OAV va jamoatchilik bilan ishlash
OAV: «Kun mavzusi: Choralar ko‘rilyapti, ammo natija yo‘q»
  • 24.01.2023
  • 132

Anomal sovuq biroz chekinganiga qaramay, shu kunlarda joylarda deyarli barcha yig‘ilish va majlislar kun tartibidagi asosiy masala - aholini elektr energiyasi, issiqlik va gaz bilan ta’minlash muammosi qanday hal etilayotgani hamda yoqilg‘i quyish shoxobchalari inqirozidan qanday chiqishi mumkinligi haqida bo‘lyapti.

 Qish mavsumida aholini tabiiy gaz bilan ta’minlashni yaxshilash maqsadida o‘tgan yilning dekabr oyida mulkchilik shaklidan qat’i nazar, gaz quyish shoxobchalari faoliyatiga cheklovlar kiritilgan edi. Unga ko‘ra, joriy yilning 9 yanvariga qadar mazkur shoxobchalar kechasi soat 23:00 dan kunduz 14:00 gacha ishlashga o‘tgandi. Haydovchilar tungi dam olishni to‘xtatib, gaz quyish shoxobchalari eshigi oldida soatlab navbatda turishga o‘rganib ham qoldi.

9 yanvardan ob-havoning o‘ta sovugani sababli metan gaz shoxobchalari mutlaqo ishlamayapti. Natijada benzin quyish shoxobchalarida uzun navbatlar paydo bo‘ldi.

Aholiga yengillik yaratish maqsadida A-80 markali benzin narxi tushirildi, 5700 so‘mdan sotish belgilandi. Ammo shundan keyin bu markadagi benzin darhol tanqis tovarga aylandi.

“Men kichkina odamman, hech narsani bilmayman...”

“Toshkent-Samarqand” avtomagistrali bo‘yidagi “Jomboy don mahsulotlari” korxonasi ro‘parasida joylashgan yoqilg‘i quyish shoxobchasi ostonasida mashinalarning turnaqator navbatini ko‘rib to‘xtadik. Haydovchilarning aytishicha, bu yerda A-80 markali benzin sotilyapti ekan.

Biz ham mashinaga yoqilg‘i quyish uchun navbatda turdik. Ikki soatdan keyin navbatimiz kelganida, shoxobcha xodimi yoqilg‘i tugaganini aytdi. Haydovchilar shu zahoti shovqin ko‘tarib, norozi bo‘la boshlashdi.

– Ertalab uchta yonilg‘i tashuvchi yuk mashinasi yoqilg‘i olib kelganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim, – deydi haydovchilardan biri Nuriddin Alimov. – 30 tonnadan ortiq benzin olib kelishdi. Bunday hajmdagi yoqilg‘ini shu vaqt ichida tugatish mumkin emas...

Bu holatning sabablariga oydinlik kiritish maqsadida operator oynasi oldiga borib, yoqilg‘i quyish shoxobchasi rahbari bilan bog‘lanishni so‘radim. O‘zini tanishtirmagan yosh operator u “kichkina odam” ekanligini va hech narsani bilmasligini aytdi. Va darhol darchani yopib, ketib qoldi. Shoxobcha va “Maroqand” neft bazasi rahbariyati bilan bog‘lanishga urinishlarimiz esa besamar ketdi.

Kundalik uzilishlar soatbay uzilishlarga aylandi

Bugungi kunning yana bir muhim muammosi aholini elektr energiyasi bilan ta’minlash masalasidir. Ta’kidlash joizki, bu yo‘nalishdagi vaziyat, yumshoq qilib aytganda, yoqilg‘i quyish shoxobchalaridan yaxshi emas.

Masalan, hozirgi vaqtda Jomboy tumanidagi “Sherqo‘rg‘on”, “Qo‘lbosti”, “Nogahon”, “Naymantepa”, “No‘sh”, Payariq tumanidagi “Eshimoqsoq”, “Maniobod”, “Oqqo‘rg‘on”, “Sorisuv” mahalla fuqarolar yig‘inlari aholisi uchun elektr energiyasi ta’minotidagi kunlik uzilishlar soatbay va daqiqabay uzilishlarga aylandi.

