Yangiliklar
2025-yil uchun Davlat byudjeti loyihasi va 2026–2027-yillar uchun byudjet mo‘ljallari asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar prognozi asosida ishlab chiqilgan
  • 30.10.2024
  • 137

AOKAda Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda soliq qo‘mitasi rahbariyati ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida 2025-yildagi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar va davlat byudjeti parametrlari haqida maʼlumot berildi:

Joriy yilning 29-oktabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston Respublikasining “2025-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasi va Budjetnomaga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi qo‘mitalariga O‘zbekiston Respublikasining “2024 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasi hamda Byudjetnoma kiritildi.

Qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Budjet kodeksining 29-moddasiga muvofiq ishlab chiqilgan bo‘lib, unda:

2025-yil uchun O‘zbekiston Respublikasi konsolidatsiyalashgan budjetining, shu jumladan, Davlat budjeti, davlat maqsadli jamg‘armalari va budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari hamda O‘zbekiston Respublikasining Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining daromadlari va xarajatlari prognozi hamda 2026 – 2027-yillar uchun mo‘ljallari;

asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning prognozlari;

birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilar uchun O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetidan 2025-yilda ajratilayotgan mablag‘larning cheklangan miqdorlari;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining daromadlari va xarajatlari prognozlari;

O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetidan mahalliy budjetlarga ajratilayotgan tartibga soluvchi transfertlar;

Davlat qarzining va davlat-xususiy sheriklik loyihalarining hamda konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligining cheklangan hajmlari belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasining “2025-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasi 17 ta modda va 10 ta ilovadan iborat.

2025-yil uchun Davlat budjeti loyihasi va 2026–2027-yillar uchun budjet mo‘ljallari asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar prognozi asosida ishlab chiqilgan.

Xususan, 2025-yilda yalpi ichki mahsulotning 6 foiz o‘sishi prognoz qilingan. Yalpi ichki mahsulotning ko‘zlangan o‘sish sur’atlari sanoatda ishlab chiqarishni 6,1 foiz, qishloq xo‘jaligida 4,1 foizga, bozor xizmatlari 14,5 foizga o‘sishi hisobiga ta’minlanishi prognoz qilinmoqda.

Mazkur rivojlanish ko‘rsatkichlariga har bir sohada boshlangan tarkibiy islohotlarni sifatli davom ettirish orqali erishish maqsad qilingan.

Davlat budjetining o‘rta muddatga mo‘ljallangan prognoz parametrlari va 2025-yil uchun budjet loyihasi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan maqsadlarga uyg‘unlikda, ya’ni ularni bajarish vazifasidan kelib chiqib ishlab chiqilgan.

O‘rta muddatda soliq-budjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari:

konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligini 2025–2027-yillarda yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foizdan oshirmaslik;

o‘rta muddatda asosiy soliq stavkalarini o‘zgartirmasdan saqlab qolish;

budjet daromadlari bazasini kengaytirish, berilgan soliq, bojxona imtiyozlarini samarasi va bergan natijasiga qarab qayta ko‘rib chiqish va bosqichma-bosqich bekor qilish;

soliq va budjet siyosatini bosqichma-bosqich Jahon savdo tashkilotining talablariga uyg‘unlashtirish;

davlat qarzining yalpi ichki mahsulotga nisbatan 60 foizlik makroiqtisodiy xavfsiz darajadan oshib ketmasligi uchun barcha choralarni ko‘rish, bunda o‘rta muddatda YAIMga nisbatan 50 foizdan oshirmaslik;

yillik budjetni shakllantirishda “Natijaga yo‘naltirilgan budjet” tizimini bosqichma-bosqich to‘laqonli joriy etish;

ish haqi va pensiya miqdorlarini inflyatsiyadan kam bo‘lmagan miqdorda oshirib borish;

budjet ochiqligini ta’minlash hamda budjetni shakllantirishda fuqarolar ishtirokini yanada oshirish;

Davlat sektorida ichki nazorat va ichki auditni takomillashtirish va kuchaytirish;

Davlat budjeti loyihasini tayyorlash hamda ko‘rib chiqishda Milliy barqaror rivojlanish maqsadlarini aks ettirish;

“Yashil budjetlashtirish” tamoyillarini bosqichma-bosqich joriy etish;

atrof-muhit va tabiat muhofazasi, iqlim o‘zgarishiga moslashish tadbirlarining, suv sarfini kamaytirish va iqtisod qilib ishlatilishini rag‘batlantiruvchi tadbirlar ustuvorligini ta’minlash;

xalqaro ekspertlar bilan birgalikda budjet xarajatlari tuzilmasini to‘liq qayta ko‘rib chiqish.

