Yangiliklar
“SIRDARYO MAGISTRAL ELEKTR TARMOQLARI” FILIALI: SPORT MUSOBAQASI G‘OLIBLARI TAQDIRLANDI
  • 10.12.2020
  • 740

   Jamiyatimizda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, aholining, ayniqsa yosh avlodning jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun zamon talablariga mos shart-sharoitlar yaratish, sport musobaqalari orqali yoshlarda o‘z irodasi, kuchi va imkoniyatlariga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash, mardlik va vatanparvarlik, ona Vatanga sadoqat tuyg‘ularini kamol toptirish, shuningdek, yoshlar orasidan iqtidorli sportchilarni saralab olish ishlarini tizimli tashkillashtirish hamda jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirishga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

   Yurtimiz vakillarining Olimpiya o‘yinlari, jahon chempionatlari, Osiyo o‘yinlari va chempionatlari hamda xalqaro musobaqalarda yuksak natijalarga erishayotgani, dunyoda O‘zbekistonning obro‘-e'tibori va sport salohiyati yanada oshayotgani, respublikamiz hududlarida jahon andozalariga mos muhtasham sport inshootlari barpo etilayotgani, o‘quvchi va talaba yoshlar o‘rtasida sport o‘yinlari ommalashib borayotgani ayniqsa e'tiborlidir.

 

   Shu bilan birga, mamlakatimizning barcha hududlarida ommaviy sportning inson va oila hayotidagi muhim ahamiyati, uning jismoniy va ma'naviy sog‘lomlikning asosi ekanini targ‘ib-tashviq qilish, hayotga katta umid bilan kirib kelayotgan yoshlarni zararli odatlardan asrash, ularga o‘z qobiliyat va iste'dodlarini ro‘yobga chiqarishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ular orasidan iqtidorli sportchilarni saralab olish hamda maqsadli tayyorlash tizimini takomillashtirish borasida muhim va dolzarb vazifalar turibdi.

 
Bir so‘z bilan aytganda, yuqoridagi fikrlar — mamlakatimizda jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish, aholining barcha qatlamlari, ayniqsa yoshlarni jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishga jalb etish, yurtimizda bu borada yaratilgan sharoitlardan samarali foydalanish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 3-iyundagi “Jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3031-son qarorida belgilab berilgan.

   Bu, o‘z navbatida, mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish ijtimoiy siyosatning muhim yo‘nalishlaridan biri etib belgilanganidan darak.

   Chunki sport aholi salomatligini mustahkamlash, yosh avlodni sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash orqali jamiyatda sog‘lom turmush tarzini qaror toptiradi. Turli kasalliklar, yoshlar o‘rtasida zararli odatlarning oldini oladi. Sport yuksak madaniyat, vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirishda ham muhim o‘rin tutadi. Bu sohada erishilgan yutuqlar mamlakatni dunyoga tanitadi, barcha yurtdoshlarga g‘urur-iftixor bag‘ishlaydi.

 

   O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-oktabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6099-son Farmoni ijrosini tashkil etish maqsadida “Sirdaryo magistral elektr tarmoqlari” filiali Kasaba uyushmasi va Jamiyat Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti hamkorligida filialning ma'muriy binosida shaxmat, shashka va stol tennisi bo‘yicha musobaqalar tashkil etildi.

 

   Ushbu sport tadbirini “Sirdaryo magistral elektr tarmoqlari” filiali direktori Ilhom A'zamqulovich Xudaynazarov ochib berib, bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tomonlaridan pandemiya davrida ommaviy sport turlariga bo‘layotgan katta e'tibor, tashkilotlarda “Shaxsiy namuna” tamoyili asosida o‘zlarining antropometrik ko‘rsatkichlarini (semizlik darajasini, vazn indeksini kamaytirish, salomatlikni mustahkamlash) yaxshilash orqali xodimlarning antropometrik ko‘rsatkichlari yaxshilanish, xodimlar va ularning oila a'zolari ayniqsa, yoshlar o‘rtasida yugurish, stritbol, futbol, badminton, voleybol, basketbol, stol tennisi, suzish va boshqa sport turlari bo‘yicha ommaviy sport musobaqalari tashkil etish fikri ilgari surilayotganligi va bir qancha farmoyish, qaror va boshqa turdagi hujjatlar ishlab chiqilayotganligi bejiz emasligi va biz ayniqsa yoshlar ushbu hujjatlarda belgilangan vazifalarni bajarishi kerakligi ta'kidlab, tadbirni ochiq deb e'lon qildi. Filial rahbari barcha musobaqa ishtirokchilariga omad tiladi.

   Ishtirokchilar bilan birgalikda tadbir boshlanishi oldidan gimnastika mashqlarini bajarilib, so‘ng tadbirga start berildi.

 
 

   Tadbir yakunida barcha g‘olib ishtirokchilar esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi. Sport o‘yinlari 8-dekabr — O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan sana bayrami arafasida o‘tkazilgani ishtirokchilarga bayramona kayfiyat tuhfa etdi.

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

Kanalga a'zo bo‘lish uchun t.me/uzmetaxborotxizmati

>