Yangiliklar
ELEKTR TA'MINOTI TIZIMINING BARQAROR FAOLIYATI — TADBIRKORLIKNI QO‘LLAB-QUVVATLASH BO‘YICHA OLIB BORILAYOTGAN ISLOHOTLARNING TAYANCHI HISOBLANADI
  • 15.06.2020
  • 1358

  Boshqaruv apparatining navbatdagi xizmat safari: «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi Jamiyatning Farg‘ona vodiysida joylashgan magistral elektr tarmoqlari filiallari, yuqori kuchlanishli podstansiyalar hamda ijtimoiy soha obyektlarining ish faoliyatini yaqindan o‘rganib, joylarda sayyor qabullar o‘tkazdi.

 

 

  Faoliyatda sayyor qabul va yuzma-yuz muloqotning ahamiyati

  Ma'lumki, davlat idoralari markaziy boshqaruv apparatining vazifasi ma'lum bir yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan hududiy tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirishdan iborat. Muvofiqlashtirish deganda faqat buyruq beruvchi, nazorat va taftish etuvchi yuqori turuvchi ma'muriyat boshqaruvi tushunilmasligi lozim. Faoliyatni muvofiqlashtirish amaliyotiga hududiy bo‘linma va filiallarda mavjud muammolarga yechim toppish va qaror qabul qilishda muhim ahamiyat kasb etadigan bevosita tanishuv, o‘rganish va tahlil etish kabi vazifalar ham kirishi barchamizga ma'lum. Bunday ish uslubining samaradorligi yuqori.

  Shu o‘rinda quyi tashkilot xodimlari bilan yuzma-yuz muloqotning ahamiyati nechog‘li muhimligini ham alohida e'tirof etish lozim. Aksariyat hollarda quyi bug‘in rahbarlari o‘zi yechim topolmayotgan muammolarni davlat idorasining rahbariyatiga ma'lum qilavermasligi oqibatida bir qancha masalalar rahbarlar, mas'ul xodimlar nazaridan chetda qolib ketish ehtimoli mavjud. Bu esa faoliyatga biroz tanqidiy nazar bilan yondashuvga o‘ziga xos to‘siqlar yaratishi mumkin. Shuning uchun ham joylardagi sayyor qabullar va rahbar hamda ishchi-xodimlarning bevosita uchrashuvlari muhim ahamiyatga ega.

  E'tibor bergan bo‘lsangiz, oxirgi yillarda boshqaruv markazidan olis obyektlarga tashrif, fuqarolarning murojaatlari bilan ishlashga munosabat birmuncha o‘zgardi. Boshqacha aytganda, ko‘p vaqt yopiq turgan, birov taqillatsa-da ochilmagan eshiklar bugun ochildi. Rahbarlar aholi, ishchi-xodimlari bilan yuzma-yuz muloqot qilish, ularni eshitish, dardlarini tinglab, ularga yechim topish bilan shug‘ullanishmoqda.

  Bugungi kunda vazirlar, davlat idoralarining rahbarlari joylarga chiqib, olis hududlarga borib, sayyor qabullar o‘tkazmoqda, aholining hayot darajasini o‘z ko‘zi bilan ko‘ryapti. Bu — Prezident talabi. Bu — xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak, degan tamoyilning hayotiy ifodasidir.

  Energetika sohasida ham hududiy tashkilotlar faoliyati bilan bevosita tanishish, yangi investitsion loyihalarning amaliyotdagi holatini o‘rganish, qurilish-montaj jarayonlarida bevosita rahbarlik qilish, lozim bo‘lganda samarali ish faoliyatini ta'minlovchi Ishchi guruh shtablarini tashkil etish an'anasi mavjud. Buni joriy yilning aprel oyida Turkmaniston tarafdan kuchli shamol oqimining kirib kelishi natijasida: Buxoro, Navoiy, Samarqand, Qashqadaryo va Jizzax viloyatlarida, bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatining ayrim hududlarida yuqori hamda past kuchlanishli elektr tarmoqlaridagi avariyalar tufayli yetkazilgan zararlarni bartaraf etishda olib borilgan ishlarni misol qilishimiz mumkin.  