Ushbu maqsad va yo‘nalishlardan kelib chiqib, 2025-yil uchun Davlat budjeti daromadlari 308,5 trln so‘m, xarajatlari esa 344,6 trln so‘m miqdorida (Qonun loyihasining 1-ilovasi) belgilanmoqda.

Davlat maqsadli jamg‘armalari daromadlari (budjetlararo transfertlarni inobatga olmagan holda) 66,5 trln so‘m miqdorida, xarajatlari esa 117,2 trln so‘m miqdorida rejalashtirilmoqda. Bunda, Davlat maqsadli jamg‘armalariga O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetidan 54,4 trln so‘m transfertlar ajratish belgilangan (Qonun loyihasining 3-ilovasi).

Xususan, budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi daromadlari 58,9 trln so‘m, xarajatlari 74,9 trln so‘mni tashkil etgan holda Davlat budjetidan 18,5 trln so‘m miqdorida transfert ajratilishi rejalashtirilmoqda (Qonun loyihasining 3-ilovasi 3-pozitsiyasi).

Davlat moliyasini boshqarishning halqaro standartlariga muvofiq budjet qamrovini oshirish hamda to‘liqligini ta’minlash maqsadida, 2021-yildan boshlab tashqi qarz hisobidan davlat dasturlariga rejalashtirilayotgan xarajatlar konsolidatsiyalashgan budjet tarkibiga kiritildi. 2025-yilda ushbu xarajatlar 18,8 trln so‘m miqdorida bo‘lishi prognoz qilinmoqda (Qonun loyihasining 1-ilovasi).

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, 2025-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan budjeti taqchilligining (Davlat budjeti, Davlat maqsadli jamg‘armalari, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi, tashqi qarz hisobidan davlat dasturlarini amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar bilan birga) yuqori chegarasi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foiz yoki 49,3 trln so‘m miqdorida belgilanmoqda.

Bunda, Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlari 32,4 trln so‘m yoki prognoz qilinayotgan yalpi ichki mahsulotga nisbatan 2 foiz miqdorida taqchillik bilan rejalashtirilgan (Qonun loyihasining 1-ilovasi).

Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalarining taqchilligi Davlat ichki va tashqi qarzlarini jalb qilish, davlat aktivlarini xususiylashtirish hisobidan tushadigan mablag‘lar va boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.

O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetining xarajatlari Qonun loyihasining 5-ilovasida 60 ta birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilari (vazirlik va idoralar) kesimida tasdiqlanmoqda.

Bunda, Davlat dasturlarining rejalashtirilgan davlat xarajatlari bilan uyg‘unligini ta’minlash, ularni ijrosi bo‘yicha jamoatchilik va Parlament nazoratini kuchaytirish maqsadida, Qonun loyihasida birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilari budjetida Davlat dasturlari uchun ajratilayotgan mablag‘lar alohida ko‘rsatilgan.

Misol uchun, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi joriy xarajatlari qatorida 11 ta, Sog‘liqni saqlash vazirligida 23 ta, Qishloq xo‘jaligi vazirligida 17 ta, Suv xo‘jaligi vazirligida 10 ta davlat dasturlari va tadbirlar uchun ajratilgan mablag‘lar alohida satrlarda ko‘rsatilgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining daromad va xarajatlari Qonun loyihasining 6-ilovasiga muvofiq ma’lumot uchun qabul qilinmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Budjet kodeksining 27-moddasiga muvofiq, mahalliy budjetlarning xarajatlari xududiy budjet mablag‘larini taqsimlovchilari kesimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan mustaqil ravishda shakllantiriladi hamda tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan tasdiqlanadi.

Qonun loyihasining 7-ilovasiga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlariga respublika budjetidan 18,4 trln so‘mlik tartibga soluvchi budjetlararo transfertlar o‘tkaziblishi begilanmoqda.

