Yangiliklar
Yoqilg‘i-energetika sohasida tashqi qarz mablag‘larini sarflash yo‘nalishlari va loyihalar samaradorligi
  • 07.04.2021
  • 479

  Ma'lumki ayrim ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida davlat kafolati ostida jalb qilinayotgan tashqi qarzlar asosida amalga oshirilayotgan loyihalar yuzasidan ko‘plab muhokamalar kuzatiladi. Ushbu loyihalar doirasida yoqilg‘i-energetika kompleksi sohasida energiya resurslarini ishlab chiqarish va yetkazib berish borasida mablag‘larning sarflanishi va loyihalar natijadorligi to‘g‘risida ma'lumot berib o‘tamiz.

  Shu kunga qadar soha faoliyatini takomillashtirish, ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, texnik va texnologik jihatdan tubdan yangilash maqsadida davlat kafolati ostida tashqi qarzlarni jalb qilish bo‘yicha jami 61 ta bitim imzolangan. Shundan 50 ta shartnoma elektr energetika yo‘nalishiga, 11 ta shartnoma esa neft va gaz yo‘nalishiga to‘g‘ri keladi. Mazkur bitimlarning umumiy qiymati 9 milliard 914 million dollarni tashkil etib, shundan jalb qilingan qiymati 5 milliard 722 million dollarni tashkil etadi.

  Korxonalar misolida ko‘radigan bo‘lsak, 2020-yilda “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Investitsiya dasturi doirasida davlat kafolati ostida jalb qilinayotgan xorijiy mablag‘lar hisobiga 4 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Jumladan, Uzbekistan JTL loyihasi, Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida ishlab chiqarish quvvatini oshirish loyihasi, 2017-2021-yillarda qazib chikarishni oshirish dasturi va Uglevodorodlarni qazib chiqarishni oshirish dasturlari hisoblanadi.

  Uzbekistan JTL loyihasining umumiy qiymati 3,6-milliard dollarni tashkil etib, shundan 2,3-milliard dollari Xalkaro moliya instituti va xorijiy moliya tashkilotlari hisobiga to‘g‘ri keladi.

  Hozirgi kunda Uzbekistan JTL zavodida loyihalashtirish ishlari 99 foizga va qurilish-montaj ishlari 95 foizga bajarildi. Ob'ektda 13 mingdan ortiq ishchi va muhandislar ishlamoqda. Qurilish ishlarini dekabr oyida yakunlash rejalashtirilgan bo‘lib, joriy yilning iyul oyiga borib mahsulotlar ishlab chiqarilishini boshlash rejalashtirilgan.

  Loyiha ishga tushgandan so‘ng yiliga 3,6 milliard kub metr gaz qayta ishlanib, undan 1,5 million tonna sintetik suyuq yonilg‘i ishlab chiqariladi. Shundan 307 ming tonnadan ortiq aviakerosin, 724- ming tonnadan ziyod dizel yonilg‘isi, 437- ming tonnadan ortiq nafta va 53- ming tonnadan ziyod suyultirilgan gaz ishlab chiqariladi. Ahamiyatlisi, mazkur JTL loyihasi doirasida 1 ming 321 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Yiliga 7,8 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqariladi. 123 million dollardan ortiq  mahsulot eksport qilinadi va 1,5 trillion so‘m mablag‘lar davlat byudjetiga soliq to‘lanadi.

  Tobora rivojlanayotgan energetika bozori fonida JTL yoqilg‘isidan foydalanish havo chiqindilarini kamaytirishning eng samarali, tejamkor va xavfsiz usuli bo‘lib xizmat qiladi.

  Shuningdek, Elektr energiyasi ta'minotini yaxshilash maqsadida “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan jami 8-ta loyihalar amalga oshirildi. Xususan, Toshkent issiqlik elektr stansiyasida quvvati 370 megavattga teng 1-ta, Talimarjon issiqlik elektr stansiyasida quvvati 900 megavattga teng 2-ta, Navoiy issiqlik elektr stansiyasida quvvati 450 megavattga teng  ikkinchi, To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasida quvvati 900 megavattga teng 2- ta, Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasida quvvati 560 megavattga teng 2-ta  bug‘-gaz qurilmalari qurilib foydalanishga topshirildi.

  Birgina To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasining to‘liq ishga tushirilishi natijasida, Farg‘ona vodiysida, shu jumladan Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida elektr energiyasiga bo‘lgan asosiy ehtiyojini qondirishga imkon berdi. Shuningdek, mazkur stansiyada 300 ta yangi ishchi o‘rinlari yaratildi. Ob'ekt qurilish davrida jami 2 ming 600 ga yaqin muhandis va ishchi xodimlar jalb qilindi, shundan 1 ming 903 nafari, ya'ni 76 foizi mahalliy mutaxassislarni tashkil etdi.

  Yana bir yirik loyiha – elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi, ya'ni ASKUE loyihasi joriy etilmoqda. Mazkur loyihaning umumiy qiymati 552 million dollarni tashkil qiladi. Shu kunga qadar respublika bo‘ylab 6,5 millionga yaqin zamonaviy elektr hisoblagichlar iste'molchilarga o‘rnatildi.

  Xulosa qilib aytganda, ushbu investitsiya loyihalari doirasida olib borilayotgan ishlar mamlakatimiz yoqilg‘i-energetika tarmog‘ini rivojlantirishga, buning natijasida iste'molchilarni energiya resurslari bilan ta'minlash sifatini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi

Energetika vazirligi Matbuot xizmati

http://minenergy.uz/uz/news/view/1202

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

 

>