo‘yicha 19-yanvar kuni prezident Shavkat Mirziyoyev yig‘ilish o‘tkazdi. Prezident yig‘ilishdan so‘ng gidroenergetika tarmog‘idagi rejalar taqdimoti bilan ham tanishgan edi. Unda mamlakat bo‘ylab kichik GESlarni qurish ishlari boshlangani va bu kelgusida gidroenergetika samaradorligini bir necha baravarga oshirishi ta’kidlangandi.

Istiqbolli deb aytilayotgan kichik GESlar nimasi bilan o‘ziga xos? Bu yo‘l oldimizdagi energiya muammolariga yechim bo‘loladimi? “Daryo” muxbiri mazkur masalada “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati bo‘lim boshlig‘i Alisher Yo‘ldoshevdan intervyu oldi oldi.

Alisher Yo‘ldoshev

Alisher Yo‘ldoshev
Foto: “Daryo”

Birinchi bosqich mahalliylashtirish

Normaga ko‘ra 500 kilovattgacha elektr energiya beradigan stansiyalar kichik GESlardir. Ushbu turdagi GESlarni O‘zbekistonda joriy etish bo‘yicha uch yil o‘rganishlar olib bordik. Hozir to‘liq texnik imkoniyatlar bilan qilolmaymiz. Boshqa rivojlangan davlatlarning tajribasini o‘zimizga moslashtirgan holda bosqichma-bosqich mahalliylashtirib boramiz.

Bizning konstruktorlik byuromiz bor. Har bir tanlangan suv resursiga hisob-kitobini qilib berishi mumkin. Qaysi uskuna va qaysi tipdagi uskunani tavsiya berib, shu tavsiya asosida ishlab chiqarishga yo‘naltirish mumkin.

Kichik GESlarning asosiy qismi trubina va generatordan iborat. Keyin unga avtomatika va boshqa uskunalar bo‘ladi. Trubinani ishlab chiqarishda mahalliylashtirib bormoqdamiz. Hozirgi kunda 200-300-400 kilovattgacha bo‘lgan trubinalarni ishlab chiqarishni boshlab yuborganmiz. Ikkinchi bosqichda generatorlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchimiz.

Foto: “Daryo”

Kichik GESlar o‘zini oqlaydi

Hozirda suv energiyasini elektr energiyasiga aylantiryapmiz. Bu har daqiqa, har soniya, har soatda pulga aylanyapti. Ushbu soha juda istiqboli bor biznes deb hisoblansa bo‘ladi.

Joyiga qarab o‘rnatiladi

Har xil suv resursiga qarab kichik GESlar o‘rnatish mumkin. Tezlikni hisob-kitob qilib olinadi. Asosiy ko‘rsatkich tezlik va bosim. Shunga qarab hisobi olinadi. Qaysi kuchga ega bo‘lgan uskuna bu yerga qo‘yiladi va qanaqa samara beradi, necha yil mobaynida o‘zini qoplaydi, sanoat o‘zining hisob-kitobini qilib beradi.

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

Sinov o‘tkazilmoqda

Farg‘ona politexnika instituti bilan Marhamat tumanida kichik GES o‘rnatilgan. U test rejimida ishlayapti. 200 ta xonadonni elektr energiyasi bilan ta’minlab beryapti.

Chirchiq shahrida ham bitta kichik GESni sinovdan o‘tkazyapmiz. Tajribadan o‘tyapti. O‘ylayapmanki, ularga yetarli bo‘lgan energiya bilan ta’minlab beradi. Bundan tashqari, yana ikkita joyni sinovga tayyorlayapmiz. Bahorda sinovini o‘tkazishni mo‘ljallayapmiz.

Ma’lumot uchun, kichik GES qurmoqchi bo‘lgan tadbirkorlarga yer bepul beriladi, soliq imtiyozlari va uskunalar sotib olish uchun imtiyozli kreditlar beriladi. Shuningdek, ishlab chiqarilgan elektr energiyasini maksimal tarif bo‘yicha davlat xarid qilib oladi.

Joriy yilda 197 megavattli 7 ta loyiha va 10 ta mikro gidroelektr stansiya ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Yana 438 megavattli 8 ta istiqbolli loyiha va 50 ta mikro GES qurish bo‘yicha ishlar boshlanadi.

Mikrogidroelektr stansiyalar qurish mumkin bo‘lgan 250 ta maydon aniqlangan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, kelgusida bu inshootlarda yiliga 675 million kilovatt-soat elektr energiyasini ishlab chiqarib, 200 million kub metr gaz tejash mumkin.

 

 Manba: https://daryo.uz/2023/01/23/kichik-geslar-energiya-muammosiga-yechim-boladimi-mutaxassis-bilan-suhbat

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

 

>