2025-yilda konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligining yuqori chegarasi 3 foiz etib belgilanishi sababli tashqi qarzni jalb qilish bo‘yicha yillik imzolanadigan yangi bitimlarning cheklangan hajmi 5,5 mlrd AQSH dollari, shundan Davlat budjetini qo‘llab-quvvatlash uchun – 3 mlrd. AQSH dollari, investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun – 2,5 mlrd. AQSH dollari miqdorida belgilanmoqda.

Shuningdek, davlat qarzi portfelini diversifikatsiya qilish hamda valyuta xatarlarini kamaytirish maqsadida 2025-yil uchun O‘zbekiston Respublikasi nomidan chiqariladigan davlat qimmatli qog‘ozlarining cheklangan sof hajmini 30 trln so‘m miqdorida belgilash rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, Davlat budjeti oldidagi xatarlarni kamaytirish maqsadida davlat tomonidan qabul qilinadigan majburiyatlar (sotib olish yoki to‘lab berish) va tasdiq xatlari berilishi talab qilinadigan barcha davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosidagi imzolanadigan yangi loyihalar qiymatining yuqori chegarasi 6,5 mlrd AQSH dollari miqdorida belgilanmoqda.

Qonunning 12-moddasida, o‘tgan yillardagi kabi, mahalliy budjetlarning daromad manbalari belgilab berilmoqda. Jumladan:

jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk va yer solig‘i, mol-mulkni ijaraga berishdan olinadigan yillik daromad to‘g‘risidagi deklaratsiyaga asosan jismoniy shaxslar tomonidan to‘lanadigan, shuningdek yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan to‘lanadigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, noruda qurilish materiallari bo‘yicha yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq, aylanmadan olinadigan soliq, yirik soliq to‘lovchilardan tashqari yuridik shaxslarning mol-mulk va yer solig‘i hamda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i tushumlarining kamida 50 foizi, shuningdek davlat aktivlarini ijaraga berishdan tushumlar tumanlar va shaharlar budjetlariga;

yirik soliq to‘lovchi yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk va yer soliqlari, benzinni, dizel yoqilg‘isini va gazni yakuniy iste’molchilarga realizatsiya qilishdagi aksiz solig‘i hamda shu kabi boshqa turdagi soliqlar Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika budjetiga, viloyatlarning viloyat budjetlariga va Toshkent shahrining shahar budjetiga to‘liq hajmda o‘tkazilmoqda.

Bunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar Kengashlari tomonidan tegishli darajadagi mahalliy budjetlarga ajratiladigan soliqlarni va boshqa turdagi daromadlarni hamda budjetlararo transfertlarni taqsimlash huquqi saqlanib qolinmoqda.

Respublika budjeti daromadlari 4-ilova bilan tasdiqlanmoqda. Jumladan, qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha daromad 71,8 trln so‘mni tashkil etishi (2024 yilda kutilayotgan ijro – 60,7 trln so‘m) prognoz qilinmoqda.

Qonun loyihasining 13-moddasiga ko‘ra 2025-yilda O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti xarajatlarini amalga oshirishning o‘ziga xos xususiyatlari belgilanmoqda. Jumladan:

kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqalari va moddiy yordamlar to‘lash, Ijtimoiy himoya milliy agentligining tizim tashkilotlarini (bolalar va mehribonlik uylari, voyaga yetmaganlar bilan ishlash sektorlari hamda oilaviy bolalar uylari), suv xo‘jaligi tashkilotlarini saqlash xarajatlari respublika budjetidan moliyalashtish tartibini o‘zgarishsiz qoldirilmoqda.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining maktabgacha ta’lim va umumta’lim tashkilotlari hamda ixtisoslashtirilgan maktablarini qurilish-ta’mirlash va jihozlashga doir xarajatlari O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetidan moliyalashtirilishi belgilanmoqda.

2025-yil uchun Davlat byudjeti qonuni va Byudjetnomaning to‘liq matni bilan Iqtisodiyot va moliya vazirligining rasmiy veb-sahifalarida tanishishingiz mumkin.

Manba: https://t.me/Rasmiy_xabarlar_Official/47544

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>