«Prezident qarorlari — hayotda va nazoratda»
2021-YIL 1-APRELDAN IJRO INTIZOMIGA MAS'UL BO‘LINMA RAHBARLARI PREZIDENT ADMINISTRATSIYASINING IJRO INTIZOMINI TA'MINLASH SHO‘BASI BILAN KELISHILIB, LAVOZIMGA TAYINLANADI VA OZOD ETILADI
  • 22.02.2021
  • 515

  O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2021-yil 10-fevraldagi PF–6166-son Farmonining mohiyati va ahamiyati

  Farmonning maqsadi

  Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etish va monitoring qilishning ta'sirchan tizimini yaratish, Prezidentning Oliy Majlisga 2020-yil 29-dekabrdagi Murojaatnomasida, shuningdek, 2016–2021-yillardagi tarmoq va hududiy rivojlanish dasturlarida belgilangan maqsadlarga erishishni so‘zsiz ta'minlash bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi, davlat boshqaruvi organlari rahbarlari hamda barcha darajalardagi hokimlarning shaxsiy javobgarligini kuchaytirish.

  Farmonning mohiyati va ahamiyati

  Davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari ijro intizomini mustahkamlashda quyidagi ustuvor vazifalarga alohida e'tibor qaratishi lozim:

  • qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar loyihalari tayyorlanishi ustidan shaxsiy nazoratni tashkil etish;
  • qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrochilarga tezkor yetkazilishi, mohiyati va ahamiyati keng jamoatchilik o‘rtasida tushuntirilishi ustidan shaxsiy nazoratni ta'minlash;
  • qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi amalda nazorat qilinishini shaxsan tashkil etish;
  • qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning mohiyati hamda ahamiyatini tushuntirish maqsadida OAVda shaxsiy fikr-mulohazalarini bildirish;
  • qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar o‘z vaqtida, to‘liq va natijali ijro etilishi shaxsan tanqidiy tahlil qilinishini ta'minlash.

  Adliya vazirligiga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatildi:

  • qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning amalga oshirilishini ta'minlash yuzasidan o‘rganishlar olib borish va joylardagi holat monitoringini yuritish;
  • “Prezident qarorlari – hayotda va nazoratda” rukni ostida jamoatchilik nazorati vositalaridan keng foydalanish;
  • qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning amalda bajarilishiga to‘sqinlik qilayotgan muammolar va omillarni aniqlash;
  • davlat organlari va tashkilotlariga qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi yuzasidan huquqiy-uslubiy ko‘maklashish.

  “Ijro.gov.uz” orqali qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosini nazorat qilishda:

  Adliya vazirligi:

  • qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarni “Ijro.gov.uz” tizimiga kiritadi va tizim orqali ularning ijro etilishini nazorat qiladi;
  • qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijro holati to‘g‘risidagi ma'lumotni har oyda Prezident Administratsiyasi va Hukumatga kiritadi.

  Vazirlar Mahkamasi:

  • qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning Hukumat tizimidagi tashkilotlar tomonidan ijro etilishini “Ijro.gov.uz” tizimida nazorat qiladi;
  • “Ijro.gov.uz”da Hukumat tizimidagi tashkilotlar – mas'ul ijrochilar tomonidan kiritilib, Adliya vazirligi tomonidan tekshirilgan ma'lumotlar to‘liqligi va haqqoniyligini tekshiradi.

  Hisob palatasi:

  • “Ijro.gov.uz”da mas'ul ijrochilar tomonidan kiritilib, Adliya vazirligi va Hukumat tomonidan tekshirilgan ma'lumotlar to‘liqligi va haqqoniyligini tekshiradi hamda ularni nazoratdan yechadi;
  • qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarda belgilangan ijro muddatlarini uzaytirish haqidagi Adliya vazirligi va Hukumat tomonidan ko‘rib chiqilgan takliflar bo‘yicha Prezident Administratsiyasiga xulosalarni kiritadi;
  • qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijro holati bo‘yicha har chorakda Prezident Administratsiyasiga axborot kiritib boradi;

  Prezident Administratsiyasi:

  • qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosini nazorat qiluvchi tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtiradi;
  • zarurat bo‘lganda, nazoratdan yechilgan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarni qayta nazoratga qo‘yadi;
  • qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar muddatini uzaytirish bo‘yicha Hisob palatasi tomonidan berilgan xulosalarni ko‘rib chiqadi;
  • qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijro etilishini tashkil etish borasidagi faoliyat samaradorligini oshirish, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlari mansabdor shaxslarining ijro intizomini ta'minlashdagi mas'uliyatini kuchaytirish yuzasidan Prezidentga takliflar kiritib boradi.

  2021-yil 1-apreldan barcha respublika darajasidagi davlat organlari hamda viloyat hokimliklarining ijro intizomiga mas'ul bo‘linmalari rahbarlari Prezidenti Administratsiyasining Ijro intizomini ta'minlash sho‘basi bilan kelishilib lavozimga tayinlanadi va ozod etiladi.

  2021-yil 1-maydan ijroni nazorat qilish, nazorat kartotekalarini yuritish va hisobotlarni shakllantirish faqat “Ijro.gov.uz” tizimida amalga oshiriladi.

 

 

Manba: Huquqiy axborot https://t.me/huquqiyaxborot/9125

Batafsil: http://uzbekistonmet.uz/oz/lists/view/32

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>