– 20 yanvariga o‘tar kechasi olti soat mobaynida chiroqlarimiz o‘n marta o‘chdi, – deydi Naymantepa mahallasida yashovchi Tolib Jo‘rayev. – Qishloqda yolg‘iz, kasal keksalar bor. “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari” korxonasi Jomboy tumani filiali navbatchi dispetcherining telefoni esa o‘chirilgan. Qish kechasining yarmida bunday ob-havoda qayerga murojaat qilishni bilmaymiz.

Uzoq va foydasiz qo‘ng‘iroqlar

Elektr ta’minoti tizimidagi bunday uzilishlar sabablarini o‘rganish maqsadida “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining elektr energiyasi yetkazib berish, energiya tizimining barqarorligini saqlash, shuningdek, elektr ta’minoti tizimidagi muvozanat va xavfsizlikni sozlash bilan shug‘ullanuvchi “Call-markaz”ga qo‘ng‘iroq qildik.

Dastlab qo‘ng‘irog‘imizni robot-operator qabul qilgan bo‘lsa kerak, u “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ haqida o‘zbek va rus tillarida qisqacha ma’lumot berdi. Shundan so‘ng robot, agar abonentlarni elektr energiyasi bilan ta’minlash bo‘yicha taklif, shikoyat yoki arizalar bo‘lsa, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ “Call-markaz”ning 11-54 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilishni maslahat berdi.

Ushbu tashkilotning qisqa raqami 20 daqiqa davomida band bo‘ldi. Nihoyat, u tez orada 0 raqamini bosib operator bilan bog‘lashini aytdi. Shundan so‘ng operator bizga javob berdi va qo‘ng‘irog‘imiz 32 raqami bilan ro‘yxatdan o‘tganini bildirdi. Shunday qilib, navbatimiz kelguncha deyarli 40 daqiqa kutdik.

“Sababini boshliqlar biladi...”

Nihoyat, robot emas, jonli operator go‘shakni ko‘tarib, manzilimizni so‘radi. Shikoyatimizga quloq solmay, bizni tez orada “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari” korxonasi bilan bog‘lashini aytdi. Shunday qilib, yana 10 daqiqa o‘tdi. Bu yerda ham robot birinchi bo‘lib qo‘ng‘irog‘imizga javob berdi va murojaatimiz 21-raqamda qayd etildi.

Navbatimiz kelguncha yana 15 daqiqa kutishimiz kerak edi. Nihoyat, “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari” korxonasi navbatchi operatorining uzoq kutilgan ovozini eshitdik.

- Qayerdan qo‘ng‘iroq qilyapsiz?

– “Zarafshon” va Samarkandskiy vestnik” gazetalari birlashgan tahririyatidan.

- Bu gazetalar qayerdan chiqadi?

- Samarqanddan.

- Muammo nimada?

- Payariq va Jomboy tumanlarining ko‘plab fuqarolari yig‘inlarida elektr ta’minotida nima uchun tez-tez uzilishlar bo‘layotgani sababini bilmoqchi edik.

- Bilasizmi, men oddiy operatorman. Bunday uzilishlar sababini faqat boshliqlar biladi. Afsuski, ular hali kelgani yo‘q. Ertaga kechqurun qo‘ng‘iroq qilsangiz yaxshi bo‘ladi. Men sizning savolingizni ularga albatta yetkazaman. Ha, menimcha, choralar ko‘rilmoqda.

- Kechirasiz, ismingiz va familiyangiz nima?

- Men ismimni ayta olmayman. Ruxsat berilmagan. Xayr!

Xullas, qariyb 3 soatlik urinishdan so‘ng olgan javobimiz shu bo‘ldi.

Xulosa shuki, tizimdagi uzilishlarga xo‘jasizlik, ortiqcha byurokratiya va boshboshdoqlik ham sabab emasmikin?

 Yormamat Rustamov.

Manba: https://zarnews.uz/uz/post/kun-mavzusi-choralar-korilyapti-ammo-natija-yoq

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

>