Yangiliklar
BAYRAM TABRIGI: HAR BIR OILA VA HAR BIR BOLAGA MEHR-EʼTIBOR!
  • 28.05.2023
  • 308

Assalomu alaykum, aziz bolajonlar!

Yaratganga shukurlar bo‘lsinki, yurtimiz tinch, xalqimiz farovon, farzandlarimiz esa baxtiyor! Bu albatta mustaqilligimiz mevasidir. Barchamizga maʼlumki, yurtimizda har bir farzand  Vatanimiz ardog‘ida va himoyasida.

“O‘zbekiston MET” AJ Birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasi hamda Oila va xotin-qizlar boshlang‘ich tashkiloti tomonidan Markaziy boshqaruv apparati xodimlarining 200 dan ortiq farzandlari uchun Toshkent shahrining so‘lim go‘shalaridan bo‘lmish — “Anhor” bog‘ida Bolalarni himoya qilish xalqaro kuni hamda Xalqaro oila kuni munosabati bilan “Har bir oila va har bir bolaga mehr-eʼtibor!” shiori ostida ushbu bayram tadbiri tashkillashtirildi. Bundan ko‘zlangan maqsad esa barchamizga ayon.

Zero, yurtimizdagi har bir oila – mamlakatimiz tayanchi sanalsa, ushbu qo‘rg‘onda tarbiya topayotgan har bir o‘g‘il-qiz – Vatanimizning ertangi egalaridir. Demakki, bu yo‘lda har birimizning munosib vazifalarimiz bor.  Bolalar – hayotimiz davomchilari, kelajagimiz quruvchilaridir.

Binobarin, ularni asrab-avaylash, har tomonlama barkamol qilib voyaga yetkazish har bir davlat, har bir oila, har bir ota-onaning muqaddas burchi sanaladi. Chindan ham barchamiz yurtimizning obodligini, hayotimizning bundan-da farovon bo‘lishini istaymiz. Bu boradagi orzularimizga yetish uchun dastlab farzandlarimiz taʼlimi va tarbiyasiga alohida eʼtibor qaratishimiz nihoyatda muhim vazifalardan biri ekanligini unutmasligimiz kerak.

Jamiyatimiz ishchi-xodimlari uchun nechog‘liq tarzda qulaylik va shart-sharoitlar yaratib berilgan bo‘lsa, tabiiyki, ushbu jarayonda oila va aziz farzandlar eʼtibor markazimizda. Yurtimizning barcha bayramlarida ulashiladigan sovg‘a-salomlar-u rag‘batlantirishlar, hech shubhasiz, har bir xodimimizning muborak xonadonida tarbiya topayotgan bolalar kelajagi uchun demakdir!

Tashkilotimiz tarkibidagi tibbiy maskanlar, suv havzalari, sport-sog‘lomlashtirish muassasalarini rivojlantirish, shuningdek, bolalar oromgohlariga yo‘llanmalar tashkil etish yo‘lidagi ko‘pgina harakatlarimiz negizida asl bolaparvarlik kayfiyati hukmron.

Qadrli hamkasblar! Uyingizga fayz bag‘ishlab turgan barcha farzandlarni ko‘psonli jamoamiz nomidan yana bir bor tabriklab, qutlov so‘zlarimizni albatta yetkazing! Oilalaringizga totuvlik va farzandlaringizga yorqin kelajaklar tilab qolamiz!

Hurmat bilan,

D.A.Isaqulov, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>