Yangiliklar
«O‘zbekiston MET» AJ binosida tojikistonlik energetiklar bilan ishchi tartibdagi muhokamalar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
  • 31.05.2023
  • 282

Bugun, 2023-yil 31-may kuni «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ binosida tojikistonlik energetiklar bilan ishchi tartibdagi muhokamalar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda Tojikiston Respublikasining “Barki Tochik” ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyati xolding kompaniyasi Markaziy dispetcherlik xizmati o‘rinbosari A.Xabibov, “Shabakaxoi intikoli bark” ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyati Rele himoyasi va avtomatika xizmati boshlig‘i M.Aminov, “Elektr energetikasi loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasi loyiha rahbari I.Komilov, «INTEC GOPA» konsultatsiya markazi ishchi guruh rahbari I.Komilov, shuningdek, «O‘zbekiston MET» AJ Tizim xizmatlari bosh boshqarmasi boshlig‘i Z.Jo‘rayev, Situatsion tahlil boshqarmasi hamda Rele himoyasi va avtomatika bo‘limidan vakillar ishtirok etishdi.

Tojikiston energetika tizimining Markaziy Osiyo Birlashgan energetika tizimi bilan parallel ishlashini qayta tiklash bo‘yicha ishchi tartibdagi muhokamalar yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi “Milliy dispetcherlik markazi” davlat unitar korxonasi mutaxasislari ham ishtirok etib, mutaxassislar kun tartibidagi masalalarni muhokama etdilar.

Eslatib o‘tamiz, “O‘zbekiston MET” AJ boshqaruvi raisi hamda mutaxassislari joriy yilning 3–6-may kunlari Tojikiston Respublikasida xizmat safarida bo‘lib, Muvofiqlashtiruvchi komissiyaning navbatdagi 41-yig‘ilishi hamda Markaziy Osiyo Muvofiqlashtiruvchi elektr energetika kengashining 39-yig‘ilishida ishtirok etgan edi.

Xizmat safari chog‘ida O‘zbekiston delegatsiyasi 500/220/35 kV kuchlanishli “Sug‘d” podstansiyasida bo‘lib, ushbu energetika obyektiga o‘rnatilgan elektr qurilma va uskunalari, podstansiyaga kiruvchi va chiquvchi hamda O‘zbekiston elektr energetika tizimi bilan bog‘lovchi elektr uzatish tarmoqlari ish faoliyati bilan yaqindan tanishgandi.

Tashrif chog‘ida “O‘zbekiston MET” AJ boshqaruvi raisi D.A.Isaqulov “Energiya” MDM rahbari X.A.Shamsiyev hamrohligida Tojikiston Respublikasi bosh vazirining o‘rinbosari Usmonali Usmonzoda bilan uchrashib, Tojikiston energetika tizimining Markaziy Osiyo Birlashgan energetika tizimi bilan parallel ishlashini qayta tiklash bo‘yicha tegishli kelishuv erishib, ish rejasida nazarda tutilgan vazifalar muddatiga aniqlik kiritishgan edi.

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>