OAV va jamoatchilik bilan ishlash
E'ZOZ UCHUN YARALGAN AYOL!
  • 07.03.2021
  • 2203

  Yurtimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi o'rni va mavqeini mustahkamlash borasida davlat ahamiyatiga molik tarixiy ishlar amalga oshirilmoqda.

 

  Zero, jamiyatda siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy-ma'naviy muhit barqarorligi va taraqqiyoti Davlatimiz rahbari ayollarning jamiyatdagi o'rni va roliga yuqori baho berib, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, xotin-qizlarimizning bilimdon, zamonaviy mutaxassis, malakali kasb egalari bo'lishlari hamda sog'lom va mustahkam oila qurishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, onalar va bolalar sog'lig'ini muhofaza qilish davlatimiz, jamiyatimizning doimiy e'tiboridagi ustuvor vazifa ekaniga alohida e'tibor qaratmoqda.

  Millatning o'ziga xos ma'naviyatini shakllantirish va yuksaltirishda shubhasiz, oilaning, oilada esa ayolning o'rni va ta'siri beqiyos.

  Chunki insonning eng sof va pokiza tuyg'ulari, ilk hayotiy tushuncha va tasavvurlari birinchi galda oila bag'rida va ona tarbiyasi bilan shakllanadi. Yurtimiz xotin-qizlarining jamiyatdagi o'rni, ularning oilaga bo'lgan munosabatlari, ijtimoiy hayotdagi roli g'oyat muhim ahamiyatga egaligi bois ularning mavqei ham har jihatdan yuqori baholanmoqda. Jahon hamjamiyati, nufuzli xalqaro tashkilotlar e'tirofiga ko'ra, O'zbekiston ayollar uchun munosib muhit yaratgan mamlakatlar qatoriga kiritilmoqda. Bir so'z bilan aytganda, yurtimizda azal-azaldan muhtarama ayollarga yuksak ehtirom ko'rsatib kelinadi.

 

  Uchinchi Renesansga qadam qo'yayotgan yangi O'zbekistonni barpo etish yo'lida fidokorona mehnatda aynan ayollarimizning alohida o'rni borligi ko'ngilda faxr tuyg'usini yuksaltiradi. Yurtimizda fasllar kelinchagi bahor ayolga ehtirom bilan boshlanadi va bu e'tibor yil davomida ayollarga shijoat, mehr-muhabbat va fidoyilikni baxsh etib turadi. Zotan, ayoli e'zozlangan yurtda yashashning o'zi saodat, shunday emasmi?!

 

  "Bir haqiqat ayonki, har qanday xalqning ma'naviy darajasini avvalo shu yurt ayollarining ma'naviy saviyasi belgilaydi. Bugungi quvonchli ayyomda dunyoda "Fidoyi" degan so'zga eng munosib bo'lgan ona siymosi oldida ta'zim qilamiz. Hayotimiz quvonchi, xonadonlarimiz ko'rki bo'lmish aziz ayollarimiz sha'niga eng go'zal tilaklarimizni izhor etamiz. Ayol siymosi Yaratganning tengsiz mo''jizasi bo'lib kelgan va hamisha shunday bo'lib qoladi", – deydi hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev.

  Xalq roziligi, avvalo, muhtarama onalar, xotin-qizlarning roziligi bilan bog'liqligi, ularning sog'-salomat bo'lib, baxtli yashashini ta'minlash barcha islohotlarning asosiy maqsadi va mezoni ekani ta'kidlangan.

 

  Ayollar o'zining sog'liqni saqlash, ta'lim-tarbiya, ilm-fan, madaniyat, san'at, sanoat va boshqa sohalarda samarali mehnat qilib, yurtimiz rivojiga beqiyos hissa qo'shib kelmoqda. Xususan energetika sohasi ham bundan mustasno emas.

  Aytish kerakki, bugungi kunda "O'zbekiston milliy elektr tarmoqlari" aksiyadorlik jamiyatida umumiy tarzda 1000 dan ziyod va Markaziy boshqaruv apparatida esa 100 dan ortiq xotin-qizlar faoliyat olib borishmoqda. Biz ayni fursatdan foydalangan holda barcha ayollarni 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan chin yurakdan muborakbod etamiz!

  Sizlarning mana shunday ochilib, hayotdan rozi bo'lib yurishingiz uchun, sizlarning baxtu saodatingiz uchun doimo sidqidildan xizmat qilishga tayyormiz, aziz ayollar! Istaymizki, mana shunday quvonchli kunlarimiz ko'p bo'lsin!

  Orif To'xtashev, "O'zbekiston milliy elektr tarmoqlari" aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining ma'naviy-ma'rifiy ishlari bo'yicha maslahatchisi


"O'zbekiston MET" AJ axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>