Yangiliklar
Yoqilg‘i-energetika resurslaridan samarali va oqilona foydalanish rag‘batlantiriladi — Prezident iqtisodiyotning energiya samaradorligini oshirish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi
  • 10.07.2020
  • 5960

Iqtisodiyotning energiya samaradorligini oshirish va mavjud resurslarni jalb etish orqali iqtisodiyot tarmoqlarining yoqilgʻi-energetika mahsulotlariga qaramligini kamaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

   Yoqilgʻi-energetika resurslaridan samarali va oqilona foydalanishni ragʻbatlantirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini mamlakat iqtisodiyotiga keng joriy etish, iqtisodiyot tarmoqlari va aholiga elektr energiyasi va neft-gaz mahsulotlarining uzluksiz yetkazib berilishini taʼminlash maqsadida:

   1. Belgilab qoʻyilsinki:

   - 2020-yil 1-avgustdan hududiy elektr tarmoqlari korxonalari tomonidan elektr energiyasini yangi ishga tushiriladigan quyosh, shamol, biogaz elektr stansiyalari, quvvati 1 MVt gacha boʻlgan mikro va kichik gidroelektrstansiyalardan, shu jumladan, oʻz ehtiyojlari uchun ishlab chiqarilgan ortiqcha elektr energiyasini kafolatlangan tarzda sotib olish boʻyicha tarif sotish, tarqatish va yetkazib berish xarajatlarini chegirib tashlagan holda II tarif guruhi isteʼmolchilari darajasida belgilanadi;

   - sanoat koʻlamidagi (1 MVt yoki undan ortiq) qayta tiklanuvchi energiya manbalari (gidroelektrstansiyalardan tashqari) sohasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun potensial investorlarni aniqlash shaffof auksion (tanlov) savdolari orqali amalga oshiriladi;

   - 2020-yil 15-iyuldan 31-dekabrgacha 750 kVAgacha boʻlgan quvvatda ulangan hamda qoʻshimcha uchinchi smenani tashkil etgan mahsulot ishlab chiqaruvchi va xizmat koʻrsatuvchi isteʼmolchilar (Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan tasdiqlangan roʻyxat boʻyicha) uchun tungi davr – sutkaning qorongʻi davrida (yagona elektr energetika tizimining soat 22.00 dan 24.00 gacha va soat 00.00 dan 06.00 gacha boʻlgan minimal yuklamalar soatlarida) foydalanilgan elektr energiyasi boʻyicha hisob-kitoblarda belgilangan tarifga nisbatan 1,5 baravar miqdorda kamaytirish koeffitsiyenti qoʻllaniladi;

   - yuridik shaxslar tomonidan tabiiy gaz va elektr energiyasi uchun oldindan toʻlov kiritish toʻgʻrisidagi majburiy talabni 30 foizgacha kamaytirish imkoniyati davlat korxonalari va ustav kapitalidagi davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan yuridik shaxslarga tatbiq etilmaydi;

   - Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi Suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzbekgidroenergo” AJ va mahalliy hokimiyat organlari bilan birgalikda potensial investorlarni jalb qilish masalasini oʻrganish uchun axborotni oʻz rasmiy veb-saytida joylashtirish hamda foydalanish mumkin boʻlgan boshqa rasmiy usullar yordamida tarqatish, shu jumladan, biznes-tadbirlarda ishtirok etish va xorijda “road-show”lar oʻtkazish orqali tizimli asosda, biroq yiliga kamida bir marotaba belgilangan quvvati 1 MVt gacha boʻlgan mikro va kichik gidroelektrostansiyalar portfelini shakllantiradi.

   2. Quyidagilar:

   - 3,3 milliard kVt soat elektr energiyasi, 2,6 milliard m3 tabiiy gaz va 16,5 ming tonna neft mahsulotlarini tejashni nazarda tutuvchi 2020–2022-yillarda iqtisodiyot tarmoqlarida yoqilgʻi-energetika resurslarini tejashning maqsadli parametrlari 1-ilovaga muvofiq;

   - Iqtisodiyot tarmoqlarining yirik energiya sarflovchi korxonalarida energiya samaradorligini oshirish va yoqilgʻi-energetika resurslarini tejash boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq;

   - Yoqilgʻi-energetika resurslari jami yillik isteʼmoli ikki ming tonnadan ortiq shartli yoqilgʻi yoki bir ming tonnadan ortiq motor yoqilgʻisi boʻlgan korxonalarni majburiy energetik tekshiruvdan (energiya auditidan) oʻtkazishning 2021-2022 yillar davriga moʻljallangan jadvali 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

   Vazirliklar, idoralar va xoʻjalik tashkilotlarining birinchi rahbarlariga ushbu qaror bilan tasdiqlangan yoqilgʻi-energetika resurslarini tejashning maqsadli koʻrsatkichlari va majburiy energetik tekshiruvlar oʻtkazish jadvalini bajarish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklatilsin.

