Yangiliklar
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING QARORIGA MUVOFIQ 2018-YILDA BOSHLANGAN LOYIHA MUVAFFAQIYATLI YAKUNLANDI
  • 12.05.2020
  • 1096

 «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatining «Toshkent metallurgiya zavodining tashqi obyektlarini qurishda elektr energiyasi bilan ta'minlash» loyihasi muvaffaqiyatli yakunlanib, umumiy uzunligi 46 kilometrli 220 kV li havo liniyasi hamda yangi yuqori kuchlanishli «Sirg‘ali» podstansiyasi foydalanishga topshirilmoqda. Ayni paytda texnik dasturga asosan kuchlanish berilib, 115 soatli ishga qo‘yish-sozlash ishlari olib borilmoqda.

 

  Qiyosiy ta'bir bilan aytganda, sanoat korxonalari iqtisodiyotimizning lokomotivi hisoblanadi. Mahalliy xomashyolarni qayta ishlash evaziga tayyor mahsulot ishlab chiqarish, ichki bozor ehtiyojini to‘ldirish bilan bir qatorda mahsulotlarini eksportga yo‘naltirish imkoniyatiga ega yirik korxonalar soni va quvvatini oshib borishi — Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan ustivor yo‘nalishdan biri ekanligi barchamizga ma'lum.  

 Avval xabar berganimizdek, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 29-martdagi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-iyundagi tegishli qarorlariga asosida «Toshkent metallurgiya zavodining tashqi obyektlarini qurishda elektr energiyasi bilan ta'minlash» loyihasi amalga oshirilayotgan edi.

Batafsil ma'lumot: www.uzbekistonmet.uz/uz/
Batafsil ma’lumot: www.uzbekistonmet.uz/oz/

  Ta'kidlab o‘tilganidek, loyihadan ko‘zlangan maqsad aniq — Toshkent shahar Sirg‘ali tumanida joylashgan yirik sanoat korxonasining tashqi obyektlarini qurishda elektr energiyasi bilan ta'minlash hamda Toshkent shahri va qisman Toshkent viloyatidagi iste'molchilarni elektr energiya bilan uzluksiz ta'minlash jarayoni ishonchliligini oshirishdan iborat.

Loyiha tarkibidagi qurilish obyektlariga nazar soladigan bo‘lsak, dastlab «Qo‘yliq» va «Adolat» podstansiyalari oralig‘idagi 220 kVli havo liniyasini kesish orqali yangi tarmoq tuguni hosil qilindi. So‘ngra «Sirg‘ali» podstansiyasigacha uzunligi 2x23 (46) km bo‘lgan 220 kV li havo liniyasi qurib bitkazildi.

Loyihaning yana bir ahamiyatli jihati shundan iboratki, yirik sanoat korxonasi joylashgan hudud atrofidagi boshqa iste'molchilarning elektr energiyasiga bo‘lgan talabini ham qondirish, ta'minotning ishonchliligini ehtiyojga muvofiq oshirib borish maqsadida yangi, zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan 220/110/10 kV kuchlanishli «Sirg‘ali» podstansiyasi ham qurib bitkazildi.

 Agar o‘tgan davr ichida loyiha doirasida qilingan ishlarni batafsil tahlil etadigan bo‘lsak, pudratchi «Maxsuselektrtarmoqqurilish» qurilish tashkiloti tomonidan: 292 dona fundamentlar; 194 dona SK-26 rusumli tayanch ustunlari; 68 dona metall konstruksiyali tayanch ustunlari o‘rnatildi va 46,6 kilometr uzunlikdagi sim montaj qilindi.

 Bundan tashqari, pudratchi «MU-4» qurilish tashkiloti tomonidan: 89 dona SK-22 rusumli tayanch ustunlari o‘rnatildi; 200 MVAli transformatorni o‘rnatish ishlari yakunlandi; «Sirg‘ali» podstansiyasi ustunlar bilan to‘liq o‘raldi; Nasos stansiyasi foydalanishga topshirildi; «Sirg‘ali» podstansiyasida 110 kVli ochiq taqsimlash uskunasining tayanchlari o‘rnatildi; Operativ boshqaruv pulti joylashgan hamda yordamchi funksional binolar foydalanishga topshirildi.

 «Toshkent metalurgiya zavodining tashqi obyektlarini qurishda elektr energiyasi bilan ta'minlash» loyihasining umumiy qiymati 29,022 mln. AQSh dollari hisobida bo‘lib, shundan 26,5 mln. AQSh dollari hisobidagi mablag‘lar O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi, qolgan 2,521 mln. AQSh dollari hisobidagi mablag‘lar «O‘zbekiston MET» AJning o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshirildi. 

 Eslatib o‘tamiz, mazkur loyiha hududi o‘z ichiga Toshkent shahrining Sirg‘ali tumanidagi Yangi Sirg‘ali massivi, shuningdek, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq, O‘rta Chirchiq, Quyi Chirchiq, Yangiyo‘l va Zangiota tumanlarini qamrab oladi va mazkur hududlar taraqqiyoti uchun xizmat qiladi.

kun.uz/uz/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>