Yoshlar siyosati
2021-yil mamlakatimizda "Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili" deb e'lon qilindi
  • 29.12.2020
  • 875

  Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga va O'zbekiston xalqiga murojaatnomasi davom etmoqda:


  Qadrli xalq noiblari!

  Aziz yurtdoshlar!

  Barchangizga ma'lumki, kirib kelayotgan 2021-yilda O'zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligiga 30 yil to'ladi. Albatta, bu tarixiy sanani siz azizlar va butun xalqimiz bilan birgalikda, "Yangi O'zbekistonda erkin va farovon yashaylik!"degan ezgu g'oya asosida keng bayram qilamiz.

  Bugun kelgusi yil uchun reja va dasturlarimizni aniq belgilab olar ekanmiz, mustaqillik yillarida erishgan yutuqlarimizni yanada mustahkamlab, eng muhim va ustuvor sohalarni rivojlantirishga alohida e'tibor qaratamiz, albatta.

  Ta'kidlash kerakki, pandemiya barchamizga tibbiyotning birlamchi bo'g'ini, tez yordam xizmati, sanitariya-epidemiologiya tizimini tubdan isloh qilish muhim hayotiy zarurat ekanini yana bir bor ko'rsatdi.

  Hozirgi vaqtda dunyoning boshqa mintaqalarida kuzatilayotgan "pandemiyaning navbatdagi to'lqini" va u bilan bog'liq xavf-xatarlar hammamizni yanada hushyor va ogoh bo'lishga undamoqda.

  Buyuk ajdodimiz Imom Moturidiy hazratlarining "Tiriklik hikmatini sog'liqda, deb bilgin", degan chuqur ma'noli so'zlari naqadar to'g'ri ekanini hayotning o'zi bugun qayta-qayta isbotlamoqda.

  Shu bois, mavjud imkoniyat va salohiyatimiz, pandemiya davrida orttirgan tajribamiz hamda xorijdagi ilg'or yutuqlardan foydalanib, aholi salomatligini asrash va mustahkamlash borasidagi tub islohotlarimizni yangi bosqichga ko'tarishimiz zarur.

  Bunda aholi, ayniqsa, yoshlarimiz o'rtasida sog'lom turmush tarzini keng targ'ib etish – eng ustuvor yo'nalishlardan biri bo'lishi lozim.

  Umuman, har qanday jamiyat taraqqiyotida uning kelajagini ta'minlaydigan yosh avlodning sog'lom va barkamol bo'lib voyaga etishi hal qiluvchi o'rin tutadi.

  Shu sababli biz islohotlarimiz ko'lami va samarasini yanada oshirishda har tomonlama yetuk, zamonaviy bilim va hunarlarni puxta egallagan, azmu shijoatli, tashabbuskor yoshlarimizga tayanamiz.

  Biz o'z oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulug' maqsadni qo'ygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Mirzo Ulug'beklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak.

  Bunda, avvalo, ta'lim va tarbiyani rivojlantirish, sog'lom turmush tarzini qaror toptirish, ilm-fan va innovasiyalarni taraqqiy ettirish milliy g'oyamizning asosiy ustunlari bo'lib, xizmat qilishi lozim.

  Ushbu maqsad yo'lida yoshlarimiz o'z oldiga katta marralarni qo'yib, ularga erishishlari uchun keng imkoniyatlar yaratish va har tomonlama ko'mak berish – barchamiz uchun eng ustuvor vazifa bo'lishi zarur. Shundagina farzandlarimiz xalqimizning asriy orzu-umidlarini ro'yobga chiqaradigan buyuk va qudratli kuchga aylanadi.

  Shu maqsadda, "Yangi O'zbekiston – maktab ostonasidan, ta'lim-tarbiya tizimidan boshlanadi", degan g'oya asosida keng ko'lamli islohotlarni amalga oshiramiz.

  Birinchidan, yosh avlodga bog'cha, maktab va oliygohda sifatli ta'lim-tarbiya berishni yo'lga qo'yamiz, ular jismoniy va ma'naviy sog'lom, vatanparvar insonlar bo'lib ulg'ayishi uchun barcha kuch va imkoniyatlarni safarbar etamiz.