   3. “Energiyadan oqilona foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni bilan byudjetdan tashqari Tarmoqlararo energiyani tejash jamgʻarmasini (keyingi oʻrinlarda – Jamgʻarma) tashkil etish nazarda tutilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

   Belgilansinki, Jamgʻarma Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligining tuzilmasiga kiradi va davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi.

   4. Quyidagilar:

   Tarmoqlararo energiyani tejash jamgʻarmasining tuzilmasi

   4-ilovaga muvofiq;

   Tarmoqlararo energiyani tejash jamgʻarmasi Kuzatuv kengashining tarkibi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

   5. Quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari etib belgilansin:

   - davlat ulushi boʻyicha dividendlar hisobiga neft-gaz va elektr energetikasi tarmoqlari korxonalarining sof foydasidan 5 foiz miqdoridagi oʻtkazmalar;

   - energiyani meʼyordan ortiqcha isteʼmol qilganlik uchun korxonalarga qoʻllaniladigan oshirilgan tariflardan tushumlar;

   - yoqilgʻi-energetika resurslaridan foydalanishda aniqlangan huquqbuzarliklar boʻyicha undirilgan iqtisodiy sanksiyalar summasining 20 foizi;

   - kreditlar berish va Jamgʻarmaning boshqa moliyaviy-xoʻjalik faoliyatidan olingan foyda;

   - xalqaro moliya institutlarining grantlari va kreditlari hamda donor tashkilotlari mablagʻlari;

   - jamgʻarma aktivlarini boshqarish, shu jumladan, boʻsh mablagʻlarni bank muassasalarida depozit sifatida joylashtirishdan olinadigan daromadlar;

   - tuzilgan shartnomaga muvofiq moliyaviy qoʻllab-quvvatlashdan olingan foydaning bir qismi, bunda uning summasi koʻrsatilgan xizmatlar summasining yigirma besh foizidan oshmasligi lozim;

   - qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar belgilansin.

   6. Belgilansinki, Jamgʻarma mablagʻlari:

   - binolar va koʻp kvartirali uylarda energiya samarador texnologiyalar va tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini joriy etgan holda ularning energiya samaradorligini oshirish, shu jumladan, issiqlik himoyasini yaxshilash boʻyicha loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslanishini tayyorlashni moliyalashtirish, shuningdek, energiya auditini oʻtkazish;

   - energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish yoʻnalishida mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha oʻquv markazlari tashkil etish (bino va inshootlarni qurishdan tashqari) va seminarlar oʻtkazish;

   - qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalari, issiqlik nasoslari, rekuperatorlar, reaktiv quvvatni tiklovchi qurilmalar (kondensator batareyalari), rele himoyasi uchun mikroprotsessor bloklari, chastotali oʻzgartirgichlar va bir tekis ishga tushirish qurilmalarini ishlab chiqarish boʻyicha startap-loyihalarni moliyalashtirish, ishlab chiqarish korxonalarining ustav jamgʻarmalari (kapitallari) hamda korxonalarning loyihalarini shakllantirishda ishtirok etish;

   - Jamgʻarmaning ijro etuvchi direksiyasini taʼminlash, uning xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, shuningdek, ularni moddiy ragʻbatlantirish;

   - Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 22-avgustdagi “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–4422-son qarorining 6-bandida koʻrsatilgan tadbirlarni oʻtkazish;

   - xoʻjalik yurituvchi subyektlarda energiya auditi oʻtkazish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;

   - shahar transportining yoqilgʻi-energetika samaradorligini yaxshilash, shuningdek, energiya xarajatlarini kamaytirish uchun transport oqimlarini axborot va immitatsion modellashtirish loyihalarini amalga oshirish boʻyicha innovatsion tadbirlarni oʻtkazishga yoʻnaltiriladi.

