Yangiliklar
Energetika tizimidagi islohotlar: qachon va qanday boshlanadi?
  • 01.06.2023
  • 357

O‘zbekistonda energetika tizimida islohotlarni amalga oshirish, xususan xususiylashtirish, transformatsiya jarayonlarini yanada faollashtirish, narxlarni erkinlashtirish, infratuzilmani yaxshilash, tizimga bozor tamoyillarini joriy etish borasida ishlar boshlanganligi to‘g‘risidagi ma'lumotlar ijtimoiy tarmoqlar orqali bir necha bor e'lon qilindi, keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Biroq mamlakatimizda energiya resurslari bozorini liberallashtirish bilan bog‘liq jarayonlar bevosita aholining daromadliyligiga, turmush darajasiga hamda ijtimoiy holatiga bog‘liq bo‘lganligi sababli islohotlar bir necha bor ortga surildi. Albatta, buning tagida aholining ijtimoiy sharoitlari yotganligini ko‘rishimiz mumkin. Lekin, dunyo tajribasidan shu narsa ma'lumki, energiya resurslari narxlarini erkinlashtirmay, sohaga bozor tamoyillarini joriy etmasdan, energetika tizimiga xususiy sektorni jalb qilmay turib birinchidan, aholining energetikaga bo‘lgan talabini qondirish qiyinlashib boraveradi. Ikkinchidan, energetika tizimida transformatsiya jarayonlarini kechikishi bu o‘z navbatida davlatning byudjetiga og‘ir yuk bo‘lib tushaveradi.

Shuning uchun ko‘plab xalqaro tashkilotlar, jumladan, yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB) tomonidan ham O‘zbekistonda energetika tizimida jiddiy islohotlarni amalga oshirish, sohaga xususiy sektorni jalb etish, energiya resurslari ta'riflarini dunyo tajribasidan kelib chiqib erkinlashtirishni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Xususan, joriy yilning 16-18-may kunlari Samarqand shahrida YETTB Boshqaruvchilar kengashining 32-yillik yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Mazkur yig‘ilishda O‘zbekistonda energetika sohasida islohotlarni amalga oshirish, energiya bozorini erkinlashtirish masalalari ham ko‘rib o‘tildi. Biroq, ijtimoiy tarmoqlarda ayrim foydalanuvchilar, ba'zi blogerlar tomonidan 2023-yil sentyabrigacha O‘zbekistonda energetikani rivojlantirish bo‘yicha yangi dastur taqdim etilishi borasidagi ma'lumotlar tushunib, tushunmay turli xil ko‘rinishda talqin qilinmoqda.

Energetika inqirozini boshidan kechirgan ko‘plab mamlakatlar, jumladan, Turkiya, Armaniston, Braziliya, Meksika, Filippin va Keniya kabi davlatlarda holatdan chiqib ketish uchun tizimda jiddiy islohotlar amalga oshirilgan. Mazkur mamlakatlarda islohotlarni amalga oshirishdan oldin quyidagi muammolar paydo bo‘lgan. Ularga davlat byudjeti defitsitining ortishi; infratuzilmani yaxshilash imkoni cheklanganligi; narx va ishlab chiqarish xarajatlari orasidagi farqni kattalashuvi, ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmi amaldagi mavjud talabni ta'minlay olmaganligi kabi muammolarni misol keltirishimiz mumkin. Agar Armanistonni misol qilib oladigan bo‘lsak, 1995-yilga kelib, elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun ajratilgan subsidiyalar yalpi ichki mahsulotning (YAIM) 11%idan ortib ketdi. Sohaga xorijiy investitsiyalar kirishi keskin kamaydi. Elektr energiyasi sohasidagi yo‘qotishlar, korrupsiya elementlari va aholi to‘lov qobilyatini pastligi vujudga keldi. Energetika tizimidagi texnologiyalarni yangilash uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri byudjet tomonidan qo‘llab-quvvatlash uchun moliyaviy mablag‘larning yetarli darajada mavjud emasligi namoyon bo‘ldi.

Mazkur holatlardan chiqib ketish uchun, birinchidan, Armaniston hukumati elektr energiyasini ishlab chiqarishda gidroenergetikaning rolini kuchaytiradigan dasturlarni ishlab chiqda va amalga oshirdi. Ikkinchidan, energetika tizimiga xususiy sektor jalb etildi. Bu esa elektr energiyasi yalpi taklifida xususiy sektorning ulushini 30 foizdan (1996-y.) 90 foizga (2010-y.) oshirilishiga olib keldi. Uchinchidan, elektr energiyasi xarajatlarini qoplash uchun byudjet mablag‘lari yetarli bo‘lmagani sababli elektr sohasidagi kompaniyalar bankdan beriladigan qarzlar hisobiga moliyalashtirildi. To‘rtinchidan, “ikki tarifli” stavka yo‘lga qo‘yildi. Bu esa uy xo‘jaliklariga imtiyozli tungi tariflardan foydalanish imkonini berdi.

Demak, mamlakatimizda ham yuqoridagi davlatlar tajribasi mutaxassislar tomonidan har tomonlama o‘rganilib, energetika tizimidagi islohotlarni joriy yilning to‘rtinchi choragidan boshlanishi kutilmoqda. Mazkur islohotlarni amalga oshirish birinchi navbatda mamlakatimizda kelgusida elektr energiyasi narxlarini bozor talablaridan kelib chiqib belgilanishiga, elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi va yetkazib berish sifatini oshishiga, energetika sohasi uchun olinadigan katta hajmdagi davlat qarzlarini qisqarishiga, tizimda xususiylashtirish va transformatsiya jarayonlari samarali yakunlanishiga hamda energetika tizimida monopoliyaga barham berilishiga olib keladi. Shu bilan birga yashil energetikani rivojlanishiga turtki beradi. Bu albatta energiya resurslariga bo‘lgan talabni qondirishga olib keladi.

 

Nodirbek Rasulov,

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti loyiha rahbari, iqtisodiyot fanlari doktori

Manba: https://t.me/olimlar_minbari/1996

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

 

>