  Ikkinchidan, yoshlarni zamonaviy bilim va tajribalar, milliy va umumbashariy qadriyatlar asosida mustaqil va mantiqiy fikrlaydigan, ezgu fazilatlar egasi bo'lgan insonlar etib voyaga yetkazamiz.

  Uchinchidan, o'g'il-qizlarimizni mehnat bozorida talab yuqori bo'lgan zamonaviy kasb-hunarlarga o'rgatish, ularda tadbirkorlik ko'nikmalari va mehnatsevarlik fazilatlarini shakllantirish hamda tashabbuslarini ro'yobga chiqarish, ish va uy-joy bilan ta'minlashga ustuvor ahamiyat qaratamiz.

  Bir so'z bilan aytganda, bola tug'ilganidan boshlab, 30 yoshgacha bo'lgan davrda uni har tomonlama qo'llab-quvvatlaydigan, hayotda munosib o'rin topishi uchun ko'mak beradigan yaxlit va uzluksiz tizim yaratiladi.

  Dunyo tajribasi shuni ko'rsatadiki, yosh avlodni har tomonlama barkamol etib voyaga yetkazish uchun sarflangan sarmoya jamiyatga o'n, yuz barobar ko'p foyda keltiradi.

  Buyuk bobokalonimiz Abu Ali ibn Sino bundan ming yil oldin, "Dovyurak va Botir insonlar kelajakda sodir bo'ladigan qiyinchiliklardan qo'rqmaydi", deb bejiz aytmagan.

  Yaqinda Qashqadaryo, Xorazm viloyatlarida va Chilonzor tumanida bo'lib o'tgan uchrashuvlarda yoshlarimiz tomonidan bildirilgan dadil fikr va tashabbuslar meni juda quvontirdi. Ayniqsa, kuni kecha yoshlar forumida o'g'il-qizlarimizning yonib turgan ko'zlarida ulkan azmu shijoatni, bilimga tashnalik va yangilikka intilishni ko'rib, yanada ruhlandim va ulardan kuch oldim.

  Ibn Sino bobomiz aytgan dovyurak va Botir yoshlar aynan shu farzandlarim ekaniga yana bir bor amin bo'ldim.

  Agar katta avlodning bilimi va tajribasini, uzoqni ko'ra olish fazilatlarini yoshlarimizdagi g'ayrat-shijoat, mardlik va fidoyilik bilan birlashtira olsak, ko'zlagan marralarga albatta etamiz. Yangi O'zbekistonni ana shunday bilimli va Bunyodkor yoshlarimiz bilan birgalikda barpo etamiz.

  Ana shu muhim yo'nalishlarda boshlagan ishlarimizni davom ettirish va yangi, yuksak bosqichga ko'tarish maqsadida, kirib kelayotgan 2021-yilga mamlakatimizda "Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili", deb nom berishni taklif etaman.

 

Prezident: Jamiyatda o'qituvchi kasbi eng nufuzli va obro'li kasb bo'lishi lozim

   Prezidentimiz taklifi bilan 2021-yilga deb nom berildi. Ushbu taklif jamoatchilik tomonidan qo'llab-quvvatlandi.

  – 2021-yil nomida belgilangan sohalarni tubdan isloh qilish va yanada rivojlantirish bo'yicha quyidagi keng ko'lamli ishlarni amalga oshirishimiz lozim, – dedi Shavkat Mirziyoev.

  Birinchidan, bola dunyoga kelganidan boshlab, unda aynan maktabgacha bo'lgan yoshda aqliy faollik oshadi, axloqiy-estetik va jismoniy xislatlar shakllanadi.

  Shu bois ham, kelgusi yillarda maktabgacha ta'lim sohasini rivojlantirish borasidagi strategik maqsadimiz – ijtimoiy ahvolidan qat'iy nazar, bog'cha yoshidagi har bir bolani ushbu ta'lim yo'nalishi bilan to'liq qamrab olish uchun zarur sharoitlarni yaratishdan iborat.

