OAV va jamoatchilik bilan ishlash
Savollar aniq, unga mutasaddilar bahonasi emas, javobi kerak! — ogoh.uz
  • 25.01.2023
  • 160

Qish o‘z nomi bilan qish. Qishda hamisha sovuq bo‘lgan, qor yoqqan. Ammo o‘zimizni O‘zbekistonda birinchi bor qish bo‘layotgandek tutyapmiz.

Havo haroroti tushib ketishini bilib, darhol unga anomal sovuq deb nom ham berdik. Barcha ayblarni shu anomal sovuqqa ag‘darib yubordik. Muammoni hal qilishni, uni keltirib chiqargan sabablarni topishni emas, eng oson yo‘li – gunohni kimgadir yoki nimagadir to‘nkashga shoshamiz.

Qachongacha???

Savollarimiz aniq, bizga bahona emas javob kerak!

Elektr energiyasini kim yoki nima uchun tinimsiz o‘chiryapti, tushunmayapmiz. Nimani tejayapmiz, nima uchun? Yozda tejang, bahorda tejang, kuzda tejang. Kelib, kelib qishda tejaysizmi?..

Avvallari qarzdorliklar ko‘p, siz to‘lasangiz ham falonchining necha millionlik qarzi bor dedingiz. Gazga ham, elektrga ham puli tugasa o‘chadigan hisoblagich o‘rnatdingiz. Bu ham albatta iste'molchilar hisobidan. Mayli dedik, ko‘ndik, indamadik. Oldindan to‘lab ishlatyapmiz. Qancha sarflasak ham halol. Chunki oldindan to‘lovini qilib qo‘yganmiz. O‘chirish buyrug‘ini berayotganlar, bu sovuq kunlarda, har ikki soatda o‘chirib, xalqni dasturxoniga, qozonidagi ovqatga nega egalik qilyapsiz. Qani biz gaz, elektr uchun oldindan to‘lagan pullar, ular sizning g‘aznangizni to‘ldirib turibdimi?! Marhamat, pulini oldindan oldingizmi mahsulotni o‘z vaqtida yetkazing! Qachongacha xalqning manfaatiga kelganda ishlamaydigan g‘irrom o‘yin qilasiz? Elektr yoki gazni o‘chirganda pullarimiz hamyonimizga tushib qolmayapti. Qaytaga sovuqdan keksayu yoshga bemorlik yetyapti. Avval o‘zimiz ishlab topgan pulimiz bilan sizning cho‘ntagingizni qappaytirgan bo‘lsak, o‘shaning haqqidan foydalana olmasdan, endi dorixonalarni boyityapmiz.

Bizdan tejagan gaz va elektrni kelajak avlodga zaxira qilayotganingiz yo‘q. Bu hammaga kunday ravshan. Ota-bobosi sovuqdan kasalmand bo‘lib, nimjon tug‘ilgan avlod bilan kelajak yaratmoqchimisiz?!.

Har bir ishda me'yor bor, chegara bor. Huquqiy demokratik davlatmiz deb, jar solamiz. Qani iste'molchi huquqi, buni ko‘rsatib beradigan biror mard huquqshunos bormi? Siz istagandek gaz, svet pullarini oldindan to‘lab qo‘ydikmi, haqqimizga xiyonat qilmang! Huquqiy demokratik davlatda, bunga sababchi bo‘layotganlar jazo olsa adolatdan bo‘ladi.

Oddiy bir fuqaro o‘g‘rilik qilsa, birovni nohaq haqorat qilsa ham jazo muqarrar. Bilmasdan, shoshilgandan bir mashina ikkinchisini turtib yuborsa ham javobgarlik bor. Ammo nega ko‘rib, bila turib million, million fuqaroning pulini olib svetiyu, gazini o‘chirtirayotganlarga jazo yo‘q. Bir hokimning ishdan ketishi yoki bir rahbarning vazifasidan bo‘shatilishi bu muammolarni hal qilmaydi. O‘g‘riga qanday qonuniy javobgarlik belgilangan bo‘lsa, xalqni sovuq kunlarda gaz, elektr kabi energiyasiz qoldirayotganlar ham shunday javobgarlikka tortilsa adolatdan bo‘ladi.

Xalqmiz sabr qilyapti, hammasi yaxshi bo‘lib ketish umidini butkul so‘ndirgani yo‘q. Ammo hamma narsada me'yor bor, jumladan sabrda ham. Sohaga javobgar mutasaddilar, me'yorni biling. Xalqqa o‘z haqi bo‘lgan gaz va elektrini bering!

Nargiza Quvoncheva,

jurnalist

Manba: https://ogoh.uz/50616/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati
 t.me/uzmetaxborotxizmati

>