OAV va jamoatchilik bilan ishlash
minenergy.uz — Energetika vaziri va Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki vitse-prezidenti o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi
  • 28.04.2023
  • 142

Joriy yilning 26-aprel kuni Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov va Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki vitse-prezidenti Konstantin Limitovskiy o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda O‘zbekistonda xalqaro moliya institutlari ko‘magida energetika sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, energiya samaradorligi va energiya tejamkorlik, issiqlik elektr stansiyalari qurish, elektr uzatish tarmoqlarini qurish hamda gidro elektr stansiyalarni taʼmirlash ishlari loyihalarini moliyalashtirish yuzasidan fikrlar almashildi. 

Energetika vazirligi tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan va amalga oshirilishi rejalashtirilgan bir qator loyihalarni moliyalashtirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish yuzasidan takliflar berildi. Jumladan:
 

 


Qayta tiklanuvchi energiya manbalari loyihalarini moliyalashtirish: Qayta tiklanuvchi energiya manbalari loyihalari bo‘yicha xalqaro kompaniyalar (China Gezhoba Group, CC7, Huaneng, ACWA Power, Masdar) bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, Olmaliq va Navoiy kon metallurgiya kombinatlariga o‘z ehtiyojlari uchun 500-1000 MVt quvvatga ega stansiyalarni davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida qurish rejalashtirilayotganligi; 

➖ Surxondaryo viloyati (Stoun City)da 1560 MVt quvvatga ega issiqlik elektr stansiyasini qurish loyihasi doirasida investorlar Osiyo infratuzilma investitsiyalari bankidan mablag‘ jalb qilish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganligi;

Elektr uzatish tarmoqlarini qurish loyihalarini moliyalashtirish: Yangi quvvatlar uchun elektr energiyasini uzluksiz taʼminlash maqsadida 1000 km uzunlikdagi yangi yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari va 5 ta podstansiya qurish bo‘yicha “Xian Electric i State Grid – CET” bilan ishlar olib borilayotganligi;
 

 


O‘zbekistonda quyosh panellari ishlab chiqarishni moliyalashtirish: “Yashil” iqtisodiyotga o‘tish dasturi doirasida 2022-yilda davlat muassasalari va ijtimoiy soha obyektlari tomlariga umumiy quvvati 49 MVt bo‘lgan quyosh panellari va 722,6 mln litr hajmdagi quyosh suv isitgichlari o‘rnatildi va “Yashil energiya” ixtisoslashtirilgan korxonasi tashkil etildi. Panellarni o‘rnatishni jadallashtirish, shuningdek, ularning tannarxini pasaytirish maqsadida O‘zbekistonda quyosh panellari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish masalasi ham ko‘rib chiqilayotganligi;

Zarafshon GESining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish uchun mablag‘ ajratish: O‘zbekiston va Tojikiston Respublikalari hukumatlari o‘rtasida Tojikiston Respublikasi hududida Zarafshon daryosida gidroelektr stansiya qurilishini o‘rganish va loyihaning yangilangan texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish uchun grant mablag‘larini jalb qilish bo‘yicha faol ish olib borilayotganligi masalalari aytib o‘tildi.

Maʼlumot uchun: Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov va Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki rahbariyati o‘rtasida joriy yilning 12-yanvar kuni Zoom platformasi orqali onlayn va O‘zbekiston delegatsiyasining Xitoyga tashrifi doirasida 20-fevral kuni Bankning Pekindagi shtab-kvartirasida uchrashuvlar bo‘lib o‘tgan edi.

 

O‘zbekiston Respublikasi
Energetika vazirligi Matbuot xizmati

Manba: https://minenergy.uz/uz/news/view/2774

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

https://t.me/uzmetaxborotxizmati

>