  Kelgusi yil yakuni bilan maktabgacha ta'lim qamrovini 65 foizga, 2023 yil oxirida esa 75 foizga yetkazishimiz kerak. Bu ishlarga byudjetdan 600 milliard so'm subsidiya berish hisobidan qo'shimcha 2 mingta nodavlat bog'cha tashkil etilib, xususiy sektor ulushi 25 foizga yetkaziladi.

  Shuningdek, 2021-yilda maktabga tayyorlashning bepul tizimi bilan 560 ming nafar 6 yoshli bolalar yoki ularning 82 foizi qamrab olinadi.

  Uzoq qishloqlarda maktabgacha ta'limning muqobil shakllari yanada kengaytiriladi. Bunda YUNISEF hamda Jahon banki bilan hamkorlikda imkoniyati cheklangan bolalar uchun maktabgacha ta'limni uyda berish modeli ham yo'lga qo'yiladi.

  Ikkinchidan, maktab ta'limini tubdan yaxshilash va uning sifatini oshirish, muallimlarga munosib sharoit yaratish borasidagi islohotlar jadal davom ettiriladi.

  Kelgusi yili 30 ta yangi maktab qurish, 320 ta maktabni ta'mirlash va moddiy-texnik bazasini yaxshilash maqsadida byudjetdan 2 trillion so'm ajratiladi.

  Sohada yagona "Elektron ta'lim" tizimini joriy etishga kelgusi 2 yilda 250 milliard so'm yo'naltiriladi.

  Ta'lim sifatini tubdan yaxshilash maqsadida, avvalo, o'quv dasturlari, o'qituvchi va domlalar uchun metodik qo'llanmalarni ilg'or xalqaro dasturlarga moslashtirish lozim.

  Bolalarning tahliliy va kreativ fikrlash qobiliyatini rivojlantirish uchun ularga sermazmun va tushunarli darsliklar yaratish zarur.

  Bu borada kelgusi o'quv yilida boshlang'ich sinflarda davlat ta'lim standarti o'rniga, ilg'or xorijiy tajriba asosida, bolaga ortiqcha yuklama bermaydigan "Milliy o'quv dasturi" joriy etiladi.

  Umumta'lim maktablaridagi ta'lim sifati poytaxtda ham, olis qishloqlarda ham yuqori bo'lishi shart. Buning uchun chekka hududlarda maktablarni malakali kadrlar bilan ta'minlash, ta'lim sifatini yaxshilash bo'yicha alohida dastur amalga oshiriladi.

  Jumladan, boshqa tumandagi olis maktabga borib, dars beradigan o'qituvchilar oyligiga 50 foiz, boshqa viloyatga borib ishlasa – 100 foiz ustama haq to'lanadi.

  Shuningdek, hududlarda xususiy maktablar faoliyatini rag'batlantirish uchun byudjetdan subsidiyalar ajratiladi.

  Yoshlarning iqtidori va salohiyatini to'g'ri yo'naltirishga qaratilgan uzluksiz tizim yaratiladi.

  Kelgusi yilda yurtimizda 10 ta Prezident maktabi, kimyo-biologiya, matematika, axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan 197 ta maktab o'z faoliyatini boshlaydi.

  Iqtidorli o'g'il-qizlarimizning yuqori texnologiyalar va zamonaviy bilimlarni chuqur o'zlashtirishiga keng sharoit yaratish hamda raqobatbardosh milliy kadrlarning yangi avlodini tayyorlash maqsadida Toshkent shahrida alohida universitet tashkil etamiz. Ushbu oliygohda chet eldagi yetakchi olimlar va professor-o'qituvchilar jalb qilinib, yoshlarga eng zamonaviy dasturlar asosida ta'lim-tarbiya beriladi.

  Bolalarimizning mehnat ko'nikmalarini maktab davridan boshlab shakllantirib borish maqsadida "Kasbga o'rgatish tizimi" joriy etiladi.

  Yana bir masala – pedagoglar malakasini oshirish, ularning mashaqqatli mehnatini rag'batlantirishga alohida e'tibor qaratiladi.

