Yangiliklar
Markaziy Osiyo birlashgan energotizimida favqulodda holat yuz berdi
  • 17.04.2021
  • 417

  Bu haqda “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati axborot xizmati Milliy dispetcherlik markazi maʼlumotlariga tayanib xabar berdi.

  «Bugun, 2021-yil 17-aprel soat 15:24da Markaziy Osiyo Birlashgan energotizimida Qozogʻiston va Qirgʻiziston energotizimlarini bogʻlovchi 500 kV kuchlanishga ega L–514 elektr tarmogʻi (“Chu” hamda “Frunze” podstansiyalarini bogʻlovchi) nosozlik tufayli favqulodda oʻchdi. Buning natijasida Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Janubiy Qozogʻiston energotizimlari Rossiya Federatsiyasi yagona energotizimidan maʼlum muddat ajraldi, elektr toki chastota miqdori 48,61 Gs miqdorgacha pasaydi (chastota miqdori 50,0 Gs boʻlishi lozim).

  Chastota pasayishi natijasida (nosozlik taʼsirida) “Toshkent issiqlik elektr stansiyasi”da quvvati 370 MVt boʻlgan 1-son bugʻ-gaz qurilmasi favqulodda oʻchdi. Shuningdek, tizimda chastota pasayishiga qarshi avtomatika qurilmalari ishlab, respublikaning oʻn ikkita hududida (Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatidan tashqari barcha hududlarda) umumiy quvvati 780 MVtga teng isteʼmolchilar vaqtincha tarmoqdan uzildi.

  Oʻz vaqtida koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida soat 15:29 da (5 daqiqadan soʻng) elektr toki chastotasi 50,00 Gs miqdorgacha koʻtarildi va isteʼmolchilar avtomatik tarzda tarmoqqa qayta ulandi. Oʻchish natijasida respublika boʻyicha isteʼmolchilarga 144 525 kVt•soat miqdoridagi elektr energiya yetkazib berilmadi.

  Soat 16:19da Qozogʻiston va Qirgʻiziston energotizimlarini bogʻlovchi L-514 havo tarmogʻi ulanib, Markaziy Osiyo Birlashgan energotizimi Rossiya Federatsiyasi yagona energotizimi bilan parallel (mutanosib) ish rejimi qayta tiklandi. Soat 16:28da “Toshkent IES”da 1-son bugʻ-gaz qurilmasida ishga qayta kiritish boʻyicha ishlar boshlandi.

  Ayni paytda Oʻzbekiston energotizimi Markaziy Osiyo va Rossiya Federatsiyasi yagona energotizimi bilan barqaror faoliyat yuritmoqda. Isteʼmolchilar sifatli koʻrsatkichlarga ega elektr energiyasi bilan taʼminlanmoqda» deyiladi xabarda.

https://parstoday.com/uz/news/middle_asia-i60518

https://xs.uz/uz/54357

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>