OAV va jamoatchilik bilan ishlash
OAV: «Bizga «qishki xona»lar kerak»
  • 31.01.2023
  • 195

yoxud tejamkorlik xususida mulohazalar

Esimda, o‘quvchilik yillarim qishda sinf xonamizning pechkasi ertalab faqat bir marta yoqilardi. Uyimiz ham atigi ikki mahal isitilar va shu iliq harorat tafti biz uchun yetarli edi. Ta'lim olish, kundalik turmush ishlari o‘z maromida davom etaverardi.

Yoshligimda otam tabiiy gaz zaxiralari tugab qolishi mumkinligi, tejab-tergab ishlatishimiz kerakligini, elektr energiyasini esa zarur vaqtdagina ishlatishimizni tayinlardi. Bu gaplarga ham 40 yildan oshdi. Shu vaqt davomida yurtimizda aholi soni 3 barobarga, ishlab chiqarish, sanoat quvvatlari ham bir necha barobarga oshdi. Xonadonlarimiz maishiy texnikalarga to‘ldi. Muzlatkichdan tortib changyutgichgacha, aristondan tortib konditsionergacha har bir xonadonga kirib bordi. Bu esa energetika ­resurslari sarfining tinimsiz oshib borishiga olib keldi.

Tasavvur qiling, har bir xonadonda o‘rnatilgan ariston kamida 60-100 litr suvni doimiy qaynoq holatda saqlashi uchun qancha quvvat kerak bo‘ladi? Dang‘illama uylarimizning har bir xonasini issiqlik bilan ta'minlash uchun qancha gaz va elektr energiyasi sarflanadi? Ana shunday vaziyatda barcha resurslarni har bir xonadonda tejash tabiiy manbalarimizdan oqilona foydalanishning bir yo‘lidir.

Avvalo, bu borada chuqur tushuntirish va targ‘ibot ishlarini yo‘lga qo‘yish, xonadonlarga «Qishki xona» tushunchasini kiritish zarur.

Har bir xonadonni inventarizatsiya qilib, oila soniga qarab faqat kichik xonalarni qishki mavsumda isitish, kerak bo‘lsa, shu xonadon uyining issiqlik saqlashi holatini mus­tahkamlash, uning davlat standartlari asosida qayta jihozlanishini tashkil etish, «Qishki xona»larning hajmini kichraytirish, devorlar, pollarning issiqlik saqlash moslamalari (uteplitel, steklovata, minvata) bilan qop­lab yashash xonalarining issiqlik saqlashini ta'minlash lozim.

So‘nggi paytlarda muqobil energiya manbalaridan foydalanish masalasida ko‘p gapirilyapti. Lekin amalda yorug‘lik paneli sotadigan do‘kon yoki shu panellarni o‘rnatib beradigan biror tadbirkorni izlab topolmaysiz. Zero, bu masalaga jiddiy e'tibor qaratish, aholining barcha qatlamlari sotib olish imkoniya­­ti bo‘lgan kichik yorug‘lik panellari, isitish batareyalari, energiyani iqtisod qiladigan moslamalar, lampalar sotuvini yo‘lga qo‘yish lozim bo‘ladi.

Xullas, har bir rahbar, har bir fuqaro o‘z tashkiloti, o‘z ro‘zg‘orida sarf bo‘layotgan elektr energiyasi, tabiiy gazni, ichimlik suvini tejasin, toki uzoq qishloqlarimiz, chekka hududlarda yashayotgan yurtdoshlarimizning xonadonlariga ham iliqlik, yorug‘lik kirib borsin!

Hamid BESHIMOV,

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Buxoro viloyati kengashi raisi o‘rinbosari

Manba: https://ishonch.uz/archives/11165

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

https://t.me/uzmetaxborotxizmati

>