OAV va jamoatchilik bilan ishlash
minenergy.uz — “SAG‘BON” PODSTANSIYASINING QUVVATINI OSHIRISHGA QARATILGAN VAZIFALAR BOSQICHMA-BOSQICH AMALGA OSHIRILMOQDA
  • 06.06.2023
  • 168

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda bakiroo telegram kanali asoschisi Otabek Bakirov tomonidan Toshkent shahrida joylashgan 110/35/10 kV “SAG`BON” podstansiyasida olib borilayotgan yangilanish ishlari sababli Toshkent shahri va Toshkent tumanida elektr energiyasida muntazam ravishda uzilishlar bo‘layotganligi haqida tanqidiy xabar e'lon qilindi.

 

 

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ mazkur holat yuzasidan quyidagilarni ma'lum qiladi:

110/35/10 kVA “Sag‘bon” podstansiyasi 1968-yilda ishga tushirilgan bo‘lib, 38 ta fider orqali 17 ta mahallaga elektr energiyasi taqsimlaydi. Umumiy aholi iste'molchilari soni 19 ming 120 tani tashkil etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent shahri iste'molchilarini energiya resurslari bilan barqaror ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 2023-yil 11 martdagi qarori asosida mazkur podstansiyani rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan.

Qaror doirasida yuqori kuchlanishli “Sag‘bon” podstansiyasidagi o‘ta zo‘riqish bilan ishlab kelayotgan, quvvati 25000 kVA bo‘lgan kuch transformatori quvvati 40000 kVA bo‘lgan transformatorga almashtirildi.

Kuch transformatorini katta quvvatlisiga almashtirish jarayonini o‘z vaqtida xavfsiz olib borish maqsadida 40 nafardan ortiq malakali mutaxassislar va 10 dan ziyod maxsus transport vositalari jalb etildi hamda iste'molchilar ma'lum muddat elektr energiyasidan ajratildi.

Shu o‘rinda joriy yilning 25-may kuni qaror asosida belgilangan 25000 kVA bo‘lgan kuch transformatorining ikkinchisi katta quvvatlisiga almashtirilgan bo‘lsa, joriy yilning 26-mart  kuni birinchi kuch transformatori almashtirilgan edi. Ta'kidlash kerakki, transformator, Otabek Bakirov yozganidek, bir necha marotaba almashtirilmagan.

Joriy yilning 22-may  kuni podstansiyaning kabel tarmog‘idagi nosozlik bois hududlarda uzilish yuzaga kelgan va tezkor brigada tomonidan tiklash ishlari olib borilgan.

 

 

 

2023-yilning 24-mart  kuni 25000 kVA bo‘lgan kuch transformatoridagi yuklama sabab uzilish yuzaga kelgan va tezkor brigada tomonidan 40 daqiqa mobaynida iste'molchilar tarmoqqa qayta ulangan. Aynan shu jarayondan so‘ng mazkur kuch transformatorlarini katta quvvatlisiga almashtirish ishlari boshlangan.

Joriy yilning fevral oyi boshida  kuzatilgan sovuq harorat oqibatida podstansiyaga tushgan yuklama transformatorlarda nosozlikni yuzaga keltirgan hamda  ta'mirlash ishlarini xavfsiz bajarish maqsadida iste'molchilar tarmoqdan ajratilgan.

Podstansiya orqali iste'molchilarni elektr energiya bilan barqaror ta'minlash, tarmoqlarda yuz berishi mumkin bo‘lgan avariyaviy o‘chishlar salmog‘ini keskin qisqartirish va elektr energiyasi ta'minoti ishonchliligini oshirish maqsadida kelgusida ham podstansiyaning turli butlovchi qismlarini yangilash rejalashtirilganligini bildiramiz.

 

 

Qo‘shimcha o‘rnida shuni aytish kerakki, podstansiyada kuch transformatori katta quvvatlisiga almashtirilgandan keyin boshqa qurilmalar ham sinovdan o‘tkazilishi lozim va bu jarayonda iste'molchilar tarmoqdan to‘liq ajratiladi.

Bu ishlarni olib borishda aholi xonadonlarini uzoq muddat elektr energiyasidan ajratmaslik maqsadida modernizatsiya ishlari ma'lum vaqt oralig‘ida bajarilgan.

Shuningdek, xabarda keltirilgan “Milliardlab mablag‘lar sarflanmoqdami?» degan savolga Otabek Bakirovga podstansiya xarajatlarini to‘liq ochiqlashga tayyor ekanligimizni aytib o‘tamiz.

Olib borilayotgan mukammal ta'mirlash ishlari O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi hamda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ nazoratida ekanligini alohida ta'kidlash lozim.

Xususan, joriy yilning fevral oyida Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov ushbu podstansiyada bo‘lib, vujudga kelgan avariyaviy hodisa sabablarini o‘rgangan, mas'ullarga zarur topshiriq va ko‘rsatmalarni bergan edi.

 

 

Shuni aytish kerakki, yuqori kuchlanishli podstansiyalarda kuch transformatorini almashtirish murakkab texnik jarayon bo‘lib, o‘z navbatida, ma'lum vaqt va mehnat talab etadi. Shuni e'tiborga olgan holda, elektr energiyasi iste'molchilaridan barqaror elektr energiyasi ta'minoti uchun olib borilayotgan sa'y-harakatlarga xayrixoh bo‘lishlarini so‘raymiz.

O‘z navbatida, 110/35/10 kVA “SAG`BON” podstansiyasida olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida Otabek Bakirovni ushbu podstansiyaga taklif qilamiz.

yetkazilgan noqulayliklar uchun iste'molchilardan uzr so‘raymiz hamda bu kabi sozlash-ta'mirlash ishlari davom etishini yana bir karra eslatib o‘tamiz. Mazkur o‘zgarishlarning barchasi iste'molchilarni kelgusida elektr energiyasi bilan barqaror ta'minlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

"Hududiy elektr tarmoqlari" AJ Matbuot xizmati

Manba: https://minenergy.uz/uz/news/view/2883

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>