  Ma'lumki, muallimlar hozirgi vaqtda eskicha usulda har 5 yilda malaka oshiradi. Bundan buyon ularning, "Hayot davomida o'qish" tamoyili asosida, o'z malakasini uzluksiz oshirib borishi yo'lga qo'yiladi.

  Shuningdek, o'qituvchilarning o'z fanini bilishi, pedagogik mahorati va psixologik tayyorgarligidan kelib chiqib, toifa berish mezonlari ham qayta ko'rib chiqiladi.

  Yana bir bor takrorlayman, jamiyatda o'qituvchi kasbi eng nufuzli va obro'li kasb bo'lishi lozim. Muallimlarimiz bolalarga sifatli ta'lim berish va o'z ustida ishlashdan boshqa narsa haqida o'ylamasligi uchun davlat barcha sharoitlarni yaratib berishi zarur.

  Shu bois, o'qituvchi, murabbiy va metodistlar mehnatiga munosib haq to'lash bo'yicha boshlagan ishlarimiz kelgusi yilda ham davom ettiriladi. Buning uchun xalq ta'limi xodimlarini rag'batlantirish hududiy jamg'armalariga 330 milliard so'm yo'naltiriladi.

  Shu bilan birga, 240 mingdan ziyod maktab o'qituvchilariga sinf rahbarligi uchun ustama to'lovlar 1,5 barobarga oshirilib, byudjetdan 400 milliard so'm qo'shimcha mablag' ajratiladi.

  Uchinchidan, oliy ta'limning qamrovi va sifatini oshirishga alohida e'tibor qaratiladi. Keyingi yildan boshlab, oliy ta'limga ajratiladigan davlat grantlari soni kamida 25 foizga oshiriladi.

  Oliy o'quv yurtlariga qabul qilishda ehtiyojmand oilalar qizlari uchun grantlar sonini 2 barobarga ko'paytirib, 2 mingtaga yetkazamiz.

  A'lo baholarga o'qiyotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar uchun maxsus stipendiyalar joriy etiladi.

  Shu o'rinda bir fikrni aytmoqchiman. Hozirgi vaqtda yoshlar eng nufuzli oliygohlarga kirish uchun intiladi, lekin oliy o'quv yurtlari o'rtasida bilimli va iqtidorli yoshlarni jalb qilish bo'yicha raqobat yo'q. Shu sababli, xususiy oliygohlarga ham kerakli mutaxassislarni tayyorlash bo'yicha davlat buyurtmasi berish tizimi yo'lga qo'yiladi.

  Oliygohlar va ta'lim tizimining quyi bo'g'inlari o'rtasidagi uzviylikni kuchaytirish maqsadida 65 ta akademik litsey oliy o'quv yurtlari tasarrufiga o'tkaziladi.

  Shuningdek, 187 ta texnikum ham o'z yo'nalishi bo'yicha turdosh oliygoh va tarmoq korxonalariga biriktiriladi.

  Nufuzli xorijiy universitetlar, ilmiy va innovasion markazlar bilan aloqalarni kuchaytirish, ular bilan kadrlar tayyorlash bo'yicha hamkorlikni yanada kengaytirishimiz zarur.

  Shu munosabat bilan, kelgusi yilda "El-yurt umidi" jamg'armasi orqali yetakchi xorijiy oliy o'quv yurtlarining magistratura va doktoranturasida o'qishga yuboriladigan yoshlar soni 5 barobarga oshiriladi.

  Bu dastur orqali ilk bor bakalavr yo'nalishida chet ellarga 100 nafar o'g'il-qizlarimizni yuboramiz. Keyingi yillardan ularning soni 2-3 barobarga ko'paytiriladi.

  Yangi yilda yurtimizdagi 30 ta etakchi oliygohga o'quv dasturlarini ishlab chiqish, qabul kvotasi va moliyaviy masalalarni mustaqil hal qilish huquqi beriladi.

  To'rtinchidan, mamlakat taraqqiyotining zamini, hech shubhasiz, ilm-fan va innovatsiyalardir.