   Energetika vazirligi bir oy muddatda byudjetdan tashqari Tarmoqlararo energiyani tejash jamgʻarmasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi nizom loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

   7. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi Energetika vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

   a) bir oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi yoqilgʻi-energetika resurslari isteʼmolchilarini energetik tekshiruvlardan oʻtkazish qoidalarini qabul qilish toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin:

   - energetika tekshiruvlarini (energiya auditini) oʻtkazishni ragʻbatlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;

   - energiya auditorini tanlashning bozor mexanizmini joriy etish;

   - tariflarni tartibga solish, shu jumladan, energiya auditi yakunlariga koʻra tavsiyalarni bajarmagan korxonalar uchun energiyani meʼyordan ortiqcha isteʼmol qilganlik uchun oshirilgan stavkalarni qoʻllashning samarali mexanizmini yaratish;

   b) ikki oy muddatda 285 ta yirik sanoat korxonasida energiya auditini oʻtkazish uchun yetakchi kompaniyalar (mahalliy va xalqaro) jalb qilinishini taʼminlasin va ushbu korxonalar roʻyxatini kengaytirish masalasini koʻrib chiqsin.

   8. Energiya samaradorligini oshirish boʻyicha ishlarni tashkillashtirishni jadallashtirish, energiya tejaydigan texnologiyalar va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish maqsadida ikki oy muddatda:

   a) Vazirlar Mahkamasi:

   - Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyoti tarmoqlarida yoqilgʻi-energetika resurslarining sarflanishini normalashtirish toʻgʻrisidagi nizomni;

   - Qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasida auksion savdolarini oʻtkazish reglamentini;

   b) Energetika vazirligi:

   - Qayta tiklanuvchi energiya manbalarida ishlab chiqarilgan energiyani va qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini hisobga olish reglamentini;

   - Qayta tiklanuvchi energiya manbalarning kichik obyektlaridan elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisidagi shartnomaning namunaviy shaklini;

   - Qayta tiklanuvchi energiya manbalarida ishlab chiqarilgan energiya va qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini sertifikatlashtirish reglamentini;

   - Sanoat koʻlamidagi fotoelektrik quyosh elektr stansiyalarini joylashtirish reglamentini tasdiqlasin.

   9. Energetika vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Davlat statistika qoʻmitasi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi:

   a) uch oy muddatda Energetika vazirligining quyidagilarni nazarda tutuvchi avtomatlashtirilgan Yagona axborot tizimini (keyingi oʻrinlarda – Yagona axborot tizimi) yaratish boʻyicha texnik topshiriqni ishlab chiqsin:

   - yirik sanoat korxonalari va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida yoqilgʻi-energetika resurslari isteʼmolini tahlil qilish va prognozlashtirish;

   - energiya ishlab chiqaruvchilarning (yirik isteʼmolchilarning) identifikatsiya raqamini onlayn-rejimda berish va ishlab chiqarilgan (isteʼmol qilingan) energiya boʻyicha tegishli hisobotlarni elektron shaklda yuborishning soddalashtirilgan mexanizmi;

   - ishlab chiqarilgan (isteʼmol qilingan) energiyani hisobga olish maʼlumotlarini avtomatik tarzda yigʻish, tizimlashtirish va tahlil qilish, shuningdek, yirik sanoat korxonalarining energiya samaradorligini aniqlash;

   - qayta tiklanuvchi energetika sohasida revers auksion onlayn-savdolarini oʻtkazish uchun himoyalangan savdo maydonchasini yaratish;

   b) 2021-yil yakunigacha ishlab chiqarish hajmi va moliyaviy koʻrsatkichlarni oʻz ichiga olgan zarur axborotlarning tarmoqlararo elektron almashuvini nazarda tutgan holda Yagona axborot tizimining ishga tushirilishi va Elektron hukumat bilan integratsiyalashuvini taʼminlasin;

   v) Yagona axborot tizimidan olingan tahliliy maʼlumotlar asosida yuqori energiya isteʼmoliga ega korxonalarni majburiy energiya auditidan oʻtkazish mexanizmini joriy etsin;

   Yagona axborot tizimini yaratish va ishga tushirish doirasida quyidagilar:

   - Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi buyurtmachi etib;

   - Jamgʻarma mablagʻlari, xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlarning grantlari, shuningdek, qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar moliyalashtirish manbalari etib belgilansin.