  Batafsil: uzbekistonmet.uz/uz/

  «Namangan tibbiy-sanitariya qismi» tibbiyot muassasasi

 

 

  «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi D.A.Isaqulovning 2020-yil 12–14-iyun kunlarida davom etgan navbatdagi xizmat safarining dastlabki manzili «Toshkent magistral elektr tarmoqlari» filiali va «Namangan magistral elektr tarmoqlari» filiali oralig‘idagi, Qamchiq dovoni avtomobil yo‘llariga tutash yuqori kuchlanishli havo liniyalarni ko‘zdan kechirishdan boshlandi.

  Jamiyat boshqaruv raisining xizmat safariga «O‘zbekiston MET» AJ Avtotranport va mexanizmlar hamda Axborot xizmati rahbarlari hamrohlik qilishdi.

  Kunning ikkinchi yarmida Jamiyat boshqaruv raisi «O‘zbekiston MET» AJ tasarufidagi ijtimoiy soha obyekti — «Namangan tibbiy-sanitariya qismi» deb nomlangan tibbiyot muassasasiga tashrif buyurdi. Asosan energetiklarga tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi, 80 o‘rinli statsionar o‘rinlarga ega ushbu poliklinika karantin paytida Namangan viloyati hokimiyati bilan hamkorlikda ma'lum muddat yuqumli kasallik bilan og‘rigan fuqarolar bilan muloqotda bo‘lgan shaxslar uchun tibbiy kuzatuv maskaniga aylantirilgan edi. Tibbiy nazorat ostida bo‘lganlar orasidan «COVID-19» bilan og‘rigan bemorlar aniqlanmagach, muassasa tegishli tartibda to‘liq dizenfeksiya qilinib, qaytadan o‘z faoliyatini davom ettirish borasida tashkiliy masalalar bilan shug‘ullanayotgan edi.

  Ijtimoiy soha obyektining ko‘p sonli jamoasi bilan «O‘zbekiston MET» AJ boshqaruv raisining bevosita muloqoti muassasaning faollar zalida bo‘lib o‘tdi. Rahbar va xodimlar uchrashuvi interaktiv muloqot usulida o‘tkazilib, unda tibbiy muassasa ishchi-xodimlari «Namangan tibbiy-sanitariya qismi» faoliyatida qanday yo‘l bilan samarali ko‘rsatkichlarga erishish mumkinligi borasida o‘z fikr-mulohazalarini bayon etishdi.

  Tan olish joizki, mazkur tibbiy muassasa faoliyati ayni paytda qoniqarli darajada emas. Muassasa «O‘zbekenergo» davlat aksiyadorlik kompaniyasi uchta turdosh tashkilotlarga bo‘linganidan so‘ng, mavjud talablarga muvofiq imtiyozli foydalanuvchi xodimlar soni birmuncha qisqarib, aholiga pulli xizmat ko‘rsatish shakliga o‘tkazilgandan so‘ng bir qator muammolarga duch keldi. Muassasadagi tibbiy texnika, statsionar o‘rinlar, tibbiyot xodimlarining ish samaradorligi va malaka ko‘nikmalarida mavjud bir qator kamchiliklar uchrashuvda atroflicha muhokama etildi. Jamoa a'zolari muassasani zamonaviy asbob-uskunalari bilan jihozlagandan so‘ng mehnat unumdorligi oshirish mumkinligi to‘g‘risidagi talablari Boshqaruv raisi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi va muhokamalardagi yechim nuqtalari Muassasaning kasaba uyushmasi tomonidan rasmiylashtirilgan bayonnomaga kiritildi.