  Kelgusi yilda ilm-fan sohasida oliygohlar va ilmiy tashkilotlardagi doktorantlar soni 4,5 mingtaga yetkaziladi yoki 2017 yilga nisbatan 3 barobarga oshiriladi. Ushbu maqsadlar uchun byudjetdan qo'shimcha 240 milliard so'm ajratiladi.

  Ilg'or xalqaro amaliyot asosida, dosent va professor ilmiy unvonlari, falsafa va fan doktori ilmiy darajalarini berish vakolati o'z yo'nalishi bo'yicha nufuzli bo'lgan oliygohlarning ilmiy Kengashlariga o'tkaziladi.

  Joriy yilda ilk bor matematika, kimyo-biologiya va geologiya fanlarini ta'lim va ilmning ustuvor yo'nalishi sifatida belgilab, ularni kompleks rivojlantirish choralari Ko'rildi.

  Jumladan, 98 ta ixtisoslashgan maktab hamda Geologiya fanlari universiteti tashkil etildi. O'quv dasturlari tubdan qayta ko'rib chiqildi, o'qituvchilarning ish haqi oshirildi.

  Endi keyingi yil uchun ustuvor ilm-fan yo'nalishlarini belgilab olishimiz kerak.

  Agar tarixga nazar tashlaydigan bo'lsak, dunyodagi deyarli barcha kashfiyot va texnologiyalarni yaratishda fizika fani fundamental asos bo'lganini ko'ramiz.

  Haqiqatan ham, fizika qonuniyatlarini chuqur egallamasdan turib, mashinasozlik, elektrotexnika, Ay-Ti, suv va energiyani tejaydigan texnologiyalar kabi bugun zamon talab qilayotgan sohalarda natijaga erishib bo'lmaydi.

  Buyuk mutafakkir shoirimiz Mir Alisher Navoiy o'z davrida yoshlarga murojaat qilib, "Quyoshliq istasang, kasbi kamol et", deb yozganlar.

  Chindan ham, odamlarga quyoshdek beminnat nur tarqatishni, yaxshilik qilishni istaydigan inson kamolotga intilib, turli ilm va kasb-hunarlarni o'zlashtirishi lozim.

  Hozirgi davrda xorijiy tillarni mukammal o'rganmasdan turib, buyuk bobomiz aytgan ana shunday marralarga erishib bo'lmaydi, desak, adashmagan bo'lamiz.

  Bunday o'tkir talabga amal qilib, kelgusi yilda fizika va chet tillarini o'rganishni ustuvor yo'nalish etib belgilashni taklif etaman.

  Shu maqsadda, kelgusi yilda ta'limning barcha bo'g'inlarida ushbu fanlarni o'qitish sifatini tubdan oshirish, ixtisoslashgan maktablar ochish, malakali pedagoglarni jalb etish kabi tizimli ishlar amalga oshiriladi.

  Fizika bo'yicha Ahmad Farg'oniy nomidagi xalqaro fan olimpiadasi tashkil etiladi.

  Shuningdek, fizika yo'nalishida ilmiy izlanishlar ko'lami va sifatini oshirish, yosh olimlarga zarur shart-sharoitlarni yaratish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

  Beshinchidan, yoshlar o'rtasida bandlikni ta'minlash va tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash masalasi e'tiborimiz markazida bo'ladi.

  Buning uchun kelgusi yilda professional ta'lim tizimi mehnat bozoridagi talab va xalqaro andozalarga mos yangicha yondashuvlar asosida isloh qilinadi. Bundan buyon ishchi kasblar bo'yicha talab qo'yishda malaka asosiy o'ringa chiqadi.

  Shuning uchun, hukumat kelgusi yil 1-yanvardan talab yuqori bo'lgan ishchi kasblar bo'yicha fuqarolarning malaka darajasini tasdiqlash tizimini joriy etsin.

  Xabaringiz bor, kuni kecha yoshlar forumidagi uchrashuvimizda yoshlar tadbirkorligi va bandligini ta'minlash uchun 100 million dollar ajratish to'g'risida qaror qabul qildik.

  Bundan tashqari, yoshlarning biznes loyihalarini kreditlash hamda ularni kasb-hunarga o'qitish uchun 1 trillion so'm va 50 million dollar ajratiladi.

