Yangiliklar
Energetika vazirligida Xitoyning Sian neft universiteti rahbariyati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
  • 17.05.2024
  • 167

Bugun, 16-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligida Xitoy Xalq Respublikasining “Xi’an Shiyou University” neft universiteti partiya qo‘mitasi kotibi boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Energetika vaziri J.Mirzamahmudov, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Sh.Daliyev, Sian neft universiteti partiya qo‘mitasi kotibi Chang Jiang boshchiligidagi delegatsiya a’zolari hamda vazirlik tizimidagi tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.

Xitoyning Sian shahrida joylashgan Sian neft universiteti 1951-yilda tashkil topgan bo‘lib, 18 ta fakultetda neft va neft-kimyo sanoati uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan.

Universitetda 23 mingdan ortiq talabalar, xususan, 17 mingdan ortiq bakalavr, 5 mingdan ziyod aspirantlar, 1000 dan ortiq xorijiy talabalar tahsil oladi. Ayni paytgacha ushbu universitetni 170 mingdan ortiq talaba tamomlagani qayd etildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston-Xitoy o‘rtasida barcha sohalarda keng ko‘lamli loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani, bu borada, ayniqsa, yoqilg‘i-energetika sohasidagi ishlar ularning asosiy qismini tashkil etayotgani alohida ta’kidlandi.

Misol uchun, bugungi kunda umumiy qiymati qariyb 12 mlrd dollarga yaqin bo‘lgan 45 ta loyiha amalga oshirilmoqda.

Bu boradagi ishlarni neft va neft-kimyo sanoatida ham izchil davom ettirib, yuqori malakali kadrlar tayyorlash sohani rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishi bildirildi.

Shu maqsadda, mamlakatimiz neft-gaz va neft-kimyo sanoatida faoliyat yuritayotgan ishchi-xodimlarni Sian neft universitetiga magistratura bosqichida ta’lim olishga hamda ilmiy ish qilish (PhD) uchun yuborish, ularni Xitoy tiliga o‘qitish hamda Sian universitetining O‘zbekistonda filialini ochish kabi masalalar muhokama qilindi.

Energetika vazirligi Axborot xizmati.

Manba: https://t.me/minenergy_uz/11442

«O‘zbekiston MЭT» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>