 Shundan so‘ng Jamiyat boshqaruv raisi tomonidan muassasaning barcha tibbiy muolaja, laboratoriya tahlili, dam olish, ovqatlanish hamda yotoq xonalari ko‘zdan kechirilib, tibbiy-sanitariya qismining santexnika, mebel, ko‘rpa-choyshablari yangilanishi xususida tegishli ko‘rsatmalar berildi.

  «Namangan magistral elektr tarmoqlari» filiali

 

 

  Xizmat safarining navbatdagi manzili «Namangan magistral elektr tarmoqlari» filialining Transport va mexanizatsiya guruhi avtoparki bo‘ldi. Ma'lumki, O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati yuqori kuchlanishli havo liniyalari va podstansiyalarga xizmat ko‘rsatish jarayonida qurilish-montaj ishlaridagi yengil, yuk tashuvchi va maxsus avtotransport vositalari xizmatlariga ehtiyoj sezadi. Har bir hududiy magistral elektr tarmoqlari filialari tasarrufida avtoparklar mavjud bo‘lib, avtotransport vositalari va mexanizmlarning doimiy ishchan holatda bo‘lishi Jamiyat ish faoliyatida muhim ahamiyat kasb etadi.

  Biroq «O‘zbekenergo» davlat aksiyadorlik kompaniyasi turdosh aksiyadorlik jamiyatlariga aylantirilib, qayta tashkil etilganida ushbu yo‘nalishda xizmat ko‘rsatuvchi bo‘limlar binosi, sozlash-ta'mirlash sexlari, usti yopiq avtoturargohlar kabi masalalarda bir qator muammolar yuzaga kelgan edi. Boshqaruv raisi o‘z xizmat safari davomida mazkur muammolarni hal etish yo‘lida berilgan tegishli topshiriqlarga asosan boshlab yuborilgan ishlar ijrosi bilan yaqindan tanishdi. Bir necha o‘n yilliklar davomida xizmat ko‘rsatgan, sozlash-butlash uchun ehtiyot qismlari mavjud bo‘lmagan, iqtisodiy samaradorlik nuqtai nazaridan o‘z ishini oqlamaydigan eski rusumdagi avtotransport vositalarini yangi, zamonaviy, ko‘p tomonlama unumdor ish faoliyatiga ega transport vositalari hisobiga yangilash, ishga yaroqlilarini soz holatga keltirish, yoqilg‘i-moylash materiallari zahirasini yaratish, xavfsizlik texnikasi va yong‘in xavfsizligi qoidalariga muvofiq sharoitlar yaratish kabi masalalar ishchi tartibda muhokama etildi.

«Nurafshon» sanatoriyasi

 

 

  13-iyun kuni xizmat safarining davomi Farg‘ona viloyatida joylashgan «Nurafshon» sanatoriyasi faoliyatini o‘rganishdan boshlandi. Shu o‘rinda bir ma'lumotni alohida ta'kidlash joizki, Jamiyat tasarrufidagi 114 o‘rinli sanatoriya Farg‘ona viloyati hokimiyatining iltimosnomasiga ko‘ra ma'lum muddat chet eldan olib kelingan vatandoshlar uchun karantin nazorat manzili sifatida xizmat ko‘rsatdi. 156 nafar xorijdan maxsus aviareyslar bilan olib kelingan fuqarolarimiz 14 kunlik tibbiy nazorat muddatlarini o‘tab bo‘lgach, to‘liq tarkibda o‘z uylariga kuzatib qo‘yildi.

  «Nurafshon» sanatoriyasida to‘liq dezinfeksiya qilinganidan so‘ng «Sardoba» suv ombori texnogen falokatidan aziyat chekkan 68 nafar fuqarolarni o‘z bag‘riga qabul qildi. Ular ichida 11 nafar voyaga yetmagan bolalar va ularning onalari Jamiyatning ijtimoiy soha obyektida davolanib, parvarishlanib, so‘ng Respublika komissiyasi tomonidan tashkil etilgan vaqtincha yashash manzillariga ko‘chirib olib ketildi.