  Oltinchidan, ehtiyojmand oilalarning farzandlari, chin etim, nogironligi bo'lgan va davolanishga muhtoj bolalarga alohida mehr-muruvvat ko'rsatish bo'yicha yangi tizim joriy etiladi.

  Hozirgi kunda respublikamizda alohida e'tiborga muhtoj 18 yoshgacha bo'lgan 150 ming nafar farzandlarimiz bor. Ularning ta'lim olishi, aniq bir kasbni egallashi uchun ko'maklashish, og'ir kasallikka chalinganlarni davolash, chin yetimlarga hayotda o'z o'rnini topishga yordam berish, uy-joy bilan ta'minlash – nafaqat vazifamiz, avvalo, insoniy burchimizdir.

  2021-yilda birinchi marta byudjetdan 900 nafar chin etim yoshlarni uy-joy bilan ta'minlashga 50 milliard so'm ajratiladi.

  Umuman, bunday ezgu ishlarni tizimli yo'lga qo'yish uchun bolalarni qo'llab-quvvatlash jamoat fondini tashkil etib, unga byudjetdan 100 milliard so'm yo'naltirsak, o'ylaymanki, sizlar ham bu tashabbusni qo'llab-quvvatlaysiz. Bu mablag'lar yil davomida ko'paytirib boriladi.

  Bu tashabbus umumxalq harakatiga aylanishi, saxovatpesha hamyurtlarimiz ushbu xayrli ishga munosib hissa qo'shishiga ishonchim komil.

  Oliy Majlis palatalari bolalarni qo'llab-quvvatlash jamoat fondi faoliyatini qonun darajasida mustahkamlab, bu borada faollik ko'rsatgan yurtdoshlarimizni rag'batlantirishni ham nazarda tutishi maqsadga muvofiq.

  Shuningdek, bolalar Ombudsmani to'g'risidagi qonunni qabul qilishning ham vaqti-soati keldi.

  Umuman yoshlarimizni har tomonlama qo'llab-quvvatlash bo'yicha kuni kecha bo'lib o'tgan forumda juda ko'plab masalalar yechimini kelishib oldik. Shuning uchun, bugun ular to'g'risida batafsil to'xtalmadim.

  Barchamiz uchun endigi vazifa – ushbu tashabbus va takliflarni to'liq amalga oshirishdan iborat.

 

Shavkat Mirziyoyev: Ona va bola sog'lig'iga e'tibor – jamiyatga, kelajakka e'tibor

 

  Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va xalqimizga murojaatnomasi davom etmoqda:

 

  Hurmatli yig'ilish ishtirokchilari!

  2021-yil uchun yana bir muhim yo'nalish sifatida belgilangan tibbiyot sohasida quyidagi ustuvor vazifalarga alohida e'tibor qaratiladi.

  Birinchidan, kelgusi yilda ham koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashni tizimli ravishda davom ettirish eng muhim vazifalarimizdan biri bo'ladi. Bu ishlar uchun 2021-yil davlat byudjetida 3 trillion so'm zaxira shakllantirildi. Ushbu mablag'lar hisobidan, albatta, aholini koronavirusga qarshi emlash tadbirlari ham amalga oshiriladi.

  Sanitariya-epidemiologiya xizmati sifatini oshirish, uning moddiy-texnik bazasini yaxshilash va zamonaviy laboratoriyalar tashkil etishga 200 million dollar yo'naltiriladi.

  Pandemiya saboqlaridan kelib chiqqan holda, tibbiyot sohasini raqamlashtirish ko'lami yanada kengaytiriladi. Jumladan, barcha tibbiyot muassasalarida masofaviy xizmatlarni ko'paytirish, poliklinika va kasalxonalarni elektron ish yuritishga o'tkazish choralari ko'riladi.

  Shuningdek, respublika ixtisoslashgan tibbiyot markazlari va ularning filiallari o'rtasida telemeditsina yo'lga qo'yilib, diagnostika va davolash uchun joylardagi imkoniyatlar yanada kengaytiriladi.