   10. Energetika vazirligi Qurilish vazirligi, Moliya vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda:

   - uch oy muddatda namunaviy uylar va ijtimoiy obyektlarda issiqlik va elektr energiyasini ishlab chiqarish boʻyicha quyosh tizimlarini oʻrnatish, shuningdek, jamoat binolarida energiya samaradorligini oshirish boʻyicha maqsadli dasturni ishlab chiqsin;

   - joriy yilning 1-avgustidan koʻp qavatli uylarni qurish va loyihalashtirish doirasida zamonaviy energiya tejaydigan materiallar, energiya samarador texnologiyalarni qoʻllash hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish boʻyicha nazorat qilish tizimini joriy etsin. Shaharlarda koʻp qavatli tijorat uylarini qurishda mazkur talablar majburiy ravishda qoʻllansin.

   11. Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Energetika vazirligi, Qurilish vazirligi mahalliy hokimiyat organlari va Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda ikki oy muddatda quyidagilar boʻyicha maqsadli dasturni tasdiqlashni nazarda tutuvchi qaror loyihasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:

   - 2020-2022 yillarda respublikaning barcha hududlarida binolarning issiqlik himoyasini oshirish, energiya tejaydigan texnologiyalar, shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini joriy etish hisobiga koʻp qavatli turar joylarda isitish va sovutish ehtiyojlari uchun energiya isteʼmolini pasaytirish;

   - tabiiy gaz isteʼmolini pasaytirish maqsadida respublikadagi qozonxonalarda suv isitish uchun energiya samarador quyosh tizimlarini oʻrnatish.

   - Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi maqsadli dasturlarni amalga oshirish uchun zarur mablagʻlarning hisob-kitoblari taqdim etilishiga qarab xalqaro moliya institutlari va chet el hukumat moliya tashkilotlarining imtiyozli kredit resurslari, xorijiy donorlarning texnik koʻmak vositalari (grantlarini) jalb qilinishini belgilangan tartibda taʼminlansin.

   12. Bosh vazir oʻrinbosari – iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri J.A.Qoʻchqorov va Energetika vazirligi (Sultanov):

   a) Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda jahon bozorida narxlarning oʻzgarishini hisobga olgan holda neft-gaz va elektr energetikasi sohasi korxonalari oʻrtasidagi oʻzaro xarid narxlari va daromad taqsimoti sxemasini qayta koʻrib chiqsin;

   b) Qurilish vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi bilan birgalikda xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda, ilgʻor jahon tajribasi asosida energiyani tejash va energiya samaradorlik sohasidagi qonun hujjatlarini xatlovdan oʻtkazsin va 2020-yil 1-noyabrgacha:

   - qayta tiklanuvchi energiya manbalarining energiya samaradorligi sohasini jadal rivojlantirish uchun qoʻshimcha shart-sharoitlarni yaratuvchi mexanizmlar;

   - iqtisodiyot tarmoqlari, bino va inshootlar, shuningdek, ijtimoiy sohada energiya tejamkorligi va energiya samaradorligini taʼminlash normalarini belgilovchi “Energiya tejamkorligi va energiya samaradorligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

   13. Belgilansinki, iqtisodiyot tarmoqlarining energiya samaradorligini oshirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni rivojlantirish, shuningdek, iqlim oʻzgarishining oqibatlariga moslashish va ularni yumshatish, tabiiy resurslardan foydalanish samaradorligini oshirish va tabiiy ekotizimlarni muhofaza qilish boʻyicha barcha normativ-huquqiy hujjatlar, shu jumladan, davlat rivojlantirish dasturlari va investitsiya dasturlari loyihalari Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi bilan majburiy ravishda kelishilishi lozim.

   14. Iqtisodiyot tarmoqlarining yoqilgʻi-energetika mahsulotlariga qaramligini qisqartirish boʻyicha vazifalarni samarali muvofiqlashtirish va bajarish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Sanoat va uning bazaviy tarmoqlarini hamda kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish masalalari departamenti tuzilmasiga energiya samaradorligi va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha bosh mutaxassisning bitta qoʻshimcha shtat birligi kiritilsin.

   15. Energetika vazirligi, Moliya vazirligi, Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

   16. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.A.Gulyamov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A.Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.

 

Oʻzbekiston Respublikasi PrezidentiSh.MIRZIYOYEV

       Toshkent shahri,

       2020-yil 10-iyul

 

Manba: http://uza.uz/uz/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>