  Sanatoriya iyun oyining ikkinchi dekadasidan boshlab yana o‘z faoliyatini boshladi va bag‘riga dam oluvchilarni chorlamoqda. «O‘zbekiston MET» AJ boshqaruv raisi muassasa faoliyati bilan yaqindan tanishar ekan, uning to‘liq quvvatda ishlashini ta'minlash uchun zarur bo‘ladigan bir qator chora-tadbirlar yuzasidan topshiriqlar berdi. Jumladan, sanatoriyaning estetik qiyofasini yangilash, mehnat unumdorligi ko‘rsatkichlari va tibbiy xodimlar malakasini oshirish, fizioterapiya va statsionar davolash usullarini kengaytirish, energetiklar, shu bilan birga sanatoriyaga o‘z salomatligi tiklash uchun tashrif buyurgan aholi vakillari uchun barcha zarur sharoitlarni yaratish masalalari atroflicha muhokama etildi.

«Farg‘ona magistral elektr tarmoqlari» filiali

 

 

  Xizmat safarining navbatdagi manzili «Farg‘ona magistral elektr tarmoqlari» filialining Transport va mexanizatsiya guruhi avtoturargohi bo‘ldi. Bir muddat avval Farg‘ona vodiysida markazlashgan avtotransport majmuasi sifatida xizmat ko‘rsatgan mazkur bo‘linmadagi yengil, yuk tashuvchi va maxsus avtotransport vositalari ko‘zdan kechirildi. Yillar davomida xizmat ko‘rsatgan, jismonan va ma'nan eskirgan, sozlash-butlash uchun ehtiyot qismlari mavjud bo‘lmagan, ish unumdorliga nisbatan past eski rusumdagi avtotransport vositalarini yangi, zamonaviy transport vositalari hisobiga yangilash, ishga yaroqlilarini soz holatga keltirish, yoqilg‘i-moylash materiallari zahirasini yaratish, xavfsizlik texnikasi va yong‘in xavfsizligi qoidalariga muvofiq sharoitlar yaratish kabi masalalar muhokama etildi. Majmua omborxonasidagi mavjud ehtiyot qismlarni boshqa hududiy obyektlarda olib borilayotgan qurilish-montaj ishlariga taqsimlab yuborish bo‘yicha zarur topshiriqlar berildi.

220/110/10 kV li «Yulduz» podstansiyasi

 

 

  «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi o‘z xizmat safarining muhim obyekti — «Andijon magistral elektr tarmoqlari» filiali tasarrufidagi 220/110/10 kV li «Yulduz» podstansiyasiga tashrif buyurdi. D.A.Isaqulov podstansiyada investitsiya dasturidan so‘ng olib borilayotgan yakuniy bosqich ishlari bilan yaqindan tanishdi.

 

 

  Avval xabar berganimizdek, Andijon viloyatining Andijon tumanidagi «Ayrilish» MFY hududida joylashgan «Yulduz» podstansiyasida mavjud 2 dona 125 MVA quvvatli avtotransformatorlarni «Jahon banki ishtirokida magistral elektr tarmoqlari podstansiyalarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish» nomli investitsiya loyihasi doirasida quvvati 200 MVAli yangi, zamonaviy avtotransformatorlarga almashtirilgan edi. Nisbatan kam quvvatli elektr uskuna-jihozining birinchisi 2019-yilning noyabr oyida almashtirilib, Farg‘ona vodiysi aholisi, sanoat korxonalari va ijtimoiy soha obyektlarini elektr energiya bilan ta'minlashning ishonchliligi qo‘shimcha 75 MVA quvvatga oshirilgan edi. Ikkinchi avtotransformatorni almashtirish ishlari esa joriy yilning 25-yanvar kuni yakunlanib, podstansiya umumiy hisobda 400 MVA quvvatga ega bo‘lgandi.

  Boshqaruv raisi ish hajmi burmuncha oshgan podstansiya jamoasi bilan bevosita muloqot qilib, ularning talab-takliflarini inobatga olgan holda zarur sharoitlar yaratish xususida filial rahbariga topshiriqlar berdi.