  Ikkinchidan, ona va bola sog'lig'iga e'tibor – jamiyatga, kelajakka e'tibor. Shu maqsadda, keyingi yildan boshlab, 15 yoshgacha bo'lgan bolalar va homilador ayollarga 7 turdagi vitaminlar, bolalar uchun parazitar kasalliklarga qarshi dori vositalari bepul tarqatiladi.

  Bu jarayon bilan 2021-yilda 11 million nafar, 2022-yilda 17 million nafar aholi qamrab olinadi va bu ishlarga 100 milliard so'm mablag'yo'naltiriladi.

  Ayollar va bolalarni yod, temir, foliy kislotasi, vitaminlar va parazitlarga qarshi dorilar bilan bepul ta'minlash orqali aholi o'rtasida kamqonlik 25 foizga kamaytiriladi.

  Uchinchidan, tibbiyotning birlamchi bo'g'inini kuchaytirish, ayniqsa, qishloq va mahallalarda tibbiy xizmatni sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarish zarur.

  Bu borada birlamchi bo'g'inda umumiy amaliyot shifokori o'rniga oilaviy shifokor va unga 5 ta yordamchi-hamshiradan iborat tibbiy brigadalar tashkil qilinadi.

  Har bir mahallada, eng avvalo, 5 yoshgacha bolalar, shuningdek, tug'ish yoshidagi va homilador ayollar, nogironligi bo'lganlar, qon-tomir, onkologik, endokrin kabi kasalliklarga moyilligi bo'lgan fuqarolar bilan ishlashning alohida tizimi joriy etiladi.

  Shu bilan birga, davlat tomonidan bepul tibbiy xizmatlar va dori vositalari ro'yxati qayta shakllantirilib, ular bilan aholini kafolatli ta'minlash tizimi bosqichma-bosqich yo'lga qo'yiladi.

  Shuningdek, tibbiy xizmatlar ko'rsatishda birlamchi bo'g'in qamrovini kengaytirish maqsadida kelgusi 3 yilda 315 ta oilaviy shifokor punkti va 85 ta oilaviy poliklinika ishga tushiriladi.

  Bundan tashqari, "Qishloq shifokori" dasturi doirasida olis hududlarda ish boshlaydigan mingdan ortiq vrachlarga 30 million so'mdan yordam puli beriladi hamda ular xizmat uylari bilan ta'minlanadi.

  Olis va chekka hududlarda birlamchi va ixtisoslashgan tibbiy yordam ko'rsatish va ehtiyojmand aholi uchun skrining tadbirlariga xususiy shifoxonalar ham jalb qilinib, ularga subsidiya ajratiladi.

  Aholiga eng yaqin, uning salomatligi bilan bevosita shug'ullanadigan o'rta bo'g'in tibbiyot xodimlari – hamshira va feldsherlarning obro'si va mavqeini oshirishga alohida urg'u beramiz.

  Jumladan, 47 ta Ibn Sino texnikumini har yili bitiradigan 20 mingdan ortiq o'g'il-qizlarimiz tibbiyotning bir nechta sohalarida kasb egasi bo'lib chiqadi.

  Shuningdek, o'rta bo'g'in tibbiyot xodimlariga "Hamshiralik ishi" bilan mustaqil shug'ullanish uchun ruxsat beriladi.

  To'rtinchidan, hozirgi kunda 12 mingdan ziyod fuqarolarimiz oq qon va og'ir irsiy gematologik kasallikdan aziyat chekmoqda. Shu sababli kelgusi yilda onko-gematologiya sohasi hamda davolash qiyin bo'lgan kasalliklar bo'yicha murakkab diagnostika va tibbiy amaliyotlar uchun byudjetdan 250 milliard so'm ajratiladi.

  O'tkir buyrak etishmovchiligi bo'lgan 5 mingdan ortiq bemor esa ilk bor bepul gemodializ xizmati bilan qamrab olinadi va shu maqsadlar uchun byudjetdan 140 milliard so'm yo'naltiriladi.

  Shuningdek, endokrin kasalliklarni aniqlash va davolash maqsadida hududiy shifoxonalarda maxsus bo'limlar tashkil etiladi. Buning uchun 2021 yilda byudjetdan 150 milliard so'm ajratiladi.