«Andijon MET» filiali Transport va mexanizatsiya guruhi

 

 

  Xizmat safari «Andijon magistral elektr tarmoqlari» filiali tasarrufidagi Transport va mexanizatsiya guruhi hududiga tashrif bilan davom etdi. Shuni alohida ta'kidlash lozimki, filial ish faoliyatini yaxshilash maqsadida ayni kunlarda mazkur hududiy bo‘linma maydonida filial jamoasi uchun maxsus ofis binosi hamda usti yopiq avtoturargoh qurilmoqda. Ayrim hududiy magistral elektr tarmoqlari filiallarining o‘z balansidagi binolari mavjud emasligi bois katta hududga ega viloyat bo‘yicha yoyilgan yuqori kuchlanishli havo liniyalari va podstansiyalarga xizmat ko‘rsatish birmuncha noqulayliklar tug‘diradi. Har kuni yuzlab kilometr masofalarda turli vazifalarni bajarishga safarbar etiladigan mutaxassislar brigadasi ish faoliyatini muvofiqlashtirib turish bilan birga markaziy boshqaruv apparati bilan uzviy aloqa o‘rnatish uchun bir necha ofis va maxsus xonalardan iborat filial binolariga ehtiyoj mavjud. «Andijon MET» filiali binosi foydalanishga topshirilganidan so‘ng, xizmat ko‘rsatishda ish unumdorligi tahliliga binoan Jamiyatning Sirdaryo va Jizzax viloyatlaridagi filiallarida ham shunday sharoitlar yaratilishi rejalashtirilgan.

 

 

  Boshqaruv raisi «Andijon MET» filiali tasarrufidagi Transport va mexanizatsiya bo‘linmasining avtotransport vositalari, yuk tashish va maxsus texnikalar holati bilan bevosita tanishib, ulardan samarali foydalanish uchun zarur chora-tadbirlar bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berdi.

 

 

  220/110/10 kVli «O‘zgarish» podstansiyasi

  Xizmat safarining yakuni Farg‘ona viloyati, O‘zbekiston tumani, Tovush MFY hududida joylashgan «Farg‘ona magistral elektr tarmoqlari» filiali tasaruffidagi 220/110/10 kVli «O‘zgarish» podstansiyasiga tashrif bilan yakunlandi. Boshqaruv raisi podstansiyada «Jahon Banki ishtirokida magistral elektr tarmoqlari podstansiyalarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish» nomli investitsiya loyihasi doirasida quvvati 250000 kVAli yangi hamda zamonaviy avtotransformatorini 220 kV, 110 kV hamda 10 kV kuchlanishli yacheykalarini yangidan qurishi hisobiga qo‘shimcha AT-3 o‘rnatish ishlari bilan yaqindan tanishdi. Mutasaddilar bilan elektr energiyasi tizimi barqarorligi, ta'minotning ishonchliligini oshirishga xizmat qiladigan bir qator texnik-muhandislik masalalari muhokama etildi.

  Bir so‘z bilan aytganda, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisining Farg‘ona vodiysida joylashgan magistral elektr tarmoqlari filiallari, yuqori kuchlanishli podstansiyalar hamda ijtimoiy soha obyektlarining ish faoliyatini o‘rganishga bag‘ishlangan xizmat safari samarali yakunlandi. Xizmat safarida o‘rganilgan, tahlil etilgan, bildirilgan takliflarga muvofiq markaziy boshqaruv apparatining tegishli qarorlari qabul qilanadi. Negaki, elektr ta'minoti tizimining barqaror faoliyati — yirik sanoat korxonalari, o‘rta va kichik biznes tadbirkorlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha olib borilayotgan islohotlarning tayanchi hisoblanadi.

  Jamiyat rahbariyatining hududiy obyektlarga xizmat safarlari davom ettiriladi.

 «O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

Kanalga a'zo bo‘ling! t.me/uzmetaxborotxizmati

>