  Yana bir masala – aholimizning katta qismini qiynaydigan o'tkir qon-tomir kasalliklari bo'yicha 35 ta tumanlararo markaz tashkil etamiz. Ushbu markazlar aholiga infarkt va insult holatlarida tezkor va malakali tibbiy yordam ko'rsatish orqali o'lim va nogironlikni kamaytirishga xizmat qiladi. Shu tariqa har yili kamida 30 ming nafar insonning hayoti saqlab qolinadi.

  Beshinchidan, jismoniy tarbiya va sportni yanada ommalashtirish aholi salomatligini ta'minlashda muhim omildir.

  Kelgusi yilda 70 ta jismoniy tarbiya va sport muassasasi, 16 mingta bog'cha va maktablarni sport jihozlari bilan ta'minlashga 100 milliard so'm ajratiladi.

  Shuningdek, barcha tuman markazlari va shaharlarda piyodalar va velosiped yo'laklari barpo etiladi.

  Aholini ommaviy sport turlariga keng jalb qilish orqali 2021 yilda qamrov hozirgi 19 foizdan 25 foizga yetkaziladi.

  Sport haqida gapirganda, yana bir muhim vazifa oldimizda turganini ta'kidlab o'tmoqchiman. Yaqinda Osiyo Olimpiya kengashi 2025-yilda yoshlar o'rtasida Osiyo o'yinlarini Toshkent shahrida o'tkazish bo'yicha qaror qabul qildi. Bu mamlakatimizga ko'rsatilgan katta ishonch, desak, to'g'ri bo'ladi.

  Ayni vaqtda, buning mas'uliyati ham katta ekanini, o'ylaymanki, barchamiz yaxshi tushunamiz. Qit'amiz miqyosidagi ushbu musobaqaga hozirdan boshlab puxta tayyorgarlik ko'rishimiz lozim.

  Oltinchidan, xalqimizning madaniy-ma'rifiy hayotini yuksaltirish masalalariga alohida e'tibor qaratiladi.

  Bunda madaniyat va san'at muassasalari faoliyatini jonlantirish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga byudjetdan 420 milliard so'm yo'naltiriladi. Jumladan, hududlarda 22 ta teatr va madaniyat ob'ekti quriladi va rekonstruksiya qilinadi.

  Toshkent shahrining markazida – Milliy akademik drama teatri, mashhur yapon arxitektori Ando loyihasi asosida yangi san'at muzeyi, zamonaviy kutubxona hamda Alisher Navoiy nomidagi xalqaro ijod maktabidan iborat madaniyat va ma'rifat majmuasini barpo etish bo'yicha amaliy ishlar boshlanadi.

  Mustaqilligimizning 30 yilligiga bag'ishlab poytaxtimiz markazida "Istiqlol" majmuasi qad rostlaydi.

  Ilgari ko'p yillar davomida o'tkazib kelingan Toshkent xalqaro kinofestivali "Ipak yo'li durdonasi" Toshkent xalqaro kinofestivali nomi bilan qayta tashkil etiladi.

  Shu o'rinda yana bir muhim masalaga alohida to'xtalib o'tmoqchiman.

  Boy tariximiz durdonasi bo'lgan 7 mingdan ziyod madaniy meros ob'ektini asrab-avaylab, kelajak avlodlar uchun bezavol yetkazishimiz zarur. Afsuski, keyingi paytlarda bebaho madaniy merosimiz bo'lgan ayrim obidalarimizga zarar yetkazish holatlari uchrayotgani bu borada e'tibor susayganidan dalolat beradi.

  Bu ish nafaqat Madaniyat vazirligi, balki mahalliy hokimliklar, mahalla, ommaviy axborot vositalari va keng jamoatchilikning ham diqqat markazida bo'lishi kerak.

  Hukumat bir oy muddatda madaniy meros ob'ektlarining hisobini yuritish, saqlash va himoyasini ta'minlash bo'yicha alohida dastur qabul qilishi lozim.

 

Manba: https://president.uz/uz/

https://president.uz/uz/

https://president.uz/uz/

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>